Iqtisodiyot | 18:42 / 05.05.2026
3416
2 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlarni qiynayotgan soliqqa oid ayrim muammolar bo‘yicha prezidentga takliflar kiritildi

QQS guvohnomasini to‘xtatib qo‘yish tartibini takomillashtirish, kafe-restoranlar uchun QQS keshbekini olishni osonlashtirish, soliq qarzi bo‘yicha hisoblanayotgan penya asosiy qarz summasidan oshib ketmasligi bo‘yicha normani joriy etish va boshqa takliflar shular jumlasidan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 may kuni tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan muammoli masalalarni hal etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Rasmiy relizga ko‘ra, taqdimotda jumladan quyidagi takliflar ilgari surilgan:

  • umumiy ovqatlanish korxonalariga qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish tartibini soddalashtirish;
  • ayrim savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish obektlari uchun ekologik ekspertiza hamda kompensatsiya to‘lovlari bilan bog‘liq tartiblarni yengillashtirish;
  • mehnat munosabatlarida ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi ayrim tartib-taomillarni aniqlashtirish;
  • soliq imtiyozlarini qo‘llashda yuzaga kelayotgan nizoli holatlarni bartaraf etish;
  • soliq qarzdorligi bo‘yicha hisoblanayotgan penya asosiy qarz summasidan oshib ketmasligi bo‘yicha normani joriy etish;
  • chek bermaslik holati yuzasidan xabar yuborish tizimini suiiste’mol qilish holatlarining oldini olish;
  • QQS guvohnomasini to‘xtatish tartibini takomillashtirish.

Rasmiy xabarda yuqoridagi takliflarning detallari keltirilmagan. Davlat rahbari tadbirkorlar uchun qulay sharoitlarni kengaytirish yuzasidan topshiriqlar bergani aytilgan.

Avvalroq Kun.uz bilan suhbatda soliq maslahatchilari Murod Muhammadjonov va Nodirbek Xo‘jabekov tadbirkorlarni qiynayotgan soliqqa oid qator muammolarni sanab o‘tgan edi. Ular, jumladan, ko‘plab holatlarda QQS guvohnomasi asossiz to‘xtatib qo‘yilishi, hatto guvohnomani tiklash bo‘yicha sud qarori chiqqanidan keyin ham uning ijrosi cho‘zilishini aytgan edi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid