Jamiyat | 20:00 / 13.05.2018
16183
4 daqiqa o‘qiladi

Maktablardagi yig‘a-yig‘ illati o‘quvchini maktabdan bezdiradi - jamoaviy murojaat

Jamoaviy murojaatlar portali — Meningfikrim.uz’da fuqaro Jamshid Xoliqov muallifligida «Maktablarda o‘quvchilardan, ularning ota-onalaridan pul yig‘ish holatlariga barham berish va bunga yo‘l qo‘ygan shaxslarga javobgarlik belgilash lozimligi» to‘g‘risida taklif joylashtirildi.

Jamoaviy murojaat matni quyidagicha:

«Umumiy o‘rta ta'lim maktablarida o‘quv yili boshidan to oxiriga qadar har chorakda o‘tkaziladigan ota-onalar yig‘ilishlarida mablag‘ yig‘ish masalasi muhokama qilinadi. Bu odatiy holga aylanib qolgan. Ushbu salbiy illatga bugun barham berilmasa, kelajakda bolalarimiz maktablarda o‘qish o‘rniga, aytilgan mablag‘ni yetkaza olmagani uchun o‘qituvchi va sinfdoshlari oldida izza bo‘lishi, bu esa ularning ruhiy holati va o‘qishiga bo‘lgan qiziqishining susayishiga olib kelishi mumkin.

«Bolalaringiz uchun», deb turli narsalarga (xususan, supurgi va chelakdan tortib, tug‘ilgan kun va bitiruv kechasi tadbirlari o‘tkazilishi kabilarga) pul yig‘ish holatlari soni ortib bormoqda.

Ota-onalar va oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyati va mavqelari bolalarining bir xil muhit va sharoitlardagi maktablarda tahsil olishiga o‘z ta'sirini o‘tkazmasligi kerak, deb o‘ylayman.

O‘quvchilar o‘rtasida ijtimoiy jihatidan tabaqalashuvning yuzaga kelishi turli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin va buning natijasida o‘quvchi ruhiy bosim ostida qolishi mumkin. Kelajakda bolalarimizning toza vijdon va sog‘lom fikr egalari va aql-idrokli bo‘lib voyaga yetishlari uchun umumiy o‘rta ta'lim maktablari faoliyatini pul yig‘ish kabi illatdan xoli qilishda jonbozlik ko‘rsataylik!» — deyiladi murojaatda.

«Shu sababli, ushbu noqonuniy jarayonga taqiq qo‘yilishi hamda tegishli javobgarlik choralari va jarimalar belgilanishini so‘rab qolaman!» — deb tugatadi o‘z murojaatini Jamshid Xoliqov.

Murojjat ostida ko‘plab hamyurtlarimiz o‘z fikrlarini yozib qoldirishgan. Jumladan, Furqat Davlatov bu borada o‘z fikrlarini quyidagicha ifoda etgan:

«O‘rta ta'lim maktablarida pul yig‘ish illati — bolalarimizning hamma narsani pul bilan o‘lchash dunyoqarashida tarbiyalaydi. Chunki o‘rta maktablardagi direktordan boshlab o‘qituvchilar va ota-onalar qo‘mitasi (bu yangilik puxta o‘ylab chiqilgan) orqali yig‘iladigan pul yig‘imlari — poraxo‘rlik, o‘g‘rilikdan battar illat. Turli bahonali yig‘imlarni bolalarimizni to‘lashga majbur qilishadi, aks holda kamsitish, o‘qituvchilar butun sinf jamoasini to‘lamayotgan o‘quvchiga qarama-qarshi qo‘yishadi, ruhiyatini shikastlantiradi. Albatta, bunday muhitda tarbiyalanayotgan o‘quvchilar hayotda hamma narsani pul bilan o‘lchaydigan insonlar bo‘lib yetishadi, agar ruhan sinishmasa. Yashash joyidan kam ta'minlanganligi to‘g‘risida ma'lumotnoma talab qilish, bu — uni kamsitish uchun yaratilgan hiyla-nayrang, ushbu ma'lumotnoma avvallari yordam ko‘rsatish uchun so‘ralar edi va oshkora aytilmas edi. Maktabda o‘rgatilgan poraxo‘rlik bolalarimizning iymonli, vijdonli bo‘lib voyaga yetishlariga xizmat qilmasligi aniq!».

Mavzuga oid