O‘zbekiston | 08:05 / 11.12.2021
4131
2 daqiqa o‘qiladi

Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi Vazirlar Mahkamasiga o‘tkazildi

Foto: Kun.uz

Prezidentning “Madaniyat va san'atni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi amaldagi moliyalashtirish tartibi va shtatlar soni saqlangan holda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi etib qayta tashkil qilindi.

Jamg‘arma Vazirlar Mahkamasining Turizm, sport, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kotibiyati tarkibiga kiritildi. Quyidagilar jamg‘armaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

  • madaniyat va san'at sohasini yanada rivojlantirishga ko‘maklashish, shuningdek, madaniyat arboblarini hamda tasviriy san'at, adabiyot, teatr, musiqa va xoreografiya sohalarida ularning tashabbusi bilan tashkil etiladigan tadbirlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;
  • xalqaro va davlatlararo madaniy aloqalarni kengaytirish, madaniyat va san'at sohasida xalqaro madaniy tashkilotlar va xayriya jamg‘armalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy sarmoya va grantlarni jalb etish, mamlakatimizda madaniyat va san'atga doir homiylikni rivojlantirishga ko‘maklashish;
  • madaniyatlararo ijodiy muloqotni yo‘lga qo‘yish va o‘zbek san'atining jahon badiiy va madaniy makoniga integratsiyalashuviga ko‘maklashish, shuningdek, mamlakatimizning madaniy va ilmiy-texnik salohiyati hamda raqobatbardoshligi bilan bog‘liq jihatlarni namoyish etish;
  • madaniyat va san'at sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, shu bilan birga, madaniyat va san'at muassasalarini zarur adabiyotlar va davriy nashrlar bilan ta'minlash va boshqalar.

Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari: Vazirlar Mahkamasining hujjatlari asosan ajratiladigan respublika budjeti mablag‘lari; jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini moliya tashkilotlarida joylashtirishdan olingan daromadlar; yuridik va jismoniy shaxslarning hamda xalqaro tashkilotlarning homiylik xayriyalari, metsenatlik ko‘magi, grantlari; qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Mavzuga oid