Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Trampning Isroil va Hamasga bosimi: G‘azoda 60 kunlik sulh kuchga kiradimi?
Isroil G‘azoda 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha «zarur shartlarga» rozi bo‘ldi. Donald Trampga ko‘ra sulhga hozircha javob bermagan Hamas uchun bundan «yaxshiroq» kelishuv bo‘lmaydi. Lekin bu safar ham eski to‘siq - doimiy sulh kafolati ochiq qolmoqda. Isroil bosqini oqibatida o‘n minglab yaqinlarini yo‘qotgan falastinliklar esa Trampning taklifini umid va shubha bilan qarshi oldi.
Foto: Jack Guez / AFP / Getty Images
AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil G‘azoda 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish uchun «zarur shartlarga» rozi bo‘lganini bildirdi. Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozishicha, ushbu sulh doirasida «urushni to‘xtatish uchun barcha tomonlar bilan ishlaydi», biroq aynan qanday shartlar nazarda tutilgani ochiqlanmadi.
«Sulh bo‘yicha yakuniy taklifni Qatar va Misr yetkazadi. Umid qilamanki, Hamas bu kelishuvni qabul qiladi, chunki undan yaxshisi bo‘lmaydi — faqat yomonlashadi», - degan Tramp.
Trampga ko‘ra, bu kelishuvning asosi shunday: 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish davrida Isroil va Hamas urushni doimiy tugatish bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi. Bu aynan o‘tmishda sulh harakatlarini barbod qilgan asosiy to‘siqlardan biri edi.
Isroilning BMTdagi elchisi Danni Danonning so‘zlariga ko‘ra, Isroil sulhga «butunlay tayyor», ammo Hamas bu taklifni qabul qiladimi-yo‘qmi — bu hozircha mavhum. Tramp yaqin kunlarda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashishi arafasida bu bayonotni berdi. U «Netanyahu sulh istayotganiga» ishonsa-da, Hamas hanuz muzokaralarda qatnashmayapti.
«Urush faqat garovdagilar uyga qaytgandagina tugaydi», - dedi Danon BBC’ga bergan intervyusida. Hozirda G‘azoda 50 ga yaqin isroillik garovda, ulardan kamida 20 nafari tirik ekani taxmin qilinmoqda.
Nega avvalgi sulh takliflari qo‘llab-quvvatlanmagan?
Axios nashriga ko‘ra, Tramp bu haqdagi bayonotni uning vakili Stiv Uitkoff va Isroilning strategik ishlar vaziri Ron Dermer bilan Oq uyda bo‘lgan suhbatdan so‘ng e’lon qilgan. Ular Qatar tomonidan taklif etilgan yangilangan sulh va asirlar almashuvi rejasi haqida muhokama qilishgan.
Isroil va Hamas o‘rtasidagi avvalgi muzokaralardagi asosiy to‘siq – doimiy sulh kafolati bo‘lib kelgan. Hamas har qanday vaqtinchalik sulh Isroilning urushni tugatishi va qo‘shinlarini G‘azodan butunlay olib chiqishi bilan yakunlanishini talab qilayotgan bo‘lsa, Isroil bu kafolatni berishni rad etmoqda. Netanyahu joriy yil yanvar oyida kelishilgan uch bosqichli sulh rejasidan voz kechib, bahorda G‘azoni yana bombardimon qilishni boshlagan.
Bundan tashqari, Isroil Hamas qurolsizlanishi, G‘azodagi nazoratni topshirishi va rahbarlarining hududdan chiqib ketishini talab qilmoqda. Hamas esa buni «qizil chiziq» deb atagan, Isroil istilosi davom etayotgan bir vaqtda hech qachon qurol topshirmasligini bildirgan.
Isroil amaldorlari sulhni qo‘llab-quvvatlamoqda
Isroil Trampning gaplarini rasman tasdiqlamagan bo‘lsa ham, Netanyahu allaqachon AQSh tomonidan mart oyida taklif etilgan 60 kunlik sulh rejasini qabul qilgan edi.
Isroil matbuotiga ko‘ra, Netanyahu so‘nggi 20 oy ichida ilk bor urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishga tayyor ekanini bildirdi. Netanyahu bungacha Isroilning bir necha maqsadlari borligini va urush faqat «to‘liq g‘alaba» bilan tugashini takrorlab kelgan edi.
Tramp e’lon qilgan ushbu sulh kelishuvi bo‘yicha Isroilda allaqachon keng muhokamalar bo‘lib o‘tmoqda. Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar mazkur kelishuv vazirlar mahkamasi ichida ham, jamoatchilik orasida ham keng qo‘llab-quvvatlanayotganini bildirgan.
Shuningdek, muxolifat yetakchisi Yair Lapid ham kelishuvni qo‘llab-quvvatlab, Netanyahuga uni imzolashda siyosiy tayanch sifatida yordam berishini ma’lum qilgan.
Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar esa G‘azoda garovda ushlab turilgan fuqarolarni ozod qilish imkoniyatini boy bermaslik kerakligini aytgan.
G‘azo: ehtiyotkor umid va chuqur shubha
Tramp bayonoti Isroil G‘azoning shimoliy hududlaridan tinch aholini evakuatsiya qilishni boshlagan va G‘azodagi genotsid yana avj olgan kunlarda yangramoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibining Yaqin Sharq, Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha o‘rinbosari Xolid Xiarining ta’kidlashicha, Isroil qariyb 80 kundan beri G‘azoga gumanitar va tijorat yordamlarining kirib kelishiga to‘sqinlik qilmoqda. BMT vakiliga ko‘ra, 17 iyundan beri Isroil va AQSh boshchiligidagi G‘azo gumanitar jamg‘armasi yordam karvonlariga yetib borishga harakat qilgan kamida 580 nafar falastinlik halok bo‘lgan.
Isroil armiyasi shu haftada gumanitar yordam markazlariga yaqinlashgan tinch aholining «zarar ko‘rganlik holatlarini» tekshirishini bildirgan. Bu markazlar AQSh va Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Gumanitar jamg‘arma tomonidan boshqariladi, biroq yuzdan ortiq xalqaro tashkilotlar bu guruhni yopishni talab qilmoqda.
Al-Jazeera nashrining yozishicha, G‘azoda Tramp tomonidan taklif etilgan sulh haqidagi e’lon «ehtiyotkor umid va chuqur shubha» bilan qarshi olindi.
«21 oydan ortiq davom etayotgan keng ko‘lamli vayronagarchilik, ommaviy ko‘chish va bombardimonlardan so‘ng bu yerlik falastinliklar har qanday hujumlardan tanaffus bo‘lishini intizorlik bilan kutishmoqda.
Biroq bu umidni avvalgi achchiq tajribalar so‘ndirmoqda. Bungacha o‘tkazilgan sulh muzokaralari takror-takror natijasiz yakunlangan va ko‘plab falastinliklar Trampning bunday bayonotlarini ilgari ham eshitganini ta’kidlashmoqda» deydi nashr.
Shunga qaramay, hozirda ular Trampning Hamas va Isroilni sulhga erishtirish uchun jiddiy bosim o‘tkazishga urinayotganiga ishonmoqda.
Hozircha Isroil bu kelishuvni omma oldida tasdiqlamagan, Hamasning sukut saqlayotgani esa noaniqlikni yanada kuchaytirmoqda.
Falastinliklar orasida hukm surayotgan asosiy kayfiyat shuki: ular dushmanlikni to‘liq va har tomonlama kamaytirish va o‘zlarining og‘ir gumanitar ahvolini yengillashtirishni istashmoqda. Bu esa doimiy sulhsiz imkonsiz.
G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrdan buyon Isroil hujumlari natijasida halok bo‘lganlar soni 56 647 nafarga yetdi. So‘nggi 24 soat ichida esa yana 116 falastinlik halok bo‘lgan, 463 kishi jarohat olgan.