O‘zbekiston | 21:25 / 04.10.2022
35420
2 daqiqa o‘qiladi

3 nafar sobiq sudya qamoqqa olingan

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining bir nafar va Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudining ikki nafar sobiq sudyalari jinoyat ishi doirasida ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Foto: Vladislav Lonshakov

Kun.uz avvalroq Toshkentda iqtisodiy sudlarning ikki nafar sudyasiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan edi. Sudyalar noqonuniy egallangan yer uchastkalari bo‘yicha ishlarni manfaatdorlar foydasiga hal qilib berganlikda gumonlanayotgan edi.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi olib borayotgan dastlabki tergov davrida Jinoyat kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va boshqa moddalari bilan ayblanayotgan 3 nafar sobiq sudyalar ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Qamoqqa olinganlarning ikki nafari Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudi sobiq sudyalaridir.

Ular mansab vakolatidan foydalanib davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazganlikda gumonlanyapti.

Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati rahbari Tursunali Akbarov Kun.uz muxbirining so‘roviga javob berarkan, bu sudyalarning vakolat muddatlari jinoyat ishi qo‘zg‘atilishidan avvalroq tugatilgani, tergov jarayonlari ketayotgani bexabar ekanini ma’lum qildi.

Avval ham yozganimizdek, bu – Sudyalar oliy kengashining ma’lumotlarni to‘liq berishdan qochishi bilan bog‘liq ilk holat emas.

Bosh prokurorning matbuot kotibi Xayot Shamsutdinov bu ma’lumotni inkor etmadi, ammo shu bilan birga tasdiqlagani ham yo‘q.

Mavzuga oid