Jamiyat | 22:16 / 09.05.2018
10546
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda Xotira va Qadrlash kuni qanday nishonlandi – fotogalereya

9 may – Xotira va Qadrlash kuni Samarqand shahrida viloyat rahbarlari, davlat idoralari, harbiylar va jamoatchilik, aholi, ayniqsa yoshlar vakillari ishtirokida keng nishonlandi.

Ertalab hamma shahardagi Motamsaro ona haykali oldida jam bo‘ldi. U yerda gul qo‘yish, urushda farzandlarini yo‘qotgan onalar va ikkinchi jahon urushida qahramonona halok bo‘lgan vatandoshlarimiz xotirasiga ta'zim bajo etildi. Viloyatdagi barcha tashkilotlar xodimlari va yoshlar harbiy orkestr sadolari ostida haykal poyiga gullar qo‘yishdi.

So‘ngra Mahmud Qoshg‘ariy ko‘chasi bo‘ylab milliy gvardiya, davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar organlari va harbiylar ishtirokida parad bo‘lib o‘tdi.

So‘ngra hamma Ko‘ksaroy maydoniga taklif etildi. U yerda viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayev so‘zga chiqib, urush qatnashchilari va nuroniylarni fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba bilan tabriklab, «Nuroniy» jamg‘armasi viloyat bo‘limiga «Captiva», shahar va tuman bo‘limlariga «Damas» avtomashinalarining kalitini topshirdi.

«Nuroniy» jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Hasan Normurodov so‘z olib, davlatimiz tomonidan qariyalarga ko‘rsatilayotgan e'tibor uchun barchaning nomidan o‘z tashakkurini izhor etdi.

Ko‘ksaroy maydonida xalq sayli boshlanib ketdi. Sho‘x ashula va raqslar, retro avtomobillar hamda harbiy texnika ko‘rgazmasi kishilarda, ayniqsa bolajonlarda juda katta qiziqish uyg‘otdi.

Maydonning o‘zida dala oshxonasi, sahnalashtirilgan harbiy gospital tashkil etilib, urush faxriylari va nuroniy otaxonlarga frontcha bo‘tqa va salqin ichimliklar tortiq etildi.

Shunisi e'tiborga sazovorki, bayramga taklif etilgan qariyalarga, urush qatnashchilarining har biriga yoshlar orasidan volontyorlar beminnat ko‘makchi bo‘lishdi, shuningdek, ularning jismoniy holati mudom tibbiy tez yordam shifokorlari nazorati ostida ushlandi.

Faxriylar bayram tantanalari o‘tadigan joylar bo‘ylab avtobus va elektrobuslarda tashildi.

Shaharda Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan yoshlar o‘rtasida poyga va velomarafon o‘tkazildi. G‘oliblar shahar hokimligi tomonidan munosib taqdirlandi.

Ayni paytda shaharni bayram shukuhi tark etgani yo‘q. Shaharning Teatr maydonida harbiy kuy-qo‘shiqlar, barcha sevib tinglaydigan sho‘x yallalar ijro etilmoqda. Shahar aholisi favvoralarning kishiga huzur baxsh etuvchi salqini ostida sayr qilishda davom etishmoqda.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid