Jamiyat | 18:08 / 15.09.2025
11784
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda telefon o‘g‘risini tutish uchun «to‘sib ushlash» tadbiri o‘tkazildi

Nexia haydovchisi YPX avtomashinalaridan qochib, bir necha avtomobilga zarar yetkazgan.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Nexia haydovchisi bir necha YPX avtomashinalaridan qochib, boshqa mashinalarga zarar yetkazgani aytilgan videolar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIB ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, 14 sentabr kuni Buxoro tumanida yashovchi fuqaro telefonini sotish jarayonida firibgarlikka uchragani haqida viloyat IIBning 102 raqamiga murojaat qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, noma’lum shaxs telefonni xarid qilish bahonasida kelib, pulini avtomobilda berishini aytgan va telefonni olib, oq rangli Nexia-3ʼda hodisa joyidan yashiringan.

Shundan so‘ng «to‘sib ushlash» rejasi joriy qilinib, olib borilgan tezkor harakatlar natijasida avtomobil Buxoro shahri I.Karimov ko‘chasida aniqlangan. Uni boshqargan 2003 yilda tug‘ilgan haydovchi IIO xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmay, bir necha transport vositalariga zarar yetkazgan.

Mazkur shaxs va avtomashina ushlanib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi hamda 166-moddasi 3-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. U hozirda qamoqqa olingan.

Holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid