Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda Gentra haydovchisi YPX xodimini kapotida sudrab ketdi. Uning hisobida 144 ta qoidabuzarlik borligi aniqlangan
Toshkentda YPX xodimini avtomashinasining kapoti ustida olib yurgan haydovchi qo‘lga olindi. Holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Ushbu haydovchi mashinasida 144 ta qoidabuzarlik qayd etgani, jarimalardan jami qarzi qariyb 19 mln so‘mni tashkil etishi aniqlangan.
Foto: Videodan kadr
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida haydovchi YPX xodimini avtomashina kapoti ustida sudrab ketgani aks etgan yana bir video tarqaldi.
Hodisa 2 noyabr kuni Yashnobod tumani Farg‘ona yo‘li ko‘chasida sodir bo‘lgan. Kun.uz’ga ma’lum bo‘lishicha, Gentra haydovchisi avvaliga YPX xodimining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay, harakatni davom ettirgan. So‘ngra xodim Gentra’ning ortidan borgan va uni to‘xtatib, haydovchidan hujjatlarini so‘ragan. Shu vaqtda haydovchi YPX xodimini kapot ustida bir necha o‘n metrga sudrab ketgan.
Qoidabuzar boshqa haydovchilar yordamida to‘xtatilgan.
Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshev hodisa yuzasidan ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holatda inspektor Otabek Mahmudov jarohatlanmagan, ammo o‘sha vaziyatda uning hayoti xavf ostida qolgandi.
Surishtiruvlar davomida aniqlanishicha, 24 yoshli haydovchi ushbu avtomashinasida jami 144 ta qoidabuzarlik sodir etgan bo‘lib, shundan 38 tasining muddati o‘tgan, 30 tasi MIB organlariga o‘tkazilgan. Uning hozirda jarimalardan umumiy qarzi 18 mln 90 ming so‘mni tashkil qiladi.
Haydovchi shu kunning o‘zidayoq qo‘lga olinib, unga nisbatan Yashnobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qonunbuzarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 baravarigacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
YHXB matbuot xizmatiga bergan intervyusida qo‘lga olingan shaxs «vaziyat bu qadar chuqurlashib ketadi deb o‘ylamagani», qilgan ishidan afsusda ekani va boshqa haydovchilarga bunday qilishni maslahat bermasligini aytgan. U ko‘ziga yosh olib, boshqa bunday qilmaslikka va’da bergan.
Mavzuga oid
17:44 / 22.11.2025
Namanganda YPX xodimi mashina urib ketishi oqibatida halok bo‘ldi
09:24 / 31.10.2025
Olmazorda YPX talabiga bo‘ysunmagan Leapmotor to‘xtatildi: mashina qidiruvda ekani aniqlandi
10:30 / 01.10.2025
Maktabga Cobalt boshqarib borgan o‘quvchilar YPX xodimi tomonidan to‘xtatib qolindi
18:08 / 15.09.2025