Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zgidromet: Toshkentda havo sifatining yomonlashishi tabiiy va mavsumiy omillar bilan bog‘liq
So‘nggi kunlarda, ayniqsa Toshkent shahrida atmosfera havosidagi mayda dispersli zarrachalar miqdorining oshishi bir vaqtning o‘zida namoyon bo‘lgan bir necha tabiiy omillar – keskin harorat almashishi va inversiya, yog‘ingarchilik yetishmasligi hamda tabiiy changlanish kuchayishi bilan izohlanmoqda. Bu haqda O‘zgidromet direktori Sherzod Habibullayev rasmiy bayonot berdi.
Foto: Kun.uz
O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda mamlakatda, ayniqsa Toshkent shahrida atmosfera havosidagi mayda dispersli zarrachalar miqdori oshishi kuzatilmoqda. Tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan doimiy monitoring natijalari bu holatni bir vaqtning o‘zida kuchayib namoyon bo‘lgan bir nechta tabiiy omillar bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatmoqda.
Ta’kidlanishicha, birinchi omil — keskin harorat almashishi va inversiya jarayonidir. Joriy haftada havo harorati tez o‘zgardi, issiq kunlardan sovuq kunlarga o‘tish davrida inversiya deb ataluvchi tabiiy jarayon yuzaga keldi. Inversiya paytida sovuq havo pastda, issiq havo yuqorida qoladi va havo qavatlari aralashmaydi. Shu sababli mayda zarrachalar past havo qatlamida to‘planib, qisqa vaqt ichida ularning konsentratsiyasi keskin oshadi. Bunday holat har yili noyabr–fevral oylarida Toshkent, Olmaota, Bishkek, Dushanbe kabi shaharlarda kuzatiladi.
Ikkinchi omil sifatida yog‘ingarchilikning yo‘qligi qayd etilmoqda. Sinoptiklar ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyi boshidan beri Toshkentda deyarli yomg‘ir yog‘madi, yog‘ingarchilik hajmi iqlimiy me’yordan ancha past. Yog‘ingarchilik yo‘qligi havodagi mayda zarrachalarning tabiiy “yuvilishi”ni cheklab, ularning atmosferada uzoq muddat saqlanib turishiga olib keladi.
Uchinchi omil — arid jarayonlarning kuchayishi va tabiiy changlanish. O‘zbekiston quruq va yarimquruq iqlim hududiga kiradi. BMT ekspertlari bu mintaqani dunyoda arid jarayonlar eng tez kechayotgan makonlardan biri sifatida qayd etgan. Arid jarayonlar, o‘simlik qoplamining kamayishi va iqlim isishining ta’siri ostida shamol ta’siridagi tabiiy changlanish oshadi. Shu bois bu yil changlanish odatdagidan ko‘proq namoyon bo‘lib, hatto shamol past bo‘lgan kunlarda ham PM10 ko‘rsatkichining o‘sishiga turtki berdi.
Sinoptiklar prognoziga ko‘ra, amalga oshgan inversiya jarayoni 24 noyabrgacha davom etishi mumkin. Shu vaqtgacha mayda zarrachalarning ma’lum darajada saqlanib turishi tabiiy va mavsumiy holat ekani ta’kidlanmoqda. Ob-havo barqarorlashishi bilan havo sifati o‘z-o‘zidan sezilarli darajada yaxshilanishi kutilmoqda.
Hozirda mahalliy hokimiyatlar, kommunal xizmatlar va mas’ul idoralar tomonidan quyidagi amaliy choralar ko‘rilmoqda:
- ko‘cha va yo‘llarni namlash;
- yashil hududlarni qo‘shimcha sug‘orish;
- jamoat joylarini nam tozalash;
- aholi uchun tavsiya va ogohlantirishlar yetkazish;
- atmosfera havosini doimiy monitoring qilish.
O‘zgidromet atmosfera havosi holatiga oid asosiy ko‘rsatkichlarni kuniga ikki marta — ertalab va kechqurun rasmiy axborot kanallari orqali e’lon qilib borayotganini ma’lum qildi.
Tashkilot rahbarining ta’kidlashicha, kuzatilayotgan holat tabiiy, vaqtinchalik va mavsumiy jarayon bo‘lib, barcha vakolatli davlat organlari o‘z vakolati doirasida vaziyatni doimiy nazorat qilmoqda, zarurat tug‘ilganda aniq tashkiliy choralar ko‘rilmoqda.
“Hurmatli fuqarolar, mazkur masalada har qanday muhim o‘zgarishlar haqida aholiga o‘z vaqtida axborot berib borishni doimiy davom ettiramiz”, — deyiladi O‘zgidromet direktorining bayonotida.
Mavzuga oid
08:41
Toshkentda 115-sonli avtobus yo‘nalishi yangilandi
17:31 / 04.12.2025
Past Darg‘omda cho‘chqaxona egalari havoni ifloslab kelgani aniqlandi
10:06 / 04.12.2025
Toshkentda havo ifloslanishi: 4 dekabr kuni ham RM2,5 me’yordan oshdi
09:34 / 04.12.2025