Jahon | 18:45 / 29.07.2019
14888
4 daqiqa o‘qiladi

Global isish oqibatlari: Fransiya va Germaniyada AES faoliyati vaqtincha to‘xtatildi

Olimlar deyarli har oy global isish xavfini eslatib turishibdi. Yer haroratining asta-sekin ko‘tarilishi ichimlik suvining kamayishi, hayvonlarning yo‘q bo‘lib ketishi va boshqa dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta'kidlashmoqda. Ko‘pchiligimiz uchun iqlim o‘zgarishi vahima bo‘lib eshitilsa-da, global isishning oqibatlarini sezganimizcha yo‘q. Havo harorati keskin darajaga ko‘tarilsa, nima bo‘lishi mumkin? Isishning bunday ko‘rinishi Avstraliyada yaqqol o‘z ifodasini topmoqda, chunki bu yerda global isish oqibatida ko‘plab suv o‘tlari va baliqlar nobud bo‘lmoqda.

Yerning o‘rtacha harorati asta-sekin ko‘tarilishi qurg‘oqchilik hamda muzlar erib, toshqinlar soni ko‘payishiga olib kelishi mumkin. Albatta, ob-havo o‘zgarishi avvalo o‘simlik va hayvonlar hayotiga katta ta'sir ko‘rsatadi. Qurg‘oqchilik oqibatida zarar ko‘rgan o‘simlik va boshqa tirik organizmlar tiklanishga harakat qiladi, ammo bu uzoq vaqt talab etadi. Ehtimol, ular oldingiday sog‘lom holatga qayta olmas, chunki global ob-havo hodisalari kun sayin kuchayib bormoqda.

Global isishning oqibatlari

Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, global isish tufayli Avstraliyaning qirg‘oq hududlarining qariyb 45 foizi zarar ko‘rgan. 2011 yildan 2017 yilgacha bo‘lgan davrda haddan tashqari quruq ob-havo qirg‘oq yaqinida o‘sayotgan marjon va suv o‘tlariga zarar yetkazgan. Buning oqibatida ko‘plab baliq, toshbaqa, qisqichbaqalar nobud bo‘lgan. Axir ushbu o‘simliklar suv jonzotlari uchun boshpana va yegulik hisoblanadi.

Yevropadagi issiqlik

Yevropadagi ayrim mamlakatlarda havo haroratining keskin ko‘tarilishi kuzatilgan va issiqlik hali ham davom etmoqda. Ma'lumotlarga qaraganda, iyul oxiridan boshlab, Germaniyada selsiy shkalasi bo‘yicha 40 darajagacha ko‘tariladi. Xuddi shunday yuqori harorat Niderlandiya, Belgiya va Fransiyada ham kuzatilishi kutilmoqda.

Yuqori harorat allaqachon jiddiy oqibatlarga olib kelmoqda, masalan, Fransiya va Germaniya rasmiylari atom elektr stansiyalarini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lishdi. Stansiyalarni qisman yopmasdan boshqarishning iloji yo‘q edi, chunki daryolar shu qadar issiq ediki, ularning suvlari endi yadro reaktorlarini sovita olmasdi, – deya ta'kidlagan soha mutaxassislari.

Ushbu dalil va fikrlarning o‘ziyoq ko‘rsatib turibdiki, havoning keskin isishi AESlardan tortib boshqa yirik zavod va korxonalar faoliyatiga ham ta'sir ko‘rsatadi. Keskin choralar ko‘rilmasa, tabiatga jiddiy xavf tug‘dirishi ham mumkin. Butun dunyo olimlari global isishning oldini olishga nafaqat dunyo, ittifoq va mamlakatlar doirasida chora ko‘rishni, balki har bir yer aholisi ongli ravishda kurashishi, o‘zida tabiatga bo‘lgan shaxsiy munosabatni shakllantirishi lozim degan g‘oyani ilgari surmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid