O‘zbekiston | 16:35 / 29.11.2025
11686
8 daqiqa o‘qiladi

«6 oydan beri pul yo‘q». Humans kartalarida muzlab yotgan millionlar qachon qaytariladi?

Humans aloqa operatorining Visa kartasida pul saqlagan mijozlar aziyat chekyapti. Kun.uz bilan bog‘langan murojaatchilar bir necha oydan beri kartasidagi mablag‘lar muzlab yotgani, belgilangan muddat tugashiga qaramay pul qaytarilmayotganidan shikoyat qilishyapti. Tahririyat vaziyatni o‘rgandi.

Foto: Doston Axrorov

«6 oydan beri pulimizni ololmayapmiz»

So‘nggi bir necha kun ichida Humans kompaniyasidan norozi bo‘lgan o‘nlab insonlar Kun.uz bilan bog‘landi. Ikki kompaniya o‘rtasidagi nizodan mijozlar aziyat chekyapti.

«Men Humans’dan jabrlangan insonman. 6 mln pulim 28 iyunda “rastorjyeniye kontrakta” (shartnomani bekor qilish) qilingan, 40 kunda qaytariladi deyishgandi, ammo mana, yarim yil bo‘ldi, soxta va’dalar berib kelinmoqda», deydi Asadjon Xolmatov. 

Xurshidbek ismli boshqa bir murojaatchi Humans ofisiga borib, pulni qaytarish bo‘yicha ariza yozganini, ammo hech qanday natija bo‘lmaganini aytmoqda.

«Humans aloqa kompaniyasi kartadagi 6 mln pulimni muzlatib qo‘ygan, bermayapti. Deyarli bir yil bo‘ladi yaqinda. Bundan 3 oy oldin mablag‘ni qaytarish bo‘yicha ariza ham qoldirganman. Foydasi bo‘lmadi. Bermayapti baribir. Oldin Visa kartada turardi, keyin o‘z o‘zidan ishlamay, muzlab qoldi. Telefon qilsak, ariza yozib keting, dedi. Borib yozdim. 3 oydan beri na telefonni ko‘taradi, na pulni qaytarib beradi», deydi u. 

«Humans viza kartasida 3 mln 370 so‘m mikdorda pulim bor edi. Kartadagi mablag‘ balansimga o‘tib qoldi. Men bu pulni faqat o‘z tarifimga ishlatishim mumkin ekan, lekin yechib ololmasdim. Kompaniya aloqa markaziga telefon qildim (1234), ular Toshkentga kelib, Yakkasaroydagi filiallariga ariza topshirishimni aytishdi.

16 iyunda Toshkentga borib, Humans filialiga ariza yozib qoldirdim. Ular arizani 10 kun ichida ko‘rib chiqib, 30 ish kunida pul qaytariladi, deyishdi va plastik karta ma’lumotlarimni, telefon raqamlarimni yozib olishdi. 26 iyulda hisobimdan Humans kompaniyasi orqali 3 mln 370 ming so‘m pul yechib olindi, lekin qaytarib berishmadi. 

Shu kundan boshlab aloqa markaziga (1234) murojaat qilishni boshladim. Ular faqat «kutib turing opajon, pulingiz buxgalteriyaga yuborilgan, ular ko‘rib chiqib qaytarib berishadi» yoki «ko‘rib chiqilish jarayonida» degan gapni aytishyapti. 5 oydan beri shu ahvol. Qayerga murojaat kilishni bilmayapman», deydi boshqa bir murojaatchi.

Kun.uz bilan bog‘langan yana bir vatandosh ham otasi Humans’ning Visa kartasida 21 mlndan ko‘proq mablag‘ saqlab kelganini aytib, pulni ololmayotganini ta’kidlayapti.

«Mening otam Humans mobil aloqa operatorining Visa kartasida 21 mln 404 ming so‘m mablag‘ saqlab kelayotgandi. Biroq kompaniyaning Octobank bilan shartnomasi bekor qilingani sababli ushbu pulni qaytarib olish imkoni bo‘lmayapti. Ariza ham qoldirgan edik, mablag‘ 1 oy ichida qaytarilishi aytilgandi. Shundan beri 3 oy o‘tdi, natija yo‘q. Operatorlar faqat turli xil bahonalar aytishadi», deydi u.

Humans nima deydi?

Vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida Kun.uz muxbiri Humans axborot xizmati bilan bog‘landi. Kompaniya rasmiylari mijozlar hisobidagi mablag‘lar saqlanib qolinganini ta’kidlab, ulardan ayni paytda aloqa xizmatlari uchun foydalanish mumkinligini ma’lum qildi.

«Mijozlarning pullari to‘liq hajmda saqlangan va saqlanyapti. Abonentlar hisoblarida hech qanday blokirovka mavjud emas. Humans aloqa xizmatlariga to‘lov qilish, chiroyli raqamlar xarid qilish yoki yaqinlari uchun aloqa to‘lovini amalga oshirish kabi xizmatlar imkoniyati bor.

Mijozlar bank bilan yuz began holat bo‘yicha o‘z vaqtida xabardor qilingan. Kompaniya rasmiy sahifalarida, jumladan, Telegram-kanal orqali tezkor ravishda xabar berilgan, SMS va qo‘ng‘iroqlar amalga oshirilgan. Mijozlarga tushuntirishlar berilgan, jumladan, kartalar bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatilguniga qadar Visa bankomatlarida yoki istalgan bank kassalarida mablag‘larni yechib olish imkoniyati borligi aytilgan.

Iste’molchilar o‘z shartnomalarida belgilangan huquqlaridan to‘liq foydalanishga haqli. Har qanday mijoz aloqa xizmatlari bo‘yicha shartnomani bekor qilishi va mobil aloqa uchun oldindan to‘langan avansni qaytarib olishi mumkin. Shartnomani bekor qilish quyidagi manzildagi xizmat ko‘rsatish markazida amalga oshiriladi: Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasi 40A uy», deyiladi Humans’ning rasmiy munosabatida. 

Octobank nima deydi?

Kun.uz vaziyatni to‘liq aniqlashtirish uchun Octobank rasmiylari bilan ham gaplashdi. Bankning muammoli kreditlar departamenti direktori Navro‘z Musayevga ko‘ra, hisob-kitoblar Humans serverlarida saqlangan.

«Humans bilan birgalikda karta chiqarganmiz. Kompaniya ilovasida P2P operatsiya qilish mumkin edi. Shuningdek, Aliexpress’dan nimadir buyurtma qilish, Humans Market’dan narsa xarid qilish imkoniyati ham mavjud bo‘lgan. Bular uchun to‘lovlarni Octobank qilib kelgan. Keyingi kunda Humans o‘sha pulni bankka qoplab berishi kerak bo‘lgan. Ya’ni Humans o‘z mijozlari ishlatgan pulni bizga qayta to‘lab berishi kerak. Masalan, Visa kartadan to‘lov qilsangiz, biz o‘sha pulni qoplab beramiz. Ammo bu operatsiyalarning hisobi Humans’da joylashgan. Kim nimaga to‘lov qilayotgani ularda ko‘rinadi. Bizga faqat umumiy hisob keladi, pulni qoplab ketaverganmiz. Shartnomada operatsiya qilingan kunning ertasiga Toshkent vaqti bilan 12:00 ga qadar kechagi kun qoldiqlarini to‘lab qo‘yish shart deb belgilaganmiz. Ammo Humans bu pullarni qoplamagan va mijozlarining pullari ham osilib qolib ketdi. Bunga sabab nima bo‘ldi? 2025 yilning 13 iyun kuni sudning hal qiluv qarori bilan Octobank kobrending kartalari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatdi. Natijada kartadan kartaga o‘tkazmalar ham cheklandi. Kompaniya murojaatchilarga kartani Octobank chiqargan, o‘sha yerga bor, deya boshladi. Kelgani bilan foydasi yo‘q, chunki bizda o‘sha odamning hisobraqami nol turadi. Chunki bu bo‘yicha Octobank’da ma’lumot yo‘q, hisob-kitoblar Humans’ning o‘z serverlarida saqlanadi. Umuman olganda, siz Humans’dan sim karta olgan paytingizda bankda hisobraqam ochish imkoni taqdim etilardi. Natijada sim kartangiz bank plastik kartasiga aylanadi. Qolgan mobil operatorlarda bunday imkoniyat yo‘q. Natijada katta bir jarlik paydo bo‘ldi. O‘sha jarlikka tushganlar Kun.uz’ga murojaat qilyapti. Odamlar nima qilardi. Masalan, boshqa mobil kompaniyalarda hisobingizga 50 ming so‘m tashlab qo‘ysangiz, bu pulni trafik sotib olish yoki tarifingizni o‘zgartirish kabi xizmatlarga ishlata olasiz. Humans’da hisobingizga 1 mln so‘m qo‘ysangiz, uni boshqa odamlarga ham o‘tkazsaniz bo‘lardi. Odamlar shuning uchun hisobida katta miqdorda pul saqlagan. Kartadan kartaga P2P qilsa ham bo‘lardi. Umuman olganda, bizning o‘rganishlarimizga ko‘ra, kompaniya katta miqdordagi pulni chetga olib chiqib ketgan. Odamlarning kartasida pul turaveradi, ammo uning haqiqiy tagi yo‘q. Data bazada ko‘rinmaydi. Orqasi «404» bo‘lib yotibdi», deydi Navro‘z Musayev.

Markaziy bank Kun.uz’ga mazkur ish ikki kompaniya o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlar ekanini ta’kidlab, regulyator bunga aralashmasligini bildirdi.

Doston Ahrorov
Kun.uz

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid