Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kartalardagi pullarning g‘oyib bo‘lishi. Humans va Paylov bir-birini ayblayapti
Humans ruxsatsiz pul yechishlar Paylov xizmatidagi zaiflik tufayli sodir bo‘lganini ma’lum qildi. O‘z navbatida Paylov barcha frod operatsiyalari Humansʼga berilgan shifrlangan kalitlardan foydalanilgan holda amalga oshirilganini bildiryapti. Markaziy bank barcha shubhali tranzaksiyalar sinchiklab o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
Kun.uz Humans mobil ilovasiga ulangan kartalardan ommaviy ravishda tasdiq SMS-kodisiz pul yechib olingani haqida xabar bergandi. Tranzaksiya PL HUMANS P2P nomi ostida amalga oshirilgan. Shundan so‘ng Markaziy bank ehtimoliy zaiflikni bartaraf etish maqsadida Humans bilan bog‘liq pul o‘tkazmalari amaliyotlari to‘xtatilgani va barcha shubhali tranzaksiyalar sinchiklab o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
Humans nima deydi?
Tarmoqlardagi noroziliklar fonida Humans ham mavjud holat bo‘yicha rasmiy izoh berdi. Kompaniya 2025 yil 4 dekabrdan 8 dekabrgacha ilova foydalanuvchilarining bir qismi bank kartalari orqali ikki marta firibgarlikka uchraganini ma’lum qilgan holda jinoyatchilarga ruxsatsiz pul yechish imkonini bergan zaiflik Paylov to‘lov xizmatining texnik tizimida bo‘lganini bildirdi.
Kompaniya Markaziy bank va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga «Paylov infratuzilmasidagi zaifliklarni tekshirish va jinoyatchilarni aniqlash uchun» texnik materiallarning to‘liq to‘plami topshirilganinini ma’lum qildi.
«Barcha firibgarlik amaliyotlari Humans ilovasining aloqasi bo‘lmagan holda, mijozlar ishtirokisiz va OTP kodlarini kiritmasdan amalga oshirilgan. Firibgarlar mashina so‘rovlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Paylov APIʼga yuborgan va Paylov mas’ul bo‘lgan karta tokenlari hamda kalitlariga kirish orqali hisobdan yechishga muvaffaq bo‘lgan. Firibgarlikning birinchi to‘lqinidan so‘ng Paylov kirishni cheklash bo‘yicha yetarli choralar ko‘rmadi, jumladan, so‘rovlar kelgan ruxsatsiz PI-manzillarni bloklamadi. Bu esa takroriy hujumga olib keldi», — deyiladi bayonotda.
Jabrlanganlar hisobiga mablag‘larni qaytarish masalasi qonun talablariga muvofiq hal etilishi ma’lum qilinyapti. Shuningdek, Humans firibgarlik amallari nafaqat kompaniya mijozlariga ta’sir qilganini, balki ularning bir qismi boshqa to‘lov tashkilotlari foydalanuvchilarining kartalari orqali ham amalga oshirilganini keltirib o‘tgan.
Paylov nima deydi?
Humans’ning bayonotidan keyin «Ostagram» AJ (Paylov savdo belgisi) ham vaziyatga o‘z munosabatini bildirdi.
Ta’kidlanishicha, «Ostagram» AJ va «Humans Companies» AJ o‘rtasida 2025 yil 10 aprel kuni 32-sonli shartnoma imzolangan bo‘lib, unga muvofiq Humans o‘z mijozlariga to‘lov va P2P amaliyotlarini Paylov infratuzilmasi orqali taqdim etib kelgan.
«2025 yil 6 dekabr kuni «Ostagram» AJ xodimlari tomonidan «Humans Companies» AJda shubhali tranzaksiyalar kuzatilayotgani haqida ushbu kompaniyaning mas’ul xodimlari ogohlantirildi va tranzaksiyalar vaqtincha to‘xtatildi. 2025 yil 7 dekabrda, «Humans Companies» AJ «Ostagram» AJga rasmiy murojaat yo‘llab, tegishli choralar ko‘rilgani hamda firibgarlik (frod) operatsiyalarining oldi olingani haqida ma’lum qilgan. Mazkur xat asosida «Humans Companies» AJ amaliyotlarni qayta ochib berishni so‘ragan. 8 dekabr holatiga ko‘ra, «Ostagram» AJ tomonidan Humans mobil ilovasi orqali ko‘rsatilayotgan barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatilgan», deyiladi Paylov bayonotida.
«Ostagram» AJ tomonidan hech qanday texnik zaiflik mavjud emasligi, barcha zarur choralar ko‘rilgani ma’lum qilinyapti.
«Firibgarlik operatsiyalari «Humans Companies» AJ tomonidan «Ostagram» AJ taqdim etgan shifrlangan kalitlar orqali amalga oshirilgan bo‘lib, ushbu kalitlarning to‘g‘ri va xavfsiz saqlanishi «Humans Companies» AJ mas’uliyati hisoblanadi. O‘z o‘rnida ta’kidlash joizki, «Ostagram» AJning texnik yechimlaridan foydalanayotgan boshqa barcha hamkorlar tizimlarida hech qanday salbiy holatlar kuzatilmagan. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tezkor tekshiruv ishlari boshlangan bo‘lib, «Ostagram» AJ zarur ma’lumotlarni mas’ul organlarga taqdim etmoqda», deyiladi Paylov izohida.
Mavzuga oid
12:09 / 09.12.2025
Humans ilovasiga ulangan kartalardan ommaviy ravishda pul yechib olinyapti
16:35 / 29.11.2025
«6 oydan beri pul yo‘q». Humans kartalarida muzlab yotgan millionlar qachon qaytariladi?
13:00 / 05.06.2025
«O‘zbektelekom» AJ Humans mobil operatori bilan bog‘liq holat yuzasidan munosabat bildirdi
19:09 / 03.06.2025