O‘zbekiston | 08:42 / 15.12.2018
6098
2 daqiqa o‘qiladi

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish xizmatining eng yaxshi xodimlari mukofotlanadi

Foto: Norma

"Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish a'lochisi" ko‘krak nishoni Vazirlar Mahkamasining 11.12.2018 yildagi 1004-son qarori bilan ta'sis etildi.
 
Norma’ning yozishicha, u har yili uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan, shuningdek:

• mamlakat aholisining uy-joy sharoitlarini yaxshilash;
• muhandislik kommunikatsiyalarini o‘z vaqtida sifatli qurish va ta'mirlash, ularning atrofidagi hududlarni obodonlashtirish;
• uy-joy kommunal xizmatlar ko‘rsatish tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va zamonaviy uskunalar bilan jihozlash ishlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan shaxslarga topshiriladi.
 
XUMSh, ichimlik suvi va issiqlik ta'minoti korxonalari hamda uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasidagi boshqa tashkilotlar xodimlari (shu jumladan, shaxslar-norezidentlar) mukofot olishlari mumkin.
 
Dastlabki takliflar har yili 25 yanvargacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi UJKX vazirligi, viloyatlar UJKX boshqarmalari hamda Toshkent shahar UJKX bosh boshqarmasiga taqdim etiladi. U yerda ular o‘rganiladi va 25 fevralgacha respublika UJKX vazirligiga yuboriladi. Nomzodlarning yakuniy ro‘yxatini u tomondan tuziladigan Komissiya shakllantiradi.
 
Ko‘krak nishoni har yili Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni (18 aprel) arafasida topshiriladi. Mukofotlangan shaxslar EKIHning 4 baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti oladilar.
 
Hujjat 12.12.2018 yildan kuchga kirdi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yana bir ko‘krak nishoni ta'sis etilishi xabar berilgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid