Jahon | 21:11 / 07.11.2025
9849
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada ilk bor harbiy asirni o‘ldirgan rossiyalikka hukm chiqarildi

Unga umrbod qamoq jazosi tayinlangan.

Foto: Oleg Movchanuk / EPA / Scanpix / LETA

Zaporijjya shahri sudi rossiyalik harbiy Dmitriy Kurashovni harbiy asirni o‘ldirgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Hukm 6 noyabr kuni e’lon qilindi, deb xabar bermoqda Deutsche Welle.

2024 yil yanvar oyida «Shtorm-V» otryadining tarkibida 26 yoshli Kurashov ham bo‘lgan bir guruh harbiylari Zaporijjya oblastining Priyutnoye qishlog‘i yaqinidagi Ukraina pozitsiyalariga hujum qiladi. Ayblov versiyasiga ko‘ra, rossiyaliklar pozitsiyani egallab olgach, ukrainalik harbiylardan biri blindajdan chiqib, qo‘llarini ko‘targan. Kurashov undan tiz cho‘kishni talab qilgan, ukrainalik harbiy uning buyrug‘iga bo‘ysungan, shundan so‘ng rossiyalik harbiy unga kamida uch marta o‘q uzgan. Ko‘p o‘tmay Ukraina harbiylari pozitsiyani qaytarib oladi, natijada Kurashov va uning to‘rt nafar xizmatdoshi asirga olinadi.

Sud jarayoni davomida Kurashov ukrainalik asirni rossiyalik harbiy shifokor o‘ldirgani, u o‘z harakatini yarador ukrainalikni davolashning iloji yo‘qligi bilan izohlaganini aytgan. U go‘yoki o‘sha harbiy shifokorning o‘zi ham ko‘p o‘tmay halok bo‘lganini ta’kidlagan. Biroq, voqeaga guvoh bo‘lgan boshqa rossiyalik harbiylar ukrainalik qurolsiz askar qo‘l ko‘tarib chiqqanda unga qarata aynan Kurashov o‘q uzgani haqida ko‘rsatma berishgan.

Kurashov sud jarayonida aybiga iqror bo‘ldi – keyinroq u jurnalistlarga kelajakda asirlar almashinuvi doirasida Rossiyaga qaytish uchun jarayonni tezlashtirish maqsadida shunday qilganini aytdi.

Ukrainadagi «Beshinchi kanal»da qayd etilishicha, bu rossiyalik harbiy xizmatchi ukrainalik harbiy asirni o‘ldirgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi bilan bog‘liq birinchi holat.

Bungacha Ukraina sudlari tinch aholini o‘ldirgani uchun asirga olingan rossiyaliklarga bir necha marta umrbod qamoq jazosini tayinlagan edi. Ma’lum bo‘lgan hukmlarning birinchisi 2022 yil may oyida chiqarilgan – rossiyalik harbiy Vadim Shishimarin Sumi oblastida 62 yoshli fuqarosini o‘ldirgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilingandi. Apellyatsiya natijalariga ko‘ra, jazo muddati 15 yilga qisqartirilgan.

Tinch aholini o‘ldirganlik uchun umrbod qamoq jazosi oxirgi bor shu yil avgust oyida chiqarilgandi. Ayblov versiyasiga ko‘ra, 2024 yilda Kupyansk yaqinida Nijniy Novgorod koloniyasidan safarbar qilingan 21 yoshli Artem Kulikov komandiri buyrug‘i bilan mahalliy aholi vakillari bo‘lgan ikki kishini otib o‘ldirgan – rossiyalik harbiylar ulardan Ukraina qurolli kuchlari joylashuv haqida ma’lumot olishning imkoni bo‘lmaganidan keyin shunday qarorga kelishgan.

Mavzuga oid