Jahon | 18:39 / 19.12.2024
2874
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda militsiya xodimlarini suratga olishni taqiqlovchi qonun loyihasi qabul qilinmadi

Deputatlar bunday repressiv qonunga hojat yo‘q, degan xulosaga kelib, uni rad etishdi.

Foto: kaktus.media

Qirg‘iziston Jogorku Keneshi (parlament) yig‘ilishida militsiya xodimlarini foto va videosuratga olishni taqiqlovchi qonun loyihasi deputatlar tomonidan rad etildi.

Jinoyat va Huquqbuzarliklar kodeksiga taklif etilayotgan o‘zgartishlar davlat organlari mansabdor shaxslari, shuningdek, boshqa shaxslarning o‘z kasbiy vazifalarini bajarish chog‘ida suratga olish va videoga olish taqiqlanishini nazarda tutar edi. Bundan tashqari, «obro‘sizlantiruvchi» fotosurat va videolarni internetga joylashtirganlik uchun 5 ming qirg‘iz so‘mi miqdorida jarima yoki 7 sutkagacha qamoq taklif qilingan edi.

«Fuqarolar o‘zini himoya qilish uchun videoga olish huquqiga ega. Xalqqa jarima va qamoqqa olish bilan tahdid qilish kerak emas», dedi deputat Baxtiyor Kalpayev qonun loyihasi muhokamasida. U nega huquqiy ma’lumotga ega huquq-tartibot idoralari xodimlari amaldagi qonunlar doirasida o‘z huquqini himoya qila olmaydi va ularni bunday repressiv qonun bilan himoya qilishni so‘raydi, degan savolni o‘rtaga qo‘ydi.

Qonun loyihasi tashabbuskori Suyun Omurzoqov bu faqat xodimlarni obro‘sizlantirish maqsadida video montaj qilinishini nazarda tutayotganini aytdi va «jamiyatning faqat ayrim qatlamlarigina bunga qarshi» ekanini ta’kidladi.

Yakuniy ovoz berish natijasida qonun loyihasi qabul qilinmadi.

Mavzuga oid