Jahon | 14:22
2679
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda ta’lim vaziri mast holda mashina boshqarib qo‘lga tushdi

Prezident Sadir Japarov uni «davlat xizmatchisi etikasiga rioya etmagani» uchun lavozimidan ozod etgan.

Foto: KABAR

Qirg‘iziston fan, oliy ta’lim va innovatsiya vaziri Baktiyar Orozov lavozimidan olindi. Mamlakat prezidenti Sadir Japarovning 15 dekabr kuni imzolangan tegishli farmonida Baktiyor Orozov «davlat va munitsipal xodimlarning etika me’yorlarga rioya qilmagani» qayd etilgan.

Uning ishdan ketishi mast holda mashina boshqarib qo‘lga tushishi ortidan ro‘y berdi.

Kaktus.media nashri xabar berishicha, 15 dekabrga o‘tar kechasi, soat tungi 1:40 atrofida Orozov Chuy viloyati Koy-Tosh qishlog‘ida mast holda mashina boshqarayotgan vaqtida to‘xtatilgan.

Viloyat YHXB xodimlari uni spirtli ichimlik ta’sirida avtomobil boshqarishda gumonlagan.

Nashr e’lon qilgan videoda amaldorning o‘zi pivo ichganini tan olgan.

Viloyat YHXB ko‘p o‘tmay uning alkogol iste’mol qilgani tasdiqlanganini ma’lum qildi.

«Tekshiruv davomida haydovchida alkogol mastligi belgilari kuzatildi. Shuning uchun u Bishkek markaziy narkologiya bo‘limiga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yuborildi va uning alkogol iste’mol qilgani tasdiqlandi. Haydovchiga nisbatan Huquqbuzarlik kodeksining 193-moddasi bo‘yicha bayonnoma tuzildi. Avtomobil ixtisoslashtirilgan jarima maydonchasiga joylashtirildi», – deyiladi xabarda.

Baktiyar Orozov 2025 yil mayida ta’lim vaziri etib tayinlangandi. Undan oldin ta’lim vaziri birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Mavzuga oid