O‘zbekiston | 11:13 / 28.07.2021
27191
12 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning jiddiy ekologik muammolari: sabablar, yetarli bo‘lmayotgan kurash va oqibat - Ekoqo‘mita raisi bilan intervyu

26 iyul kuni Toshkent shahri Sergeli tumanida Ekologiya qo‘mitasi raisining sayyor qabuli o‘tkazildi.

Kun.uz muxbiri sayyor qabul yakunida Qo‘mita raisi Alisher Maqsudov bilan O‘zbekistonda dolzarb bo‘lib turgan ekologik muammolar, ularning yechimlari, ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘mita va uning rahbariyatiga bildirilayotgan tanqidiy fikrlar hamda Qo‘mita oldida turgan dolzarb vazifalar yuzasidan intervyu uyushtirdi.

— Oxirgi yillarda mamlakatda bo‘y ko‘rsatayotgan ekologik muammolar, qayta-qayta takrolanayotgan ekologik jinoyatlar O‘zbekistonning jinoiy, ma'muriy qonunchiligida ekologik qonun talablarini buzganlik uchun javobgarlik masalasi qat'iy harakterda emasligini ko‘rsatmoqda.

Sizningcha, bu boradagi tartiblarni qat'iyroq belgilash vaqti kelmadimi?

— Ekologiya qonunchiligini kuchaytirish uchun ko‘p qonunlar chiqyapti. Joriy yil boshidan buyon ikkita ana shunday qonun chiqdi. Shuningdek, bu borada prezident qarori ham qabul qilindi. Katta bir ilmiy akademik jamoa yana boshqa qonunchilik ustida ish olib bormoqda.

—Xo‘sh, yaqin vaqt ichida biz bu sohada aynan qanday o‘zgarishlarni kutishimiz mumkin?

— Hozirgi kiritilayotgan qonunchilikdagi o‘zgarishlar maishiy chiqindilar, daraxt kesishga qarshi kurash, shuningdek, karerlar faoliyatini tartibga solish kabi yo‘nalishlarda olib borilyapti.

— Aynan sizning imzoingiz bilan vahshiylarcha otilgan qo‘ng‘ir ayiq masalasi. Bu borada qo‘mitaning turli mutaxassislari tushuntirishlar berishdi. Bugun o‘zingiz bu masalada tushuntirish bersangiz.

— Qo‘ng‘ir ayiqni otish masalasida davlat Ekologiya qo‘mitasining o‘zi qaror qabul qilmagan. Ruxsat bergan komissiya tarkibida Fanlar akademiyasi olimlari, akademiklar, fan doktorlari bor va bu ishning hisob-kitobi qilib bo‘lingandan keyin shu qarorga kelingan va men faqat tasdiqlab berganman.

— O‘rganishlarim bo‘yicha, «Qizil kitob»ga kiritilgan hayvonlar soni bo‘yicha akademiya ma'lumotlari ham ayrim holatlarda taxminlarga asoslanadi. Ekologiya qo‘mitasi buni nazoratga olishi kerak emasmi?

— Komissiya tarkibida faqatgina FA olimlari emas, boshqa tashkilotlardan ham vakillar kiritilgan. Eshitgan bo‘lsangiz, Surxondaryoda ayiqlar tomonidan 40ta qo‘y bo‘g‘izlab tashlangan, Qashqadaryoda esa aytib bo‘lmaydigan darajada ishlar bo‘lgan. Mana shu kabi holatlarni ishchi guruh o‘rganib chiqqandan keyin xulosasini beradi. Bitta tashkilot xulosasiga ko‘ra ish tutilmaydi, men bunga ishonmayman, boshqalarning ham xulosalarini olish kerak.

Ikkinchi qo‘ng‘ir ayiq masalasiga kelsak, bu ov to‘xtatilgan, men bunga hozircha ruxsat bermayman. Komissiya ayiqlarni yana bir marta o‘rganib chiqadi, Qo‘mita uchun dronlar olib keltirganman, qaytadan sanab chiqiladi. Ular ishni Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidan boshlashdi, o‘rganib chiqib, har biriga markerovka qo‘yilganidan so‘ng ruxsat berilishi mumkin.

— O‘zbekistonning sohadagi og‘riqli muammolaridan biri suv tozalash inshootlarining ahvoli masalasi. Bunda suv tozalash inshootlari respublika bo‘yicha faqat Toshkent, Navoiy va qisman Samarqandda bor. Qolgan viloyatlarda barcha chiqindilar, jumladan, inson axlati to‘g‘ridan to‘g‘ri daryoga oqiziladi. Bu o‘z o‘rnida epidemik xavfli vaziyat degani. Bu masalada Qo‘mita qanday ishlarni reja qilgan?

— To‘g‘ridan to‘g‘ri deb bo‘lmaydi-yu, lekin bu holat mavjud. Prezident qarori chiqib, pullar ajratib berilgan. 2025 yilgacha tozalash inshootlari boshqatdan ko‘rib chiqiladi, Bektemirdagi inshootlar ustini yopish, boshqa yerga ko‘chirish ishlari olib boriladi.

Namanganda ham tozalash inshootlari qurilyapti, bu zamonaviy tozalash inshootining Markaziy Osiyoda muqobili yo‘q. Barcha ishlar reja bo‘yicha ketyapti, 2025 yilgacha to‘liq uddalaymiz.

— O‘zbekistonda daraxtlar kesilishi eng og‘riqli va ayni paytda unga qarshi amaldagi kurash uslublari yetarli bo‘lmayotgan masalalardan biri. Ayrim paytlarda biz hatto Qo‘mita qayerlardadir daraxt kesilishini oqlab berayotgani, kesuvchilarga «advokat» rolini o‘tayotganini ko‘ryapmiz. Bu borada Qo‘mita raisi sifatida nima deysiz?

— Ekologiya qo‘mitasi birorta daraxt kesilishiga ruxsat bermagan. To‘g‘ri, uni ko‘chirishga ruxsat berilishi mumkin. Moratoriy hozir ham ishlayapti. Daraxt kesayotganlarga qattiq chora ko‘ryapmiz. Daraxt turi va hajmiga qarab jarimalari ham katta. Albatta, katta qurilishlar, proyektlar bo‘lyapti, ularni o‘zgartirishga harakat qilyapmiz, tan olish kerak bir-ikkita daraxt kesilyapti.

Yaqinda Samarqandda bir obektda daraxtni kesish uchun hiyla ishlatishgan, uni qurigan qilib ko‘rsatish uchun tagini kovlab, keyin yopib qo‘yilgan va bir oydan so‘ng ko‘rsatyapti, mana daraxt qurigan, deb. Biz bunday holatlarga ham qattiq chora ko‘ryapmiz.

— Siz hozir bitta-ikkita daraxt haqida gapiryapsiz, lekin O‘zbekistonda va xususan Toshkentda yuzlab daraxtlar kesilyapti.

Yaqinda bir ayol bloger va uning yozgan masalasi bo‘yicha hokim o‘rinbosari bilan shaharga chiqdik. Bitta tomning ustiga yiqilish xavfi bo‘lgan qurigan daraxtni kesib tashlashgan. Shunday holatda ham ekologiya ruxsat bermasdan kesgani uchun jarima yozdik. Blogerlar ko‘pincha aniq ma'lumot berishmayapti. Agar aniq ma'lumot va savol berishsa, men istalgan vaqt javob berishga tayyorman.

— Olimlarning ta'kidlashicha, har 20 ming kishi uchun kamida 1 gektar daraxt kislorod ishlab chiqarishi kerak ekan. Xo‘sh, bu borada Toshkentda ahvol qanday?

— To‘g‘ri savol beryapsiz, daraxtlar yetarli, lekin uni parvarish qiladigan egasi yo‘q. Deylik, yo‘q yoqasida turgan daraxt, kimdir ekib ketgan, qarovchi yo‘q. Biz shunday tizim qilyapmizki, har bir daraxtning egasi bo‘lsin. Bir yilda respublika bo‘yicha 208 mln daraxt ekiladi, agar ularning egasi bo‘lsa, o‘rmonzor bo‘lib ketishi kerak edi. Hozir katta ish olib boryapman, har bir daraxtning egasini topish kerak, shuni hal qilsak, bunda muammo bo‘lmaydi. Bundan tashqari yashil zona, uchta halqa yo‘llari bo‘yicha katta loyihalar qilyapmiz. Qurilish vazirligi bilan hamkorlik qilyapmizki, qurilish loyihasiga daraxt ekiladigan joyini ham qo‘shishsin.

Xorijiy mamlakatlar tajribasida ko‘rinadiki, har qanday qurilish bo‘lmasin, daraxtlar saqlab qolinadi va ekologiyaga bo‘lgan munosabat boshqacha.

Hozir shahardagi bir mahalladan kelishdi. Ko‘p qavatli uy yonida avtoturargoh qurilishi uchun 4ta daraxt xalal berayotgan ekan, lekin ularga bu daraxtlarni kesishga ruxsat bera olmasligimni aytdim va o‘rganib ko‘rish uchun xodimlar biriktirdim, 2tasi qurigan bo‘lsa tekshirishda aniqlansa, kesishga ruxsat beraman. Proyektda Qo‘mitaga aloqador mansabdorlar ruxsatnomaga qo‘l qo‘yadigan bo‘lsa, javob beradi.

— Toshkentda yer ustida metrosi qurilishi munosabati bilan katta-katta daraxtlar tepasi kesilib, quruq ildizi yozning issiq kunida toshloq yerga ko‘chirilgan, natijada daraxtlar qurigan. Saytimizda shu holatga bag‘ishlab ko‘rsatuvlar va maqolalar e'lon qilindi. Bunga Qo‘mita qanday yo‘l qo‘ygan? Qo‘mita nazorat qilishi kerak emasmidi?

— Siz aytayotgan voqea shu yil bo‘lganmi? Qo‘mitadan hech kim bunga ruxsat bermagan.

— Toshkentdagi park va istirohat bog‘lari haqida. Bugun poytaxtda ko‘plab istirohat bog‘lar xususiylashtirilyapti, degan sabab bilan yopib qo‘yilgan. Odamlarda dam olish uchun joylar yetarli emas. Qo‘mitaning bu masalada o‘rni qayerda?

— Masalan, yaqinda Chilonzor tumanidagi park ichiga kirdik, o‘rganyapmizki, haqiqatan daraxt ko‘chirilishi ham, kesilishi ham bor. Lekin ular shartnoma bo‘yicha shunday daraxtlar olib kelishyaptiki, ertaga odamlar havas qiladi. Agar bitta daraxt kesishga ruxsat olsa, o‘rniga 10ta daraxt ekishi shart.

Samarqandda hozir katta bir tadbirga tayyorgarlik ko‘rilyapti. Ekish uchun chet eldan olib kelinayotgan daraxtlarni ko‘rsangiz havasingiz keladi. O‘zim ham borib ko‘rdim, o‘sha payti 16ta katta yuk mashinasida juda qimmatbaho daraxtlar olib tushishdi. Biz nazorat qilyapmizki, kesganidan qimmatbaho bo‘lgan 10ta daraxtni olib kelib ekadi.

— Mutaxassislarga ko‘ra, kelajak uchun ignabargli daraxtlar unchalik samara bermaydi, balki yirik bargli daraxtlar ekilishi zarur. Biz hozir baland binolar quryapmiz, lekin ularning atrofiga archa ekib qo‘yamiz. Bu borada nega siz rahbarlik qilayotgan Qo‘mita ularga tavsiyalar bermaydi?

— Biz hozir mevali daraxtlarga e'tibor beryapmiz. Eslasangiz, bir vaqtlar ko‘chada olma ham, gilos ham, uzum ham bor edi. Hozir esa aytganingizdek, archa bosib ketdi. Endi yana o‘sha eskidagidek mevali daraxtlarga e'tibor qaratyapmiz.

— Chiqindilarni yig‘ib olib, qayta ishlash bo‘yicha har bir tumanda klasterlar tashkil etish bo‘yicha prezident qarori chiqqan edi. Bugun bu borada harakatlarni sezmayotgandekmiz?

— Bu masalada ish to‘xtab qolmagan. Tenderlar davom etyapti, Navoiy, Farg‘ona, Andijon, Buxoro viloyatlarida ochilgan, ishlayapti. Joriy yil 100 foiz klasterga o‘tishi kerak. Yaqinda ham 9tasi o‘tdi, yana 24tasi tenderda turibdi, kim yutib olsa, shartnoma qilamiz.

Chiqindi 2016 yil 9 foiz yig‘ib olingan bo‘lsa, hozir qamrov 90 foizga chiqdi.

— Zarafshon daryosi qurib borayotgani sabablaridan biri karerlarning tinimsiz ravishda daryo o‘zanlaridan qum-shag‘al kavlab olayotgani hisoblanadi. Nega karerlar faoliyatiga taqiq qo‘yilmayapti?

— Bosh vazir yil boshida aniq topshiriq berdi, bu boradagi ishlarning barchasini qaytadan ko‘rish kerak. Bevosita Jizzax viloyatidan poyezdda o‘tayotganda ikkita karerni ko‘rgan va keyin to‘xtatish bo‘yicha topshiriq berdi. Bundan tashqari Samarqandda ko‘p karerlar to‘xtatilgan. Avvallari juda ko‘p edi, hozir ikki-uchta qonuniy ishlab turgani qoldi. Ular ham tadbirkor, noto‘g‘ri ish yuritsa, ularni ham to‘xtatamiz.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Tasvirchi – Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid