O‘zbekiston | 12:22 / 18.02.2022
12287
3 daqiqa o‘qiladi

«YTHlarning katta qismi Damas’lar ishtirokida sodir bo‘lmoqda» – Senat raisi

Senat raisi Tanzila Norboyevaning ta’kidlashicha, 2021 yilda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarining 21 foizdan ortig‘i Damas’lar ishtirokida ro‘y bergan.

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

«Hududlarning jamoat transporti (avtobuslar) bilan ta’minlanish darajasi juda past. Respublika bo‘yicha har ming nafar aholi uchun o‘rtacha 0,5ta avtobus to‘g‘ri keladi. Vaholanki, rivojlangan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 2tani tashkil qiladi.

Qolaversa, hududlardagi yo‘nalishli taksilar, ya’ni Damas avtomobillarini tartibga solish zarur. Bugungi kunda yo‘lovchilarning 72 foizi aynan ushbu transport vositasidan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. Eng achinarlisi, yo‘l-transport hodisalarining katta qismi Damas’lar ishtirokida sodir bo‘lmoqda. Masalan, 2021 yilda ro‘y bergan yo‘l-transport hodisalarining 21 foizdan ortig‘i ushbu transport turi ishtirokida ro‘y bergan», deya Tanzila Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Senat raisi O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi majlisida yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq masalalarni tanqid ostiga oldi. Tanzila Norboyeva 2019 yilgi yo‘l-transport hodisalari oqibatida fuqarolarning halok bo‘lishi reytingida O‘zbekiston 179ta mamlakat orasida 117-o‘rinni egallagani, halok bo‘lish darajasi har 100 ming nafar fuqaroning 11,7 foizini tashkil etganini ta’kidladi.

“Birgina 2021 yilning o‘zida 10 001ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilishi va bu ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan 43 foizga (6 982ta) ortgani insonni dahshatga soladi. Eng achinarlisi, yo‘l-transport hodisalari oqibatida fuqarolar o‘limi darajasi yil sayin ortib borayotganini alohida qayd etish joiz.

Xususan, 2019 yilda ushbu hodisalarga uchraganlarning 20,7 foizi halok bo‘lgan bo‘lsa, 2020 yilda ularning 23 foizi hamda 2021 yilda esa 21 foizi halok bo‘lgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan Yo‘l harakati xavfsizligining holati to‘g‘risida global hisobot tayyorlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu hisobotda mamlakatlarning yo‘l-transport hodisasi oqibatida fuqarolarning halok bo‘lishi reytingi aniqlanadi.

2019 yil reytingiga ko‘ra, 179ta mamlakat orasida O‘zbekiston 117-o‘rinni egallab, respublikamizda halok bo‘lish darajasi har 100 ming nafar fuqaroning 11,7 foizini tashkil etgan. Yevropa va Osiyo mintaqasidagi rivojlangan mamlakatlar ko‘rsatkichiga e’tibor bersangiz, ularda bunday hodisa oqibatida halok bo‘lish darajasi o‘rtacha 2–6 foizni tashkil etmoqda. Vaholanki, bu mamlakatlarda aholi soni ham, avtomobillar soni ham bizdan bir necha baravar ko‘p”, deb aytgan Senat raisi.

Mavzuga oid