17:39 / 24.11.2023
9358

O‘zbekistonda sug‘oriladigan yerlarning yarmidan ko‘pi sho‘rlangani ma’lum qilindi

So‘nggi yillarda olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, respublikadagi sug‘oriladigan yerlarning qariyb 53 foizi turli darajada sho‘rlangan. Ikki yil oldin bu ko‘rsatkich 45 foiz ekani ma’lum qilingandi.

Foto: Kun.uz

Senatorlar tomonidan “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, yer yuzidagi bugungi ekologik omillarning keskin o‘zgarishi yer va suv resurslaridan samarali foydalanishga, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligi va sifatini oshirishga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash va iste’mol ratsionini yaxshilash, tuproq unumdorligini oshirish, saqlash va asrab-avaylashni talab etmoqda.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda olib borilgan tadqiqotlar respublikada sug‘oriladigan yerlarning qariyb 53 foizi turli darajada sho‘rlangani, 69 foizga yaqin tuproq ustki qatlamida gumus miqdori bor-yo‘g‘i 0,5-1 foizni tashkil etgani, 600 ming gektar yaylov yerlari degradatsiyaga uchraganini ko‘rsatgan.

Ma’lumot uchun, 2020 yil 1 oktyabr holatiga O‘zbekistondagi sug‘oriladigan yerlarning 44,7 foizi turli darajada, xususan 31,0 foizi kuchsiz, 11,9 foizi o‘rtacha, 1,9 foizi esa kuchli sho‘rlangani aytilgandi.

Foto: Senat matbuot xizmati

Qonun bilan yer fondining barcha toifalaridagi tuproqning unumdor va tuproq hosil qiluvchi qatlamlari tuproqni muhofaza qilish obekti etib belgilanmoqda. Shuningdek, qonunda tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi davlat nazorati, yer egalarining, yerdan foydalanuvchilarning va yer uchastkalari ijarachilarining huquq va majburiyatlari mustahkamlanmoqda.

Tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilish, tuproqlarning holatini yaxshilash, unumdorligini saqlash, shuningdek, mas’ul vazirlik va idoralarning vakolatlari, yerlarni rekultivatsiya qilish, tuproq holati va sifatiga ta’sir qiluvchi loyihalar, vositalar va texnologiyalarni davlat ekspertizasidan o‘tkazish masalalari ham hujjatda o‘z aksini topgan.

Foto: Senat matbuot xizmati

Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tuproqqa yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini talab qilish huquqi belgilanyapti. Shaharsozlik faoliyatini, geologik qidiruvni va foydali qazilmalarni qazib olishni, shuningdek qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish chog‘ida tuproqning unumdor qatlami sidirib olinmagani va saqlanmagani fakti aniqlangan taqdirda, yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi mustahkamlanmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Top