O‘zbekiston | 17:10 / 18.11.2024
6480
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Askiya bozori joylashgan yer investorga beriladi

Yakkasaroy tumanidagi Askiya dehqon bozori qayta qurilib, yerosti avtoturargoh, ekobozor, sovutkich omborxona va 4 yulduzli mehmonxona barpo etiladi. 150 mln dollarga baholanayotgan loyiha muallifi hozircha ma’lum emas. Iqtisodchi Otabek Bakirovning so‘zlariga ko‘ra, 1,8 gektarlik hududni egallagan Askiya bozori yer qiymatining o‘zida baholansa ham, 27 mln dollardan kam turmaydi.

Foto: Yakkasaroy tumani hokimligi

Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi Askiya dehqon bozori qayta quriladi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, 16 noyabr kuni “Ateca Hotel Suites” mehmonxonasida loyiha bo‘yicha taqdimot bo‘lib o‘tgan. Unda Yakkasaroy tuman hokimi Nilufar Allabergenova, uning o‘rinbosarlari, mas’ul tashkilot rahbarlari, bozor ma’muriyati va tadbirkorlar ishtirok etgan.

Nilufar Allabergenovaning so‘zlariga ko‘ra, aholi va tadbirkorlarga qulay va shinam sharoitlar yaratib berish, eskirib qolgan bozorni zamonaviy ko‘rinishga qayta qurish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Bu borada bir necha investorlar tomonidan bozorni qayta qurish bo‘yicha takliflar bildirilgan. Shu sababli bozor hududini “e-auksion” platformasi orqali investorlarga taklif etish rejalashtirilmoqda.

Foto: Yakkasaroy tumani hokimligi

Yakkasaroy hokimining aytishicha, sotib olish taklifi bilan chiqqan investor quyidagilarni Askiya bozorining boshqaruvchisi bo‘lgan jamiyatga beg‘araz o‘tkazib berishi kerak:

  • 3000 kv metr maydonda ekobozor;
  • 1200 kv metr maydonda sovitkich omborxona;
  • 400 o‘ringa mo‘ljallangan yerosti avtoturargoh.

Bu talablar Toshkent shahar hokimligi, Davaktiv agentligi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi va Munitsipial aktivlarni boshqarish markazi bilan kelishilgani aytilmoqda.

Foto: Yakkasaroy tumani hokimligi

“Loyiha amalga oshirilishi natijasida 150 mln dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtiriladi. Yangi bozor yonida jahon standartlariga mos ravishda quriladigan 4 yulduzli mehmonxona ish faoliyatini boshlaydi. Loyiha yirik savdo kompleksini o‘z ichiga olib, unga ham jahon standartlari asosida yulduz olinadi. Loyiha to‘liq quvvatda ishga tushirilishi natijasida esa 1000 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi”, deyiladi hokimlik xabarida.

Yangi bozor hududida velosipedlar uchun joy, o‘rindiqlar, Wi-Fi zonalari, ko‘ngilochar va yashil hududlar tashkil etish ham rejalashtirilgan.

Foto: Yakkasaroy tumani hokimligi

Ta’kidlanishicha, qurilish ishlari jamiyat hududidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bozori faoliyatiga ta’sir o‘tkazmaydi, ya’ni ushbu bozor faoliyatini to‘liq saqlagan holda amalga oshiriladi. “Ekobozor” qurilishi yakunlangach, dehqon bozori u yerga bosqichma-bosqich ko‘chiriladi.

Rasmiy xabarda 150 mln dollarga baholangan loyihani qaysi tashkilot ishlab chiqqaniga aniqlik kiritilmagan.

Foto: Yakkasaroy tumani hokimligi

Avvalroq, Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Yunusobod dehqon bozori va Ahmad Donish bozorini olti qavatli qilib qayta qurish rejalashtirilayotgani xabar qilingandi.

“Bozor yerining o‘zi 27 mln dollardan kam emas”

Iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra, Askiya bozori bo‘yicha taklif etilayotgan sxemadan na davlat budjeti, na mahalliy budjet bir so‘m ham olmaydi.

“Marhamat, bozorni sotishmoqchimi, ochiq auksion o‘tkazishsin, istalgan talabgor minimal shartlar bilan savdoga kiritilsin. O‘sha 150 million dollarlik investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan Mister Iks investor ham qatnashsin, gar shunchalik zo‘r bo‘lsa (falon million investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan shalash kontoralar nega o‘zlarini, manbalarini, kelib chiqishini yashirishadi). Ochiq savdoda bozor uchun kim ko‘p to‘lasa haloli bo‘lsin.

Foto: Yandex Maps

Askiya bozori, ma’lumot uchun Toshkentning eng qimmat lokatsiyasida, 1,8 gektar hududda joylashgan. Hozir borib so‘rashingiz mumkin, bozor atrofidagi yer maydonlari, agar topa olsangiz, sotixi 150 ming dollar atrofida. Bozor qup-quruq yerning o‘zida baholansa ham, 27 mln dollardan kam emas. Bu pulga Yakkasaroyda kamida ikki va uch smenada o‘qiyotgan bolalar uchun 15 ta eng qoyilmaqom maktab qursa bo‘ladi. Hech kim saylamagan hokimiyat pul yo‘q deb 3 yildan beri saratondan o‘layotganlar uchun bitta hospis qurib bera olmaydi. Qanaqadir uyat va sharmandalik”, deya yozdi iqtisodchi.

Bakirovning qo‘shimcha qilishicha, Yakkasaroy So‘x, Mo‘ynoq yoki Sherobod kabi chekka tuman emas, balki Toshkentning qoq markazida joylashgan. U shundan kelib chiqib eng qimmat joylarni “investitsiya kiritish” shabloni bilan “sovg‘a qilish”ni to‘xtatishga chaqirdi.

Mavzuga oid