Jamiyat | 18:48 / 22.10.2018
146129
7 daqiqa o‘qiladi

O‘z yurtida og‘ir ahvolda kun kechirayotgan qashqadaryoliklarga kim yordam beradi?

 Dunyo sinov dunyosi. Buni barchamiz e’tirof etamiz. Alloh kimnidir to‘kin-sochinlik, boylik ne’mati bilan siylasa, boshqa bir bandasini qashshoqlik, yetar-yetmaslik bilan sinaydi. Shu bilan, shubhasiz, o‘sha qashshoq inson atrofidagilar ham sinaladi. Siz-u biz sinalamiz. Kimimiz ularga xayr-saxovat qo‘limizni cho‘zsak, ehtimol yana kimdir ularni qo‘l uchida ko‘rsatar! 

Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari bo‘ylab xizmat safarimiz chog‘ida shu yilning yoz oylarida bo‘lganimiz shunday oilalardan biri – Talimarjon shaharchasi “Obod” mahallasi, Ulug‘lik ko‘chasi, 3-, 5-uylarda yashab kelayotgan oilalar holidan yana bir bor xabar oldik. Mahalla raisi Said aka Ro‘ziyevning aytishicha, mahallada Karimov Davron va u bilan yon qo‘shni bo‘lgan qaynotasi To‘rayev Qodir xonadoni ahllari haqiqatdan ham juda og‘ir iqtisodiy sharoitlarda yashab kelishadi. Bunday oilalar esa, mahallada 5ta. Ro‘ziyevning so‘zlariga ko‘ra, mahallaning o‘z fondi bo‘lganida, balki ushbu oilalarga o‘z vaqtida yordam berish imkoni bo‘lar edi. 

Youtube'da ko‘rish

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Facebook'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

Ta’kidlash o‘rinliki, Nishon tumanining o‘sha vaqtdagi hokimi Asror Jo‘rayev bizning avvalgi tashrifimizda (2018 yil may oyi boshlari) ayni oila sharoitini yaxshilash, turmush o‘rtog‘i va farzandini (oilaning to‘ng‘ich farzandi, otasi kabi payvandchi, ammo Qozog‘istonda) ishga joylashtirish masalasida yordam berishga va’da bergan edi. Afsuski, hokim so‘zlari va’daligicha qolib ketibdi. 

Qolaversa, Karimov Davronning uyi qulab ham tushgan. Hashar yo‘li bilan qurilayotgan uyning bitishidan hali darak yo‘q. Buning uchun xonadon ahlida mablag‘ tanqis. Eru-xotin nafaqada bo‘lgan To‘rayev Qodir akaning yashab turgan uyi ham ana-mana qulab tushadigan. Zudlik bilan chora ko‘rilmasa, bu yilgi qish mavsumi og‘ir kelsa, ular ko‘chada qolish ehtimoli ham yo‘q emas.

Bundan tashqari, tumanning Juma qishlog‘ida amal-taqal kun kechirib, Bahriddin ismli ukasini (1990 yilda tug‘ilgan, 2-guruh nogironi va aqli birmuncha zaif) o‘z qaramog‘ida boqib kelayotgan Choriyeva Nasibaning ham yashash sharoiti bilan tanishdik. Agar bularni sharoit deyish mumkin bo‘lsa? Uning aytishicha, ota-onalari yoshligida vafot etishgan, bir singlisi turmushga chiqqan. O‘zi ukasiga qarovchi kerakligi bois, turmushga chiqishni xayoliga keltira olmaydi.

Opa-uka bugungi kunda bittagina xonadan iborat, mahalladan uzoqroq, dalaning qoq o‘rtasida qurilgan, vaqtinchalik dala shiyponida yashashmoqda. Buni ham mahalla raisi o‘rtaga tushib, bir fermerdan vaqtincha olib bergan. Zax, poli yo‘q, yomg‘ir yog‘sa, shiftidan tomchi tomadigan uy. 

Biz shunday hamyurtlarimiz ham, qanchalik og‘ir sharoitda ekanliklariga qaramay, nimagadir umid qilib yashayotganlariga havas qilamiz. Eh, Hazrati Inson! Ularni shunday atash joizdir, balki! Ammo, o‘sha hududlarda ham o‘ziga to‘q, badavlat oilalar borligi shubhasiz. Faqat qalbimni bir savol o‘rtaydi: nahotki, ular o‘z yurtdoshlari, mahalladoshlarining taqdiriga shunchalik befarq bo‘lishsa?! Shu bilan birga, ularning topgani, cho‘ntagidagi mablag‘ini hisob-kitob qilishdan yiroqman, ammo shunday oilaga 2 xonaligina uyni qurib berish 4-5 badavlat insonlarimizga arzimagan narsaga aylanadi. Qolaversa, sadaqai joriya oxiratga zaxira bo‘ladi. Jamiyatda o‘zaro mehr-muhabbat uyg‘onadi, kuchayadi. 

Nishon tumanida boylar bo‘lmasa, boshqa viloyatlardagi boylarimiz ham shunday xayrli ishlarda namuna bo‘lsalar, kambag‘al-qashshoq fuqarolarimiz uchun davlat qurib bersin, fikridan uzoqlashgan holda, o‘zlaridan tashabbus ko‘rsatib, uy-joy qurib berish amaliyotini joriy qilsalar, olam gulistonga aylanmasmidi? 

Biz opa-ukaning umidvor, lekin ma’yus ko‘zlariga boqa turib, mahalla idorasini izlashga tushamiz. 4 yil mobaynida “Nishon” MFY raisi bo‘lib ishlab kelayotgan Turopov Muzaffar aka bilan uchrashganimizda, Choriyeva Nasibaning moddiy ahvolidan xabardor ekanini aytar ekan, opa-ukaning “Yangi hayot” mahallasida otasidan qolgan 6 sotix yeri borligini bildirdi. Biroq u yerga oila rahbari vafot etishi tufayli uy-joy qurishning imkoni bo‘lmagan.

Turopov Muzaffar

Mahalla raisiga ko‘ra, Choriyeva Nasiba prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga bir necha bor murojaat qilganidan so‘ng, viloyat hokimligidan kelgan ishchi guruh uning ahvolini o‘rgangan, Qashqadaryo viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi unga uy-joyini qurib olishi uchun moddiy yordam sifatida 20 mln so‘m mablag‘ ajratadigan bo‘lgan. Keyinchalik, bu raqam 15 mln so‘mga tushgan.  

Ammo, biz viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi rahbari Eson Rajabov bilan telefon orqali bog‘lanib, mazkur masala bo‘yicha murojaat qilganimizda, Prezidentning PQ-3268-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat bo‘yicha 25 fuqaro ism-sharifi kiritilgan kam ta’minlangan oilalar ro‘yxati shakllantirilib, ularga lozim topilgan bo‘lsa, uy-joy, yoki mavjud uylari bo‘lsa, ta’mirlab berilgani, shu maqsadda har bir oila uchun 20 yoxud 15 mln so‘m emas, 10 mln so‘mdan moddiy mablag‘ ajratilganini bildirdi. 

Birlashma ixtiyoridagi maxsus ro‘yxatda Choriyeva Nasiba ism-sharifi yo‘q. Shunga binoan, Rajabovning aytishicha, mahalla raisi noto‘g‘ri axborot bergan, chunki maxsus ro‘yxatga kiritilmagan fuqarolarga kasaba uyushmasi yordam bermaydi, balki bu ishni tuman hokimligi bajarishi lozim bo‘ladi.

Qayd etish joizki, maqolani tayyorlash jarayonida muxbir Nishon tumani hokimi Muxtor Hayitmurodov bilan telefon orqali bog‘lanib, mazkur muammo yuzasidan fikr almashdi. M.Hayitmurodov masalaga amaliy yondashishini bildirib, tez orada Choriyeva Nasibani uy-joy bilan ta’minlash masalasi hal bo‘lishini ta’kidladi. 

O‘ylaymizki, Nishon tumanining yangi tayinlangan hokimi Talimarjon shaharchasi, “Obod” mahallasida yashab kelayotgan kam ta’minlangan oilalar taqdiriga ham befarq bo‘lmaydi. Kun.Uz tahririyati ushbu oilalar muammolarining yechimi qanday hal etilishini kuzatishda davom etadi. 

Tolib Rahmatov,
Kun.uz muxbiri,
Muhammadjon G‘aniyev,
operator

Mavzuga oid