Chilonzordagi qurilish maydonida 700 ga yaqin daraxt yo‘q qilindi
Toshkentning Seul ko‘chasida barpo etilayotgan majmualar qurilishida yuzlab daraxtlar yo‘q qilingan. Kun.uz surishtiruvida ma’lum bo‘lishicha, holat yuzasidan jinoyat ishi ochilgan.
Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan, xalq tilida “O‘zbekfilm” ko‘chasi deb ataladigan mahallada, Bo‘rijar kanali bo‘yida yashaydigan aholidan tahririyatimizga murojaat bo‘ldi. Hududdagi qurilishlardan aziyat chekayotgan aholining dardiga quloq tutdik.
Ularning aytishicha, “Seoul Mun” deb atalgan loyiha doirasida necha yildirki olib borilayotgan ishlar tufayli aziyat chekmoqdalar.
“Mutasaddilar biror qurilish uchun imzo chekib berishdan oldin kelib aholi bilan uchrashib, haqiqiy holatni o‘rgansalar bo‘lmaydimi? Bizdan ham kimdir fikr so‘raydimi?” deydi mahalla fuqarosi Shahzoda G‘aniyeva. Uning aytishicha, narigi sohilda olib borilgan buzish-qurish ishlaridagi zarbalar tufayli aholi uylarining devorlari yorilgan, cho‘kkan. Qolaversa, qurilish oqibatida ko‘tarilgan changdan allergik kasallar orttirib olishgan.
“Bu ham yetmagandek, tozalash, tekislash ishlari olib borish bahonasida qirg‘oqdagi daraxtlarni yo‘q qilib tashlashdi. Mana endi uylarimizga yaqin joydagi yerlarni o‘rab olishyapti”, deydi yana bir fuqaro.
Voqea joyiga yetib kelgan faollar bu yerda daraxtlar kesilishi holatlari bo‘yicha aholining fikrlariga quloq tutdi va bu borada fikrlarini bildirdi. Deputat Rasul Kusherbayevga ko‘ra, hududda 700 tupga yaqin daraxt yo‘q qilib yuborilgan va bu ish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Moratoriy vaqtida birgina holatning o‘zida yuzlab daraxtlar yo‘qotilganini Kun.uz bilan suhbatda Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi Nazorat-inspeksiya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Ismatilla Muslimov ham tasdiqladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Seoul Mun” loyihasi uchun ajratilgan hudud “Ozun Tashkent Construction” MChJ XKga berilgan. Muslimovning aytishicha, qurilish ishlari boshlanishidan avval o‘tqazilgan ekologik ekspertiza natijasida quruvchi kompaniyaga bajarilishi shart bo‘lgan 20dan ortiq talablarni o‘z ichiga olgan ekologik xulosa berilgan. Ekologlar daraxtlarni ko‘chirib o‘tqazishga ruxsat bergan, lekin ko‘chirib o‘tqazilgan daraxtlar qurib qolsa yoki ko‘chirilmasdan kesilsa, javobgarlik borligi haqida ogohlantirgan.
“Inspektorlarimiz joyiga chiqib o‘rgangan. O‘rganish natijalariga ko‘ra, ushbu hududdagi daraxtlar “O‘rmon invest” tashkiloti tomonidan ko‘chirib o‘tqazilgani aniqlangan. Hozirda to‘plangan hujjatlar jinoyat alomatlari borligi sababli prokuratura organlariga yuborilgan.
Ko‘chirib o‘tqazganmiz deyishyapti, lekin aniq qayerga ko‘chirib o‘tqazganini ko‘rsatib bera olmadi. Bir-ikkita daraxtlarni ko‘rsatishdi, lekin ularning diametri birinchi xatlovdagi daraxtlarnikiga to‘g‘ri kelmadi.
Birinchi xatlovda hududda 690dan ortiq daraxt bo‘lgan, ular hozir yo‘q. Dalolatnoma rasmiylashtirib, Chilonzor tumani prokuraturasiga taqdim etilgan”, – dedi ekoinspeksiya vakili.
“Ozun Tashkent Construction” kompaniyasi yuristi Azim Maratov biz bilan suhbatda holat bo‘yicha munosabat bildirar ekan, aholi vakillari bilan uchrashishgani, ayni paytda olib borilayotgan qurilishning 2-bosqichida aholi uylariga ziyon yetkazilmayotgani, mahallaga bevosita yaqin bo‘lgan 3-bosqich ishlari esa hali boshlanmagani, hududni o‘rab olish ishlari xavfsizlik nuqtayi nazaridan qilinayotgani, bunga qonunan taqiq yo‘qligi, 3-bosqich qurilish bo‘ladigan joylarda daraxtlarga ziyon yetkazilmagani, u yerda daraxtlarni kesish yo ko‘chirib o‘tqazish ishlari qonunchilikka muvofiq, kerakli ruxsat olingach amalga oshirilishini aytib o‘tdi.
Ma’lum bo‘lishicha, “Seoul Mun” majmuasi uchun 3 gektar yer ajratilgan bo‘lib, u savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi, avtoturargoh va umumiy ovqatlanish shoxobchalarini o‘z ichiga oladi.
Yuqorida aytilganidek, ayni paytda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Kun.uz jinoyat ishidagi gumondorlar kimligi, kesilgan daraxtlarning nechtasi ko‘p yillik va qimmatbaho turdagi daraxtlar bo‘lgani va boshqa holatlar haqida ma’lumot olishga urinmoqda va voqealar rivojini kuzatib boradi.
Bobur Akmalov,
Muhiddin Nido,
Kun.uz
Mavzuga oid
18:52
Prezident Toshkentda «Xushnud» mahallasi aholisi bilan uchrashdi
16:37
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
10:51
Toshkent aeroportida eshitish qobiliyati cheklangan shaxslar ish boshladi
17:02 / 22.11.2024