Jamiyat | 12:03 / 30.10.2025
10425
3 daqiqa o‘qiladi

Isitish mavsumi qachon boshlanadi?

Amaldagi tartibga ko‘ra, sutkalik harorat 5 kun davomida ketma-ket 8 darajadan past bo‘lgandan keyin isitish mavsumi boshlanishi kerak. Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning aytishicha, bu qoida shu paytgacha ishlamagan, chunki sutkalik 10 darajaning o‘zidayoq uylar sovib ketadi. “Bu o‘zgartirilishi kerak bo‘lgan standart”, deydi u Kun.uz'ga. O‘zgidromet prognoziga ko‘ra, 30 oktyabrdan tungi harorat +8 - +10 darajagacha tushadi.

Foto: DimaBerlin / Shutterstock / FOTODOM

O‘zbekistonda markazlashgan issiqlik tizimiga ulangan ko‘p qavatli uylarda isitish davri tashqi haroratning o‘rtacha sutkalik harorati 5 kunlik davr mobaynida 8 darajadan past bo‘lgan kundan keyingi kundan boshlanishi, 8 darajadan yuqori bo‘lganda esa tamomlanishi belgilangan.

Xonadonlarni isitish ehtiyojlariga asosan issiqlik energiyasini berishda isitish davri hokimliklar tomonidan belgilangan muddatlarda boshlanadi va tamomlanadi.

Norma aniq bo‘lsa-da, har yili bir xil savol takrorlanadi: uylarga qachon issiqlik beriladi? Chunki sutkalik 8 darajaga yetib bormasdan ko‘p qavatli uylar sovib qoladi.

Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning Kun.uz'ga aytishicha, bu qoida hech qachon ishlamagan va uni o‘zgartirish kerak.

“Isitish davri boshlanishi uchun o‘rtacha sutkalik harorat 8 darajani tashkil qilishi kerak. Bu – harorat kunduzi 15–16 daraja, kechqurun esa 0–2 darajaga pasayishi kerak degani. Lekin biz hech qachon bu normadan kelib chiqib issiqlikni tarmoqqa ulamaganmiz. Shu sababli bu o‘zgartirilishi kerak bo‘lgan standart. Sutkalik harorat 10 darajaga tushishi bilan aholi dod deb yuboradi, chunki bino va inshootlarimiz sovet davridan qolgan, yangi qurilganlarining izolyatsiya tizimi tashqari sovuq bo‘lsa, ichki tomonni isitib beradigan qurilmalar bilan ta’minlanmagan. Bu qoida shu paytgacha ishlamagan, ishlamaydi ham”, – deydi mutaxassis.

Uning qo‘shimcha qilishicha, kelayotgan 7–8 kunlikda harorat kechqurunlari nol darajagacha tushib ketishi kutilmoqda. Bu taxminan 7 noyabrlarga to‘g‘ri keladi.

O‘zgidromet matbuot kotibi Nigora Toshxo‘jayevaning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, 30 oktyabrdan tungi harorat +8 — +10 darajagacha pasayishi va bu holat davom etishi kutilmoqda. Biroq kunduzgi harorat +18 — +22 darajada saqlanib turadi. U “bu harorat isitish mavsumini boshlashga asos bo‘ladimi?” degan savolga quyidagicha javob berdi:

“Biz tegishli tashkilotlarga har kuni ma’lumot kiritib boramiz. Faktik holat tasdiqlansa, albatta, bu asos bo‘ladi. Lekin o‘rtacha sutkalik harorat 8 darajadan oshiqroq bo‘lib turibdi”, – deydi u.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda isitish mavsumi 2024 yilda 7 noyabrdan, 2023 yilda 6 noyabrdan, 2022 yilda 22 oktyabrdan, 2021 yilda 12 oktyabrdan, 2020 yilda esa 15 oktyabrdan boshlangan.

Mavzuga oid