O‘zbekiston | 09:10 / 06.01.2024
5233
2 daqiqa o‘qiladi

Soliq va Bojxona qo‘mitalari har chorakda Qonunchilik palatasida hisobot beradi

Prezident tomonidan «O‘zbekiston Respublikasining «2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari haqida»gi qaror imzolandi.

Foto: Qonunchilik palatasi

Hujjat bilan 2024 yilda foyda solig‘i to‘liqligicha O‘zbekiston Respublikasi budjetiga yo‘naltiriladigan yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxati tasdiqlanmoqda.

2024 yilda uy-joy fondining ko‘chmas mulk obektlariga, shuningdek, ular egallab turgan yer uchastkalariga nisbatan:

  • 2018 yilda belgilangan kadastr qiymati asosida hisoblangan jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi, 2023 yil uchun hisoblab chiqarilgan soliq summasining 1,3 baravaridan oshmasligi;
  • jismoniy shaxslardan undiriladigan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun yer solig‘i summasi 2023 yilda hisoblab chiqarilgan soliq summasining 1,3 baravaridan oshmasligi lozim.

Endilikda Qonunchilik palatasi qo‘mitalarida:

  • xar olti oyda birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning budjet mablag‘laridan foydalanishi bilan bog‘liq maqsadli indikatorlari bajarilishi yuzasidan vazirliklar va idoralar rahbarlarining hisobotlarini;
  • har chorak yakunida Soliq qo‘mitasi, Bojxona qo‘mitasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Davlat budjeti daromadlari prognozi bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitib borish yo‘lga qo‘yiladi.

Respublika mulkida bo‘lgan ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari, jumladan tijorat banklarining (mahalliy hokimiyat organlari muassisligidagi jamiyatlardan tashqari) ijroiya organiga to‘lanadigan haq va ularning eng yuqori miqdorlarini belgilash hamda jamiyatning tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash belgilangan. Ularga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha masalalarni kuzatuv kengashi tomonidan ma’qullangandan so‘ng aksiyadorlar umumiy yig‘ilishiga kiritish tartibi joriy etiladi.

Mavzuga oid