O‘zbekiston | 19:44 / 05.04.2021
6245
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida 2ta yer usti ko‘priklari quriladi

2021 yilda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida 2ta zamonaviy yer usti ko‘priklari qurilishi mumkin. Bu haqda deputat Rasul Kusherbayev o‘z telegram sahifasida ma'lum qildi.

«Toshkent – Termiz M-39» avtomobil yo‘lining Yangiyo‘l tumanidan kesib o‘tuvchi «Chamanzor» va «Yangiyo‘l» mahallalari qismida piyodalar uchun 2ta yer usti ko‘prigi qurish masalasida bosh vazir Abdulla Aripov nomiga so‘rov kiritilgandi.

Ushbu mahallalar aholisi ijtimoiy soha obektlariga o‘tish uchun katta trassani kesib o‘tishga majbur, bu esa o‘sha yerda avariya xavfini oshirib, yo‘lovchilar hayotini xavfga solib keladi. Shu bois, saylovchilar uchrashuvlarda doim shu masalani ko‘tarishadi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, bosh vazir ushbu masalani inobatga olib, ushbu yer usti ko‘priklarini 2021 yilgi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha ishlab chiqiladigan dasturlar ijrosi uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshirish bo‘yicha hukumat a'zolari va boshqa mas'ullarga rasman topshiriq berib, dasturga kiritibdi», deyiladi xabarda.

Shuningdek, deputat hukumat tomonidan deputatlar takliflarining inobatga olinishini ijobiy hol deya ta'kidlab, bu amaliyot viloyat, tuman va shaharlar miqyosidagi deputatlar va ijro hokimiyatlari o‘rtasida ham faol davom etishi kerakligini aytgan.

«Demak, joriy yilda Yangiyo‘l tumanida «betonka» yo‘lini bemalol kesib o‘tsa bo‘ladigan zamonaviy ikkita yer usti ko‘prigiga ega bo‘lamiz», deya qayd etgan Kusherbayev.

Mavzuga oid