O‘zbekiston | 20:51 / 18.05.2021
24275
2 daqiqa o‘qiladi

Elektromobil sotib olganlik uchun yig‘im bekor qilinmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qabul qilgan qonunga ko‘ra, elektromobil sotib olish va uni O‘zbekistonga vaqtincha olib kirish uchun yig‘im bekor qilinadi.

Foto: Volvo

18 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar «O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqib, konseptul jihatdan qabul qildi.

Qonun loyihasi bilan elektr dvigateli orqali harakatlanadigan avtomototransport vositalarini sotib olish va (yoki) O‘zbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik olib kirish uchun yig‘im to‘lashdan ozod etilishi nazarda tutilyapti.

Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda O‘zbekistonga qiymati 2,9 mln dollar bo‘lgan 131 ta elektr transport vositasi import qilingan. Birgina joriy yilning ikki oyi davomida esa 85 ta elektromobil mamlakatga olib kelingan.

Amaldagi tartibga ko‘ra, avval foydalanilmagan yangi elektromobil sotib olganlik yoki uni O‘zbekiston hududiga vaqtincha olib kirganlik uchun xarid qiymatining 3 foizi miqdorida yig‘im undiriladi. Foydalanishda bo‘lgan elektromobillar uchun stavkalar farqlanadi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi har bir shahar va tumanlarining o‘ziga xos «o‘sish nuqtasi» deb aniqlangan faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha yangidan tashkil etiladigan tadbirkorlik sub'yektlariga 2024 yil 1 yanvarga qadar foyda va suv soliqlari bo‘yicha 50 foizlik imtiyoz berilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil oktyabrda, Qoraqalpog‘istonga tashrifi vaqtida aytgandi.

Mavzuga oid