Jahon | 19:07 / 25.04.2026
4123
6 daqiqa o‘qiladi

AQSh Venesuela hukumatiga Maduroning himoyasi uchun haq to‘lashga ruxsat berdi

AQSh G‘aznachilik departamenti Venesuela hukumatidan ushbu to‘lovlarni bloklab qo‘ygan edi. Voqealarning bunday rivoji sudya – agar Qo‘shma Shtatlar o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmasa, ishni butunlay tugatish masalasini ko‘rib chiqishiga shama qilganidan keyin yuz berdi.

Nikolas Maduro yanvar oyida Manxettendagi federal sud binosiga olib ketilmoqda / Foto: New York Times

24 aprel kuni rasmiy Vashington Venesuela hukumati Nikolas Maduroning himoyachi advokatlari xizmati uchun haq to‘lashi mumkinligini tan oldi. Bu masala mazkur ish doirasida bir necha haftadan beri ochiq qolayotgan edi.

Nyu York Janubiy okrugi prokurori Manxetten federal sudiga topshirgan maktubda – AQSh G‘aznachilik departamenti litsenziyalarga o‘zgartirish kiritganini ma’lum qildi. Ushbu o‘zgartirish – Venesuelaning sobiq prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresning advokatlariga o‘z mamlakati hukumatidan to‘lovlarni qabul qilish imkonini beradi.

New York Times'ning yozishicha, voqealarning bunday rivoji – sudya Alvin Xellershteyn hukumatdan mablag‘lar nima sababdan bloklanayotganini qat’iy so‘ragan majlisdan bir oy o‘tib yuz berdi. Sudya hatto, agar Qo‘shma Shtatlar o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmasa, ishni butunlay tugatish masalasini ko‘rib chiqishi mumkinligiga shama qilgandi.

Avvalroq G‘aznachilik departamenti ushbu to‘lovlarni bloklab qo‘ygan edi. Bu esa himoyachi advokatlarning keskin e’tirozlariga sabab bo‘lgan. Xususan, advokat Barri Pollak ushbu cheklov tufayli Maduro o‘z xizmatlari uchun haq to‘lay olmay qolganini ta’kidladi. Uning aytishicha, bu qaror Maduroning AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan oltinchi tuzatishda belgilangan — o‘zi xohlagan advokatga ega bo‘lish huquqiga daxl qilgan.

Shu bilan birga, AQSh hukumati rasmiylari foydalanish mumkin bo‘lgan Venesuela mablag‘lariga ma’lum shartlarni yukladi. Jumladan, to‘lovlar Venesuela va AQSh o‘rtasida diplomatik aloqalar rasman qayta tiklangan kun — 2026 yil 5 martdan keyin Karakas budjetiga tushgan mablag‘lardan to‘lanishi lozim.

Shuningdek, ayblov va himoya tomoni 60 kundan keyin ishning borishini muhokama qilish uchun navbatdagi majlis o‘tkazishni so‘ramoqda.

Maduro ortidan pul ishlagan AQSh harbiysi

23 aprel kuni AQSh Adliya vazirligi Nikolas Maduroni qo‘lga olish operatsiyasida ishtirok etgan AQSh armiyasi Maxsus kuchlar master-serjanti Gannon Van Daykga ayblov e’lon qilgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, Van Dayk 2025 yil 27 dekabrdan 2026 yil 2 yanvargacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida Polymarket platformasida Maduro tez orada lavozimidan ketishi va AQSh kuchlari Venesuelaga kirishi bo‘yicha 33 000 dollardan ortiq pul tikkan. O‘sha paytda bozor bu voqealarning sodir bo‘lish ehtimolini juda past deb baholagan. Shu sababli ushbu garov qimorboz harbiyga 409 ming dollar foyda keltirgan.

Master-serjant Gannon Van Dayk / Foto: ABCnews Facebook orqali

Maduro qo‘lga olinganidan so‘ng, Van Dayk mablag‘larni Polymarket'dan yechib olgan. Keyinchalik u o‘z shaxsini yashirish maqsadida platformadan hisobini o‘chirishni so‘ragan. Portal esa ushbu holat haqida Adliya vazirligiga xabar bergan va tergov bilan hamkorlik qilgan.

Manxetten federal sudi 38 yoshli Van Daykka nisbatan maxfiy ma’lumotlardan shaxsiy manfaat yo‘lida noqonuniy foydalanish, ochiq bo‘lmagan ma’lumotlarini o‘g‘irlash va tovarlar bilan bog‘liq firibgarlik kabi ayblovlar e’lon qildi.

Reutersʼning xabar berishicha, harbiy xizmatchi juma kuni 250 ming dollar garov evaziga ozod qilingan. Shimoliy Karolina shtatidagi sudya Van Daykni ozod qilish haqida buyruq berar ekan, undan pasportini topshirishni va harbiy buyruqdan tashqari hollarda o‘qotar qurollardan voz kechishni talab qildi.

Van Daykning o‘zi hozircha aybiga iqror bo‘lgani yo‘q. U kelasi hafta Manxettenda uning ishini ko‘rib chiquvchi AQSh okrug sudyasi Margaret Garnett huzuriga kelishi kerak.

Maduroning qo‘lga olinishi

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi 2026 yil 3 yanvar kuni AQSh kuchlari tomonidan o‘tkazilgan operatsiyada Karakasda qo‘lga olingan. Mustaqil davlatning amaldagi prezidenti va rafiqasi qo‘liga kishan solingan holda AQShga olib kelingan. AQSh ichki qonunlari bo‘yicha bu «qonuniy ijro», lekin xalqaro maydonda bu «suveren davlatga tajovuz» va «o‘g‘irlab ketish» deb baholanmoqda.

Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores o‘zlarining advokatlari bilan sudda. Foto: Elizabet Vilyams / Associated Press

Ularga Manxettenda narkoterrorizm va kokain kontrabandasini amalga oshirish bo‘yicha til biriktirish, shuningdek boshqa bandlar bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Maduro va uning ayoli o‘zlarini aybdor deb tan olmagan. Ular Bruklindagi tergov hibsxonasida saqlanmoqda. Sud jarayoni bir necha yil davom etishi kutilmoqda.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid