Avto | 20:03 / 06.09.2025
7976
3 daqiqa o‘qiladi

Dam olmasdan rulga o‘tirgan haydovchilar jarimaga tortiladi

Xalqaro va shaharlararo yo‘nalishlarda yetarlicha uxlamasdan yo‘lovchi va yuk tashiydigan haydovchilar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravari (2,9 mln so‘m) miqdorida jarima belgilanmoqda. Tegishli qonun Senatdan o‘tdi.

Foto: iStock

O‘zbekiston Senati tashuvlar sohasida javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonunni ma’qulladi.

Unga ko‘ra, xalqaro va shaharlararo avtomobil tashuvlarini amalga oshirishda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimini buzish – bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravari (hozirda 2 mln 884 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, temiryo‘l transportida va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi talablarini hamda yo‘lovchilarni, bagajni va yuk bagajini tashish qoidalarini buzganlik uchun ham ma’muriy jarima belgilanyapti.

Qayd etilishicha, 2023 yil davomida metropolitenda 172 mln, yo‘lovchi poyezdlarda 9,3 mln yo‘lovchi tashilgan bo‘lsa, 2024 yilda metropolitenda 270 mln, yo‘lovchi poyezdlarda 10 mln 70 ming, shuningdek, avtomobil transportida 8 milliarddan ortiq yo‘lovchi tashilgan. Bundan tashqari, 2024 yil davomida temir yo‘l transportida 102,7 mln tonna yuk tashilgan bo‘lsa, avtomobil transportida 2 mlrd tonnadan ortiq yuk tashilgan.

Bu holat yo‘lovchi va yuklarni manziliga o‘z vaqtida xavfsiz yetkazish, ularga xizmatlar ko‘rsatish jarayonining uzluksizligi, sifatliligi, barqarorligi va ishonchliligini ta’minlashni taqozo etmoqda.

Amaldagi qonunchilikda temiryo‘l tashishlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kamchiliklar va huquqbuzarliklar aniqlanganida Transport nazorati inspeksiyasi yuridik shaxsga nisbatan faqat ko‘rsatma berish huquqiga ega.

Jumladan, temiryo‘l transporti hamda metropolitenda 2024 yilda harakat va tashishlar xavfsizligi talablarining qo‘pol buzilishi bilan bog‘liq 130 ta hodisa sodir etilgan. Natijada harakatdagi tarkib va temir yo‘l infratuzilmasiga qariyb 4 mlrd so‘m moddiy zarar yetkazilgan. Xuddi shuningdek, avtomobil yo‘llarining tartibga solinmagan temiryo‘l kesishmalarida poyezdlar va avtotransport vositalari ishtirokida 2024 yilda 38 ta yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan va buning oqibatida 11 kishi halok bo‘lgan.

Shu sababli, tashishlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qoida va talablarni buzganlik uchun mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari (hozirda 4 mln 120 ming so‘m) miqdorida jarima belgilanmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid