Jamiyat | 17:59 / 06.05.2026
26587
7 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda xatna fojiasi: sog‘lom bolalarni nosog‘lom tizim o‘ldirdi

Ishtixonda ikki bola xatna qilinganidan keyin vafot etdi. Ularning ikkisi ham sog‘lom holda tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelinib, sunnat qilingan, lekin tegishli tartiblar qo‘pol ravishda buzilgan: bolalardan na tahlil olingan, na biror joyda bu amaliyotlar qayd etilgan. E’tiborlisi, jarrohlardan biri bolaning o‘limidan keyin yuqoriroq mansabga ko‘tarilib ketgan.

Kun.uz muxbiri Ishtixonda bo‘lib, voqea tafsilotlarini o‘rgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2026 yil 22 mart kuni besh yoshli Elxan Tursunov tuman tibbiyot birlashmasida xatna qilingan. Oradan bir kun o‘tib, bolaning ahvoli yomonlashgan. Kesilgan joydan qon ketish boshlangan.

Shundan so‘ng Elyor Rajabov o‘g‘lini shifoxonaga olib borgan. Bolani xatna qilgan jarroh Aziz Xudoyberdiyev bilan telefon orqali bog‘lanishganida, u ishda emasligi sabab bemor bolani hamkasbi Javlon Meliyevga ko‘rsatishlarini aytgan.

Javlon Meliyev o‘g‘limni olib kirib, taxminan 20 daqiqa davomida tibbiy yordam ko‘rsatdi. Operatsiya qilingan joyni bog‘lab qo‘ydi va bizga hammasi yaxshi ekanini, xavotir olmasligimizni aytdi. Lekin kechga borib o‘g‘limning issig‘i ko‘tarilib ketdi”, deydi Rajabov.

Bolaning ota-onasi bu kunlar davomida operatsiya qilgan shifokor bilan telefon orqali bog‘lanib turishgan va tavsiyalarini bajarishgan. Ammo bolada o‘zgarish bo‘lmagan, aksincha ahvoli yomonlashib boravergan.

27 mart kuni jarroh Xudoyberdiyevni uyga chaqirtirdik. U bolaning holatini ko‘rib: “Shamollatib qo‘yibsizlar, o‘tib ketadi”, dedi. O‘sha paytda holatga guvoh bo‘lib turgan hududiy hamshiramiz e’tiroz qildi, bolaning ahvoli yomonlashayotganini aytdi. Shundan so‘ng o‘g‘limni yana shifoxonaga olib bordik. Uni jonlantirish bo‘limiga olib kirishdi, taxminan yarim soatlardan so‘ng joni uzilganini aytishdi”, deydi bolaning otasi.

Shifokorlardan izoh olish uchun Ishtixon tuman tibbiyot birlashmasida bo‘ldik. Elxan ertasi kuni shifoxonaga olib borilgan vaqtda unga tibbiy yordam ko‘rsatgan Javlon Meliyevning aytishicha, hamkasbi Aziz Xudoyberdiyev undan bir kun avval xatna qilingan bolaga tibbiy yordam ko‘rsatishni so‘ragan.

Meliyev eski qon izlarini tozalab, bir muddat kuzatib turgani, keyin o‘rnini bog‘lab qo‘yganini bildirdi. Jarroh bolada alohida nojo‘ya holatlarni ko‘rmagani uchun uyiga javob bergani, kechqurun bog‘langan bintni olib tashlash kerakligini tavsiya qilganini aytdi.

Jarrohlik amaliyoti tahlillarsiz o‘tkazilgan

Xo‘sh, aslida xatna amaliyoti qanday o‘tkazilishi kerak edi va amalda qanday bo‘lmoqda?

Navbatchi shifokor, jarroh Sohibjon Xoljigitovning aytishicha, xatna amaliyotini o‘tkazishdan avval har bir bola umumiy tekshiruvlardan o‘tkazilishi shart. Agar tekshiruvlar natijasi ijobiy chiqmasa, amaliyot to‘xtatib turilishi lozim.

Lekin Elxan Tursunov sunnat qilinishidan avval hech qanday tekshiruvlardan o‘tkazilmagan.

O‘n kun ichida ikkinchi o‘lim

Afsuski, bu – Ishtixondagi yagona holat emas. Elxan bilan bog‘liq holatdan bir hafta o‘tgach, 3 aprel kuni ushbu tibbiyot birlashmasida yana bir bola – Hamidjon To‘xtayevning ham xatna amaliyotidan so‘ng sog‘lig‘i yomonlashgan. Unda allergiya kuzatilgan, issig‘i ko‘tarilgan.

Shifoxonaga olib borilganda “o‘tib ketadi, tabiiy holat” mazmunida javob berilgan. 8 aprelga kelib, Hamidjon To‘xtayev shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan.

Ma’lum bo‘lishicha, To‘xtayev ham operatsiyadan avval umumiy tekshiruvlardan o‘tkazilmagan.

Ishtixon tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Javlon Qaynarov bolalar amaliyotdan avval umumiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, bu holat sodir bo‘lmasligi mumkinligini yashirmadi.

Jarroh “ko‘tarilib” ketdi

Masalaning yana bir o‘ziga xos tomoni shundaki, 2026 yil 27 mart kuni Elxan Tursunov bilan bog‘liq holat bo‘yicha Ishtixon tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi tomonidan tuman prokuraturasiga xat chiqarilgan. Unga ko‘ra, jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan Aziz Xudoyberdiyev, ertasi kuni tibbiy yordam ko‘rsatgan Javlon Meliyev va boshqa mas’ullarning yo‘l qo‘ygan xato-kamchiliklari e’tirof etilib, ularga nisbatan intizomiy choralar qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilishi ma’lum qilingan.

Biroq ushbu bildirgidan bir hafta o‘tib, Aziz Xudoyberdiyev yuqoriroq lavozimni egallagan: u Sirdaryo viloyati Sayxunobod tuman tibbiyot birlashmasiga bosh shifokor etib tayinlangan.

Jinoyat ishlari ochildi

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Elxan Tursunov va Hamidjon To‘xtayevning sunnat amaliyotidan keyin vafot etgani yuzasidan tekshiruv o‘tkazilgan.

To‘plangan materiallarga ko‘ra, mazkur holatlarda tibbiyot xodimlarining harakatlariga huquqiy baho berish uchun qo‘shimcha tergov harakatlari, jumladan, yuzlashtirish, eksgumatsiya va boshqa protsessual ishlar o‘tkazilishi zarur deb topilgan.

Shu asosda 2026 yil 2 may kuni Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tahlil olmasdan operatsiya qilish odatiy holmi?

Ishtixon tumanida kuzatilgan ushbu holatni faqat bir hudud doirasidagi fojia sifatida baholash yetarli emas. Chunki bugun tibbiyot tizimida raqamlashtirish va elektronlashtirish jarayonlari kechayotgan bir paytda, eng oddiy amaliyot oldidan ham zarur tibbiy tekshiruvlar o‘tkazilmagani – jiddiy tizimli muammolardan darak beradi.

Agar rasmiy gaplar amalda ishlayotgan bo‘lganida, bunday holatlar kuzatilmasligi kerak edi. Demak, savol tug‘iladi: bu faqat Ishtixondagi holatmi, boshqa hududlarda sunnat kabi amaliyotlar oldidan bolalar to‘liq ko‘rikdan o‘tkazilyaptimi, tahlillar olinyaptimi?

Yoki shu kabi holatlar kuzatilganda, marhum bolalarning o‘limiga ota-onalarning o‘zi aybdor qilinyaptimi?

Kun.uz mavzuga yana qaytadi.

Исомиддин Пулатов
Tayyorlagan Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid