Jahon | 22:10 / 09.11.2017
11223
3 daqiqa o‘qiladi

Las-Vegasda haydovchisiz elektrobusning ilk reysi avariya bilan tugadi

Foto: Navya

Haydovchisiz avtomobillar ishlab chiqaruvchilari sinovlardan amaliyotga o‘tishmoqda. Biroq bu jarayon har doim ham risoladagidek ketmaydi. Digital Trends nashrining yozishicha, Las-Vegasda haydovchisiz elektrobusning ilk reysi u harakatlana boshlagandan bor-yo‘g‘i bir soatdan keyin avariya bilan tugagan.

Las-Vegasda bepul haydovchisiz elektrobusning joriy qilinishi AAA kompaniyasi va yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi Keolis kompaniyasining tajribaviy loyihasi hisoblanadi. Bu loyihadan maqsad odamlar haydovchisiz transportning ko‘chalarda paydo bo‘lishiga qanday munosabat bildirishlari va texnologiya real sharoitlarda qanday ishlashini aniqlashdan iborat bo‘lgan. 

Elektrobus Fransiyaning Navya kompaniyasi tomonidan taqdim qilingan. U o‘z ichiga 8 yo‘lovchini sig‘dira oladi. Avtobusning maksimal tezligi soatiga 44 km ni tashkil qiladi. Xavfsiz navigatsiya uchun lidar va GPS qo‘llanadi. Reys vaqtida avtobusda haydovchi bo‘lmagan, biroq avtobus ortidan kuzatuvchi muhandis bor bo‘lgan.

Foto: hightech.fm

Avariya esa texnologiya aybi bilan emas, balki odam aybi bilan yuz bergan. Bu avariyani esa mashinasining tirkamasi avtobus oldida to‘satdan paydo bo‘lgan bir haydovchi keltirib chiqargan. Avtobus buni ko‘rib, shu ondayoq to‘xtagan, biroq yuk mashinasi orqaga harakatlanib avtobusning oldiga urilgan. Elektroavtobusda bu vaqtda bir necha kishi bo‘lgan va ular ham, yuk mashinasi haydovchisi ham jarohat olishmagan. Shuningdek, ikkala transport vositasiga ham shikast yetmagan. Bu avariyaga qaramay, haydovchisiz avtobus reysini davom ettirgan.

Hozircha ushbu avariyadan qochishning iloji bo‘lmagani yoki avtobus dasturining boshqacha sozlanishida avariyaning oldini olish mumkin bo‘lishi-bo‘lmasligi noma'lum. Biroq, shunga o‘xshash avariyalar hanuzgacha haydovchisiz transportga shubha bilan qaraydigan amerikaliklar o‘rtasida unga mashhurlik qo‘shmaydi. Ushbu avariya yana ko‘plab odam-haydovchilar qoladigan yo‘llarda eng xavfsiz haydovchisiz avtomobillar ham vaqti-vaqti bilan inson omili sababli avariyaga uchrashi mumkinligini ko‘rsatdi.   

Amaliyotning ko‘rsatishicha, odamlar haydovchisiz transportlar olamida faqatgina xalaqit qiladilar. Misol uchun, Waymo kompaniyasi o‘z haydovchisiz avtomobillaridan qo‘l boshqaruvi rejimini to‘liq olib tashlashga qaror qilgan: kompaniya fikricha, odamlar haddan tashqari ishonchsizdirlar va qaltis vaziyatlarda avtopilotdan boshqaruvni o‘zlariga ololmaydilar. Hozirda kompaniyaning robot-taksisi bilan o‘tkazilayotgan sinovlarda mashina ichida hattoki kuzatuvchi muhandis ham yo‘qdir.  

Mavzuga oid