Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Usmon Dembele FIFA talqiniga ko‘ra yilning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi
FIFA 16 dekabr kuni Qatar poytaxti Doha shahrida The Best mukofotlarini topshirish marosimini o‘tkazdi. «PSJ» futbolchisi Usmon Dembele yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Foto: FIFA via Getty Images
Fransiya milliy jamoasi va «PSJ» klubi yarimhimoyachisi Usmon Dembele FIFA tomonidan 2025 yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Avvalroq, u France Football nashri tomonidan «Oltin to‘p» sohibi deb e’lon qilingan edi. O‘tgan mavsumda «PSJ» Fransiya chempionati, Kubogi, Superkubogi, Chempionlar Ligasi va UYeFA Superkubogida g‘alaba qozondi, shuningdek, Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ikkinchi bo‘ldi.
Dembele sovrin uchun kurashda Ashraf Hakimi («PSJ» va Marokash), Harri Keyn («Bavariya» va Angliya), Kilian Mbappe («Real» va Fransiya), Nunu Mendesh («PSJ» va Portugaliya), Koul Palmer («Chelsi» va Angliya), Pedri («Barselona» va Ispaniya), Rafinya («Barselona» va Braziliya), Muhammad Saloh («Liverpul» va Misr), Vitinya («PSJ» va Portugaliya) va Lamin Yamal («Barselona» va Ispaniya) kabi futbolchilarni ortda qoldirdi.
«Eng yaxshi murabbiy» nominatsiyasida «PSJ» klubining ispaniyalik bosh murabbiyi Luis Enrike g‘olib bo‘ldi. U sovrin uchun kurashda Xaviyer Agirre (Meksika), Mikel Arteta («Arsenal»), Hans-Diter Flik («Barselona»), Enso Mareska («Chelsi»), Roberto Martines (Portugaliya) va Arne Slot («Liverpul») kabi murabbiylarni ortda qoldirdi.
Yilning eng yaxshi darvozaboni nominatsiyasida Janluiji Donnarumma («PSJ»/«Manchester Siti» va Italiya) e’tirof etildi. U sovrin uchun kurashda Alisson Bekker («Liverpul» va Braziliya), Tibo Kurtua («Real» va Belgiya), Emiliano Martines («Aston Villa» va Argentina), Manuel Noyyer («Bavariya» va Germaniya), David Rayya («Arsenal» va Ispaniya), Yan Zommer («Inter» va Shveytsariya) va Voysex Shchensni («Barselona» va Polsha) kabi futbolchilarni ortda qoldirdi.
Tarixda ilk bor Chempionlar Ligasida g‘olib chiqqan «PSJ» klubining 5 nafar futbolchisi 2025 yil yakunlariga ko‘ra FIFA ramziy terma jamoasiga kiritildi.
The Best marosimida yil jamoasi tarkibiga quyidagi futbolchilar kiritildi: Janluiji Donnarumma («PSJ»/«Manchester Siti»), Ashraf Hakimi, Villian Pacho (ikkalasi ham «PSJ»), Virjil van Deyk («Liverpul»), Nunu Mendesh («PSJ»), Koul Palmer («Chelsi»), Jud Bellingem («Real»), Vitinya («PSJ»), Pedri, Lamin Yamal (ikkalasi ham «Barselona»), Usmon Dembele («PSJ»).
O‘tgan mavsumning eng chiroyli goli uchun Pushkash mukofotini argentinalik Santyago Montiel qo‘lga kiritdi.
The Best mukofoti g‘oliblarini tanlashda 2024 yil 11 avgustdan 2025 yil 2 avgustgacha bo‘lgan davrdagi o‘yinlar hisobga olindi. G‘olib terma jamoa sardorlari va murabbiylari, muxlislar va OAV vakillari tomonidan ovoz berish yo‘li bilan aniqlandi.
Mavzuga oid
21:08 / 17.12.2025
FIFA O‘zbekiston milliy jamoasiga kamida 10,5 mln dollar to‘laydi
16:11 / 17.12.2025
Noroziliklardan keyin JCh uchun 60 dollarlik chiptalar chiqariladi
17:47 / 15.12.2025
O‘zbekistonda futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionatini o‘tkazish choralari belgilandi
18:50 / 12.12.2025