O‘zbekiston | 15:41 / 08.08.2024
8256
3 daqiqa o‘qiladi

“126 ming nafar oliy ta’lim bitiruvchisi hali ish topolgani yo‘q” – Behzod Musayev

Bu yil oliy ta’limni tamomlagan bitiruvchilar soni 214 ming nafarga yetgan. Shuning 88 ming nafari shartnoma asosida korxona va tashkilotlarda rasman ishlamoqda. Qolgani ishga joylashganicha yo‘q. Bandlik vaziri Behzod Musayevning aytishicha, 95 ming nafar bitiruvchining ish masalasi hal qilinadi.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev 2023-2024 yilgi oliy ta’lim bitiruvchilariga oid hisobotni taqdim qildi.

Unga ko‘ra, o‘tgan o‘quv yilini tugatgan 214 ming nafar bitiruvchining to‘liq ro‘yxati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligidan olingan va bandlikka oid ma’lumotlar bazasi bilan solishtirilgan.

Shuning 41 foizi, ya’ni 88 ming nafari hozirgi kunda korxona va tashkilotlar tomonidan yagona milliy mehnat tizimi orqali mehnat shartnomasi asosida qabul qilingani aniqlangan. Qolgan 59 foizi, 126 ming nafar bitiruvchi hali ish topmagani ma’lum bo‘lgan.

Vazirga ko‘ra, ishga joylashmagan yoshlarning muammosini hal qilish uchun avgust-sentabr oylarida tizim tashkilotlari bilan ish olib boriladi.

“Bugungi kunda milliy vakansiyalar bazasida 358 ming bo‘sh ish o‘rinlaridan oliy ma’lumot talab qilinadigan bo‘sh ish o‘rinlari 112 mingtani tashkil etmoqda. Ishsiz bitiruvchilarning tamomlagan soha-yo‘nalishlari bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlariga mos kelishini solishtirib chiqdik, tahlil qildik.

[Shunga ko‘ra] 95 ming nafar bitiruvchilarni 102 mingta bo‘sh ish o‘rinlariga ishga joylashtirish imkoniyati borligi aniqlangan. Hozirgi kunda biz har bir bitiruvchini tuman, shahar kesimida o‘zi turadigan joyiga qarab, avgust oyida ularni ishga joylashtirish bo‘yicha nomma-nom ish olib boramiz”, – dedi u

Musayevning aytishicha, bugungi kunda yagona milliy mehnat tizimi orqali vakansiyalar bazasida 139 ming korxona va tashkilotlarning 358 mingta bo‘sh ish joyi haqidagi ma’lumot joylashtirilgan. Shundan 81 mingtasi davlat tashkilotlari, 277 mingtasi esa xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bo‘sh ish o‘rinlarining 96 mingtasi xizmat ko‘rsatish, 56 mingtasi ta’lim, 57 mingtasi sanoat va ishlab chiqarish, 48 mingtasi qishloq xo‘jaligi, 26 mingtasi sog‘liqni saqlash, 32 mingtasi qurilish, 5 mingtasi moliya va sug‘urta, 7 mingtasi aloqa va axborot texnologiyalari, 4 mingtasi madaniyat va boshqa sohalarga to‘g‘ri keladi.

Mavzuga oid