O‘zbekiston | 08:11 / 29.07.2019
17151
8 daqiqa o‘qiladi

Hikmat Abdurahmonov Toshkent hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi lavozimidan ketmoqda 

Foto: KUN.UZ

Tadbirkor Hikmat Abdurahmonov Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi lavozimidan ketmoqda. U Facebook’dagi sahifasida bu haqda tegishli post qoldirdi.

«Mana bir yil ham o‘tdi. Jamoatchilik kengashi raisi sifatidagi bir yillik faoliyatim yakunlanganini ma’lum qilmoqchiman. Men jamoatchilik kengashi a’zosi sifatida qolaman. Ushbu davr hayotimdagi muhim jabha hisoblanib, vazifamni qobiliyat hamda imkoniyatlarim darajasida halol va sidqidildan bajarishga harakat qildim. Kengashimiz faoliyatiga befarq bo‘lmagan, fikr-mulohazalarini bildirgan, faol ishtirok etgan, xolisona tanqid qilgan yoki ishimizdan qoniqmagan barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, bularning hammasi shunday yoki aksincha bo‘lgan holatda ham o‘z ustimizda ishlashga hamda taslim bo‘lmaslikka yordam berdi», – deb yozadi u.

Hikmat Abdurahmonovning fikricha, JK rahbari boshchiligidagi yangi tashkilotga yangi kuch oqimi, yangi fikrlar juda zarur. U esa kelayotgan yillarda ta’lim sohasida o‘z hamfikrlari bilan yangi loyihaga bel bog‘lashga qaror qilgan, bu tashabbus jamiyatga kelajakda o‘z foydasini keltirishi aytiladi.

«Jamoatchilik kengashi faoliyati samaradorligini oshirishda jamoatchilik, davlat organlari to‘g‘ri xulosa chiqarishlari uchun yordam beradigan faoliyatning asosiy jihatlari xususida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman:

Turli sabablarga ko‘ra hamma narsani amalga oshirish imkoni bo‘lmadi. Shunga qaramay, jamoatchilik kengashi o‘z faoliyatini davom ettirishi shart deb hisoblaymiz. Bu fuqarolik jamiyati rivojlanishi uchun, shahar aholisi va hukumat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash uchun juda zarur. 15 oy mobaynida tashkiliy masalalarni, institutsional shakllantirilishga ancha vaqt va kuch sarflandi, qilinayotgan ishlar bilan jamoatchilikni xabardor qilishga, qayta aloqa o‘rnatishga, shahardagi eng muhim hodisalarni tahlil qilishga va shu asosida o‘zimizning tavsiyanomalarni ishlab chiqishga harakat qildik. Faol fuqarolar bilan birga nizom va bir qator asosiy hujjatlar (tashkiliy tuzilma, axloq kodeksi, a’zolar, ekspert guruh va boshqalar bilan faoliyat olib borishning axloq kodeksi, reglamenti) ishlab chiqdik. Shahar tarixida ilk bora poytaxt hokimiyati qoshida JK ko‘rinishida jamoatchilik muloqot maydonini yuzaga keltirdik. Unga taxminan 100 nafar odamning a’zo va ekspert bo‘lishi shaharliklar tomonidan bildirilgan katta qiziqishni bildiradi. Bu davrda hokim va uning o‘rinbosarlari, munitsipal xizmat xodimlari va turli rahbarlar bilan o‘ndan ortiq uchrashuv va muhokamalar o‘tkazildi. Dolzarb masala va muammolar asosida amalga oshiriladigan ishlarning yillik rejasi ishlab chiqilib, JKning maqsad va vazifalari belgilandi», – deydi.

“Toshkent – 2025” loyihasi

«JK amalga oshirgan eng muhim loyihalardan biri “Toshkent-2025” hisoblanadi. Davlat hokimiyati organi tizimlaridagi mavjud qiyinchiliklarni hamda hokimiyatning vazifa va faoliyati belgilanishi zarurligini anglagan holda JK mustaqil tashkilot sifatida Toshkentdagi vaziyatni tahlil qilishga kirishdi, loyiha guruhi tomonidan 50 dan ortiq munitsipal boshqarmalar, ShHB va hokimiyatning boshqa bo‘limlari bilan suhbat o‘tkazildi, shaharni idora etish bo‘yicha jahon tajribasi o‘rganildi. Ushbu tahlil natijalari asosida 2025 yilgacha bo‘lgan shahar strategiyasi konsepsiyasiga to‘plandi va jamoatchilik tanishishi hamda muhokama uchun e’lon qilindi.

Ushbu ish davomli bo‘lishi, mamlakatimizdagi boshqa shaharlar tajribasida ham qo‘llanilishi uchun Adliya vazirligining Urbanistika markazida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Kelajakda u hokimiyat, mustaqil va xalqaro hamkorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanib davom ettirilishi mumkin. Shuningdek, bu markaz Toshkent shahri miqyosida jamoatchilik transporti samaradorligini oshirish, jamoat joylarini rejalashtirish, boshqa ijtimoiy-iqtisodiy rejalar bo‘yicha tadqiqot ishlarini olib borishi mumkin bo‘ladi hamda o‘z tadqiqotlari tajribasini O‘zbekistondagi boshqa shaharlarga tatbiq qilsa bo‘ladi».

Jamoatchilik kengashining kamchilik va muammolari

«O‘zining institutsional jihatdan yoshligi (avval mamlakatda shunga o‘xshash ijtimoiy tuzilmalar mavjud bo‘lmagan), shuningdek hukumat tomonidan fuqarolik jamiyatining yetarlicha rivojlantirilmaganligi (ijro etuvchi hokimiyatning jamoatchilik oldida hisobot berish madaniyatining shakllanmaganligi) sabab OAV, jamoatchilik va xalqaro tashkilotlarga quyidagi yordam ko‘rsatilishi shart:

  • hokimiyat xodimlari, shuningdek JK va hokimiyat rahbariyati, JK ekspertlari hamda a’zolari samarali faoliyat va teng huquqli muloqot madaniyatini yuzaga keltirishi uchun malaka oshirishlari zarur;
  • deputatlar kengashi vazifalari o‘rtasidagi farqni aniqlash maqsadida JKning vazifalari va hamkorlikda faoliyat olib boriladigan ish rejasi aniq belgilab olinishi lozim;
  • JKga jamoatchilik nazoratining aniq vositalari va mexanizmlarini, yig‘ilish qarorlarini taqdim etish, shartnomalar ijrosini ta’minlash;
  • JKning barqarorligini ta’minlash, jumladan uning kotibiyatini tuzishga qaratilgan hokimiyatga bog‘liq bo‘lmagan budjet xarajatlarini aniqlash. JK faoliyati ixtiyoriy asosda tashkil qilinib, qonuniy jihatdan uning kotibiyatini tuzish nazarda tutilmagan edi, bu esa kengash ijro intizomi hamda samaradorligini pasaytirib, faoliyatini davlat organiga bog‘liq qilib qo‘yadi. Shunga o‘xshash tegishli takliflar yuqori turuvchi tashkilotlarga taqdim etildi.

Xalqaro tajribani o‘rganish natijasida samaradorlikni oshirish uchun Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari quyidagilar bo‘lishi kerak:

Birinchidan, fuqarolarning hukumat faoliyatiga nisbatan ishonch darajasini oshirish, shuningdek davlat organlari va fuqarolik jamiyati orasida chambarchas aloqani ta’minlash. Buni ommaviy uchrashuv, jamoatchilik vakillari bilan muloqot va ikki taraflama muzokaralar orqali amalga oshirish zarur;

ikkinchidan, hokimiyat tomonidan amalga oshirish uchun tashabbus ko‘rsatilayotgan me’yoriy-huquqiy hujjat loyihalarini muhokama qilish, bunda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarida ko‘rsatilgan muammolarni o‘rganish bo‘yicha monitoringni amalga oshirish, fuqarolar taklifi asosida ularning aniq yechimini davlat organi rahbariyatiga taqdim etish; shaharliklar nomidan shaharni rivojlantirish strategiyasini shakllantirishda ishtirok etish, mavzu yoki yo‘nalishlar yuzasidan tekshiruv natijalari bo‘yicha tajriba almashish kerak;

uchinchidan, davlat organlari faoliyatining ochiqligi bo‘yicha chora-tadbirlarning muvofiqlashtirilishini ta’minlash, shu jumladan, budjetning ma’lum qismi, ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni muntazam oshkor qilish, hokimiyatning ochiqligi bo‘yicha chora-tadbirlarni kengaytirishni tizimlashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish, shuningdek ijro etuvchi organ faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish lozim.

Lavozimdagi faoliyatim mobaynida shuni xulosa qilib aytishim kerakki, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati endi shakllana boshlandi. Ijtimoiy sarmoya nima, jamoatchilik ishonchi nima, jamoatchilik bilan hokimiyat o‘rtasidagi muloqot qanday amalga oshiriladi singari masalalarni o‘rganayotganimizda bu yaqqol ko‘zga tashlandi hamda shularning barchasi bizga ancha narsani o‘rgatdi, saboq bo‘ldi. Toshkent shahar JK tajriba loyihasi sifatida tanlangan “Yuksalish-USAID” loyihasiga katta umid bildirmoqdamiz, yil davomida ushbu tashkilotlar tomonidan JK faoliyati uchun texnik va huquqiy yordam ko‘rsatiladi. Umid qilamanki, Toshkent shahrining eng faol va obroʻ-eʼtiborli, uning taqdiriga befarq bo‘lmagan fuqarolari JK faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi, shuning doirasida keyinchalik ham hokimiyat va mahalliy hukumat organlari bilan jamiyat farovonligi hamda taraqqiyoti yo‘lida samimiy muloqot olib boradi.

Hammaga katta rahmat», – deydi Hikmat Abdurahmonov.

Mavzuga oid