O‘zbekiston | 20:19 / 08.02.2021
25297
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Aviatsiya bog‘i ochiladi. O‘nga yaqin bog‘ va xiyobon obodonlashtiriladi (foto)

2021 yilda Toshkent shahridagi 500dan ziyod mahallani obodonlashtirish, 10ga yaqin hududda bog‘ va xiyobon barpo etish, 42 km veloyo‘lak qurish rejalashtirilgan. Bu haqda shahar hokimining 1-o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov ma'lum qildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Toshkent shahrida mavjud 500dan ortiq mahallaning barchasida obodonlashtirish ishlari boshlanadi. Ya'ni har bir mahallada o‘yingoh, o‘smirlar uchun sport trenajyerlari, avtoturargoh, futbol maydonchasi, kichik kutubxonachalar quriladi.

Shaharning har bir tumanida bittadan shohko‘cha belgilab olingan bo‘lib, bu ko‘chaning ikki chetida piyodalar yo‘lagi, veloyo‘laklar quriladi. Bahor kelganda bu yo‘llar bo‘yicha daraxtlar ekilib, obod qilinadi», – dedi Baxtiyor Rahmonov 8 fevral kungi matbuot anjumanida.

Uning aytishicha, shaharda Aviatsiya bog‘i ochiladi. Bundan tashqari, 2021 yilda o‘nga yaqin hududda bog‘ va xiyobonlarni rekonstruksiya qilish va obodonlashtirish rejalashtirilgan.

Gagarin monumenti, Alisher Navoiy nomidagi kino saroyi (sobiq «Panorama»), Sebzor va Abdulla Qodiriy ko‘chalari kesishmasidagi hududlar, Botanika bog‘i, Ohangaron shoh ko‘chasi, Sharof Rashidov haykali va O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi hududi, Lutfiy va Yangi Sergeli bog‘lari shular jumlasidan.

Bundan tashqari, shoh ko‘chalar bo‘ylab 42 km uzunlikdagi veloyo‘laklar paydo bo‘ladi. Bunga qo‘shimcha ravishda shahar markazida ham veloyo‘laklar ko‘paytiriladi.

«Bular yirik miqyosdagi loyihalar bo‘lgani bois 2021 yilda boshlangani holda, keyingi yilda yana davom ettirilishi mumkin», – deya qo‘shimcha qildi shahar hokimining 1-o‘rinbosari.

Hokimlik Kun.uz so‘roviga asosan loyihaviy takliflar suratlarini taqdim etdi.

Poytaxt hokimi o‘rinbosari Furqat Mahmudxo‘jayevning qayd etishicha, xiyobon va bog‘larning hozirgi loyihalari birlamchi ko‘rib chiqish bosqichida bo‘lib, mazkur hududlar aholisining bu boradagi takliflari asosida o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.

«Biz fuqarolarning taklifini eshitishga tayyormiz. Shuningdek, bu loyihalarning barchasi tuman va shahar deputatlar kengashida muhokama qilinadi», dedi Furqat Mahmudxo‘jayev.

Uchtepa va Shayxontohur tumanlari kesishmasida, Toshkent xalqa avtomobil yo‘li va Kichik xalqa yo‘lini bog‘lovchi Istirohat ko‘chasida quriladigan bog‘-xiyobon loyihasi

Uchtepa tumanidagi Lutfiy bog‘i loyihasi

Shayxontohur tumani Abdulla Qodiriy ko‘chasining Sebzor ko‘chasidan, Shayxontohur ko‘chasigacha bo‘lgan (1.9 km) qismida piyodalar uchun sayilgoh tashkil etish loyihasi

Alisher Navoiy nomidagi kino saroyini qayta ta'mirlash taklifi

Gagarin monumenti (Chilonzor 3-daha) va xiyobon hududini rekonstruksiya qilish

Sharof Rashidov haykali va O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi hududini obodonlashtirish taklifi

Botanika bog‘i

Aviatsiya bog‘i

Yangi Sergeli bog‘i (Yangi Sergeli ko‘chasida)

Ohangaron shoh ko‘chasida xiyobon tashkil etish (yer usti metrosi ostidagi hudud)

«Novza» sohilbo‘yi sayilgohi loyihasi

Qoraqamish kanali sayilgohi loyihasi

Qorasuv kanali sayilgohi loyihasi

Sergeli Jo‘n kanali sayilgohi loyihasi

Toshkent shahrida piyodalar va velosiped yo‘laklari tashkil etilishi

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid