O‘zbekiston | 16:12 / 12.12.2022
22691
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda odamlarni Meksika orqali AQShga jo‘natmoqchi bo‘lgan firibgarlar qo‘lga olindi

Bu shaxslar mahalliy aholi vakillarini 25 ming va 30 ming dollar evaziga Meksika orqali AQShga jo‘natishni va’da qilgan.

Foto: Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida AQShga noqonuniy yo‘llar bilan yetkazib qo‘yishni taklif qilayotgan firibgarlar qo‘lga olindi.

Xususan, Samarqand shahrida yashovchi, 1994 y.t. shaxs aldov yo‘li bilan Urgut tumanida istiqomat qiluvchi, 1998 y.t. fuqaroning ishonchiga kirib, uni «O‘zbekiston-Ispaniya-Meksika-AQSh» yo‘nalishi orqali Qo‘shma Shtatlarga yuborish evaziga 25 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Boshqa bir holatda esa Samarqand tumanida yashovchi, 1987 y.t. shaxs Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi, 1971 y.t. fuqaroni «O‘zbekiston-Turkiya-BAA-Meksika-AQSh» yo‘nalishi orqali Amerikaga yuborish uchun 30 ming AQSh dollari talab qilib, 10 ming dollarni avans sifatida olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid