Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xonanda Anvar G‘aniyev mualliflik huquqini buzgani ma’lum bo‘ldi
Og‘ir xastalik bilan kurashayotgan shoira Gulchiroy Dilkusho Anvar G‘aniyev uning uchta she’rini mualliflik huquqini buzgan holda qo‘shiq qilgani uchun 300 mln so‘m tovon puli talab qilgan. Sud qarori bilan xonandadan 85 mln so‘m undirish belgilangan. Anvar G‘aniyevning apellyatsiya shikoyati asosida apellyatsiya instansiyasi tovon pulini 18,7 mln so‘mga tushirgan.
Anvar G‘aniyev
Taniqli xonanda Anvar G‘aniyev navoiylik shoira Gulchiroy Dilkushoning (Gulchiroy Sayilova) uchta she’rini mualliflik huquqini buzgan holda qo‘shiq qilib, omma e’tiboriga yetkazgani aniqlandi. Ish sud tartibida ko‘rib chiqilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Anvar G‘aniyev shoiraning “Sog‘intirib qo‘ydingiz-ku”, “Sog‘inmadingmi?” va “Muhabbatning qadri arzon bo‘ldi-ku” nomli she’rlarini mualliflik shartnomasi tuzilmasdan ijro etgan. Qolaversa, xonanda ushbu qo‘shiqlarni internet tarmog‘i orqali omma e’tiboriga havola qilgan.
Ushbu harakatlari uchun xonanda jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2024 yil 7 fevraldagi qarori bilan MJtKning 177-1-moddasi (mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan. Sud MJtKning 21-moddasini qo‘llagan holda xonandani ma’muriy javobgarlikdan ozod qilgan va ogohlantirish bilan kifoyalangan.
Shoira Gulchiroy Dilkusho mualliflik huquqi buzilgani uchun Anvar G‘aniyevdan 300 mln so‘m miqdorida tovon puli undirishni so‘rab, sudga da’vo arizasi kiritgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2024 yil 24 iyuldagi hal qiluv qarori bilan xonandadan shoira foydasiga 85 mln so‘m tovon puli undirish belgilangan.
Xonanda apellyatsiya shikoyati kiritgan hamda sudning hal qiluv qarorini bekor qilib, da’voni rad etish haqida yangi qaror chiqarishni so‘ragan. Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2024 yil 15 oktyabrdagi ajrimi bilan apellyatsiya shikoyati qisman qanoatlantirilgan. Ya’ni dastlabki sud qarori o‘zgartirilib, tovon puli 85 mln so‘mdan 18 mln 750 ming so‘mga tushirilgan.
“Og‘ir xastalik bo‘yicha davolanib kelaman. Bir kuni pulga muhtoj bo‘lib, Anvar G‘aniyevdan 1 mln so‘m so‘radim. U bank kartamga o‘tkazib berishini aytdi. Ammo birozdan so‘ng pul topilmaganini bildirib, “sizni namozlarimda duo qilaman”, dedi. Mening she’rlarim asosida kuylagan qo‘shiqlarini ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘plab musiqiy kanallarda e’lon qilgan”, deydi Kun.uz jurnalisti bilan suhbatlashgan shoira Gulchiroy Dilkusho.
Ijodkorning qo‘shimcha qilishicha, hozirda u buzilgan huquqlari oqibatida yetkazilgan zarar yetarlicha baholanmagani uchun taftish tartibida shikoyat kiritgan.
Oldinroq shoira Mahliyo Ahrorovaning “Go‘zal yorim” she’rini uning ruxsatisiz yillar davomida “Sevar yorim” nomi ostida kuylab kelgani uchun xonanda Avazbek Olimovdan sud qarori bilan shoira foydasiga 150 mln so‘m tovon puli va 20 mln so‘m ma’naviy zarar undirilishi belgilangandi.
Mavzuga oid
23:21 / 16.01.2026
Vikipediya sun’iy intellekt kompaniyalariga maqolalardan foydalanish huquqini berdi
21:27 / 30.12.2025
5 ta universitetda mingdan ortiq asar bo‘yicha mualliflik huquqi buzilgani aniqlandi
20:30 / 24.12.2025
Yozuvchilar eng yirik sun’iy intellekt platformalarini sudga berdi
07:40 / 26.08.2025