O‘zbekiston | 14:39 / 04.01.2021
32505
2 daqiqa o‘qiladi

11 yanvardan OTMlarda an'anaviy ta'lim boshlanadi

O‘zbekistondagi oliy ta'lim muassasalari 11 yanvar kunidan an'anaviy ta'limga qaytadi. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tayotgan brifingda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi axborot xizmati rahbari Farhod Babashev ma'lum qildi.

«Barcha OTMlar tomonidan o‘quv jarayonini an'anaviy tarzda boshlash bo‘yicha grafik ishlab chiqilgan. Grafik asosida 2021 yil 11 yanvardan barcha OTMlarning tegishli kurslarida o‘quv jarayoni an'anaviy shaklda boshlanadi.

Ayrim kasal talabalar yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarning o‘qishlari onlayn shaklda davom ettirilishi mumkin. Bu holatda OTMlar talabalarning sharoitlarini o‘rganib chiqadi. Barcha imkoniyatlari mavjud bo‘lgan talabalar an'anaviy ta'limga to‘liq jalb etiladi», deya vazirlik vakilining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirda ta'lim jarayonini tashkil etishda haftalik o‘quv kunlari OTM tomonidan mustaqil belgilanishi ma'lum qilindi.

«Haftalik o‘quv kunlari o‘quv rejasidagi haftalik yuklamalar asosida belgilanadi. Bugungi kunda o‘quv rejalaridagi fanlarga ajratilgan haftalik yuklamadan kelib chiqadigan bo‘lsak, haftalik o‘quv kuni 5-6 kunga to‘g‘ri keladi. Bunda talabalarning kunlik yuklamasi ham oshib ketmasligi lozim», degan vazirlik vakili.

  • Ma'lumot uchun, 2020 yil 16 noyabrdan O‘zbekistonda oliy ta'lim muassasalarida o‘quv jarayonlari an'anaviy shaklda tiklana boshlagan, faqat birinchi va bitiruvchi bosqich talabalari an'anaviy darslarga chaqirilgandi. Shu bilan birga, talabalarning o‘zi an'anaviy yoki onlayn ta'lim shaklini tanlashi mumkin edi. Endilikda an'anaviy darslar barcha bosqich talabalariga taalluqli hisoblanadi.

Mavzuga oid