Talabalarning qishki ta’tili 11 yanvarda tugashi kerak edi. 7 yanvarda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ta’til 24 yanvargacha uzaytirilishini e’lon qildi. 20 yanvarda esa Maxsus komissiya qarori bilan darslar 24 yanvardan onlayn boshlanadigan bo‘ldi. Avvalgi qaroridan ko‘p o‘tmay maxsus komissiya darslar 7 fevraldan yana an’anaviy shaklga qaytarilishi haqida yangi qaror chiqardi.
Bu qarorlarning eng ko‘p jabrdiydasi – viloyatlardan poytaxtga kelib o‘qiydigan talabalar bo‘lyapti. Bunday qarorlarga munosabatini bilish uchun shunday talabalarga mikrofon tutdik.
Mansur Yoriyev, Toshkent davlat transport universiteti talabasi:
– Bir guruh do‘stlarimiz bilan ijarada turamiz. O‘tgan yili ham bir necha marta onlayn va oflayn tizimga qayta-qayta o‘tilgani uchun juda ko‘p sarsongarchilik bo‘lgandi. Ayniqsa kvartira masalasi juda qiyin. Onlayn tizimga o‘tganimiz uchun ijarada turgan joyimizni egasiga topshirib kelgandik. Hozir u joyga odam olishibdi. Endi yana ijara izlab sarsonimiz chiqadi. Oladigan stipendiyamiz 500 ming so‘m, ijara puli 600 ming so‘m. Bir paytlar talabada ham oshqozon degan narsa bo‘lardi. Hammasi bo‘lib, bir oyda 2 million so‘mga yaqin sarflaymiz. Oliygohni bitirib 1,5 million oylikka ham zo‘rg‘a ish topamiz.
Toshkent moliya instituti talabasi:
– Xalqimiz favqulodda “o‘ta foydali, xalqni o‘ylab chiqariladigan” qaror va qonunlar"ga o‘rganib ham qoldi. 7 yanvarda qishki ta’tilimiz 24 yanvargacha uzaytirildi, keyin 24 fevralgacha onlayn o‘qiydigan bo‘ldik, endi esa yana an’anaviy ta’limga qaytarkanmiz. Kresloda o‘tirgancha, xohlagan qarorni chiqarish maza bo‘lsa kerak. Bitta qog‘oz, to‘rtta gap bitta imzo. Masala hal. Xalq bilan, talabalar bilan hech kimning ishi yo‘q. Go‘yo biz teatrdagi qo‘g‘irchoq. 20 yanvargacha ayrim talabalar qo‘shimcha kurslarga qatnash uchun o‘qish joyiga kelib qo‘yishgandi. Onlayn o‘qish qarori chiqqach, talabalar yana uylariga ketishdi. Kvartirada turadigan talabalar kvartirasini ham topshirib ketgandi. Endi ular yana kvartira qidirib sarson bo‘ladi. Kvartira topolmagan talabalar vokzallarda tunab qoladimi? Eng yomoni oliygohlarimizdagi ta’lim sifati shuncha sargardonliklarimizga arzimaydi. 1-, 2- hatto 3-kursda o‘qishini tashlab ketayotgan talabalar bunga isbot.










