Jamiyat | 15:40 / 05.07.2018
44679
5 daqiqa o‘qiladi

Davlat mehnat huquq inspektori «yo» bilan «yo»ning farqiga bormaydimi: bir varaq qarorda 113ta xato!

Tahririyatimizga Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat huquq inspektori S.Q.Quvvatov tomonidan Toshkent shahridagi tashkilotlardan birining rahbariga nisbatan chiqarilgan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi qaror kelib tushdi.

Diqqatimizni tortgan narsa mazkur qaror qabul qilinishining qonuniyligi emas, balki uni yozishda yo‘l qo‘yilgan xatolar (grammatik, stilistik, orfografik, qonunchilik texnikasi va hokazo) bo‘ldi.

Sinchiklab tekshirib chiqilganda A4 formatdagi bir betlik qarorning o‘zida oz emas, ko‘p emas naq 113ta xato mavjudligi aniqlandi.

Foto: Kun.uz

Bundan tashqari, Davlat mehnat huquq inspektori o‘z qarorida amaldagi qonun hujjatlari normalariga havola keltirishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan.

Jumladan, Davlat mehnat huquq inspektori faoliyatini tartibga soluvchi asosiy hujjatlardan biri: «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 29 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining mehnat, aholini ish bilan ta'minlash va mehnatni muhofaza qilishga doir qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 29-sonli qarori» S.Q.Quvvatov tomonidan quyidagicha talqin etilgan:

«O‘zb Resp Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliging Davlat mehnat huquq inspeksiyasi to‘g‘risidagi 2010 yil 19 fevraldagi 29-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Nizomi» ... (Izohga hojat yo‘q).

Xuddi shunga o‘xshash holatni Samarqand viloyat Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat huquq inspektori M.Norboyev tomonidan viloyatdagi tashkilotlardan biriga nisbatan rasmiylashtirilgan qarorda ham uchratish mumkin.

Foto: Kun.uz

E'tibor bergan bo‘lsangiz, hujjatda «Samarqand viloyat Bandlik bosh boshqarmasi»ning nomi buzilgan holda ifodalanib, «Samarqand viloyat Bandlik va mehnat munosabatlari Bosh boshqarmasi» deb yozilgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 10 iyuldagi 482-sonli qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi to‘g‘risida»gi Nizomda tashkilotning viloyatlar va Toshkent shahar bosh boshqarmasi nomlarida «va mehnat munosabatlari» so‘zlari mavjud emas.

Bundan tashqari, nima uchundir viloyat tashkilotining nomidan (qaror blankida shunday yozilgan har holda) Samarqand shahar Bandlikka ko‘maklashish markazi Davlat mehnat huquq inspektori qaror qabul qilgan. Qarorda jarima summasi «Toshkent shahar Bosh boshqarmasi» hisobiga o‘tkazilishi ko‘rsatilgan bo‘lib, Boshqarmaning nomi esa topishmoq sifatida qoldirilgan.

Grammatik va orfografik xatolar haqida gapirib o‘tirish shart emas, deb hisobladik.

Mehnat sohasidagi davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi organ vakillari hisoblangan Davlat mehnat huquqi inspektorlarining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qarorini farqiga bormasligi, bevosita o‘zi mehnat qilayotgan tizim tashkilotlarining nomlarini xato yozishi, shuningdek, deyarli har kuni ish faoliyatida foydalanadigan qonun va qonunosti hujjatlari nomlari va normalaridan buzib foydalanishi achinarli holdir.

Yuqoridagi kabi holatlar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi barcha xodimlarga nisbatan aholi, ayniqsa ish beruvchilarda ishonchsizlik hissi shakllanib qolmasligi uchun tizim xodimlarining bilim salohiyatini oshirish bo‘yicha tegishli chora tadbirlar belgilanishi maqsadga muvofiqdir.

Shu o‘rinda, birgina qarorda shuncha xatoga yo‘l qo‘ygan Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat huquq inspektorining o‘zi qonun talablarini yaxshi biladimi, u chiqargan qaror asoslimi, buning oqibatida tashkilot rahbariga ziyon yetmadimi degan savollar tug‘iladi.

Shubhayu gumonlarga o‘rin qoldirmaslik uchun «Kun.uz» tahririyati ushbu qarorning qonuniyligi yuzasidan surishtiruv o‘tkazishni o‘z oldiga reja qilib qo‘ydi.

Kuting, natijalari bilan albatta bo‘lishamiz.

Mavzuga oid