Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hokimiyat shafeligida qurilgan uylar bitmay turib buziladigan bo‘ldi. Hokimga ishonganlar holi ne kechadi?
2019 yilda Toshkentning Shota Rustaveli ko‘chasida hokim va investor o‘rtasidagi shartnomaga asosan ko‘p qavatli uylar qurilishi belgilangan edi. Quruvchi hujjatlarni puxta qilmagani uchun, tomi yopib bo‘lingan uylar sud qarori bilan buzilish arafasida turibdi.
“Investor” deyilgan odam Buxorodagi boshqa ishlari sabab 11 yilga qamalib ketgan.
Aynan Shota Rustavelidagi qurilish bo‘yicha ham Toshkent shahar prokuraturasida jinoyat ishi bor.
Hokimlikka ishonib, yashab turgan uylarini investorga topshirgan o‘nlab fuqarolar najot izlamoqda.
Davlat idoralariga shikoyatlaridan naf bo‘lmayotgan bir guruh fuqarolar Kun.uz'ga murojaat qildi.

Serialning boshlanishi
Toshkent shahrining o‘sha vaqtdagi hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning 2019 yil 7 fevraldagi qarori bilan, “Best building company” MChJga ko‘p qavatli turar joy binolarini qurish uchun Yakkasaroy tumani Shota Rustavelli hamda Suqrot ko‘chasi kesishmasidan 1,2 gektar yer uchastkasi ajratilgan.
Hokim qarorida “Best building company” MChJga yer uchastkasidagi turar va noturar joy binolarini buzish va yetkazilgan zararlarni qoplash, arxitektura rejalashtirish topshiriqlarini ishlab chiqish, loyihalash va tegishli tashkilotlarga kelishish uchun kiritish majburiyati yuklatilgan.

Shahar hokimi va kompaniya direktori R.R.Yunusov o‘rtasida “investorning ijtimoiy majburiyatlari to‘g‘risida” 29-sonli shartnoma ham tuziladi.
Kompaniya eski uylarni buzish uchun mulkdorlar bilan kelisha boshlaydi: ayrimlar quruvchi bilan kelishib, pulini olib chiqib ketadi, lekin aksariyat mulkdorlar kompensatsiya sifatida shu yerning o‘zida kelajakda qurib bitiriladigan yangi turar joy majmuasidan kvartira ajratilishiga ko‘ndiriladi.
Qurish ishlari ham ko‘p kuttirmay boshlab yuboriladi.
Shundan beri oradan 7 yil o‘tdi. Va’da qilingan uy qad rostladi, ammo intiq kutayotgan egalariga topshirilmadi: qurilish chala qolgan, hujjat ishlari esa boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.
Hujjatsiz qurilish
Kun.uz o‘rgangan hujjatlarga ko‘ra, Shota Rustaveli va Suqrot ko‘chalari kesishmasida “A”, “B” va “V” blokdan iborat ko‘p qavatli turar joy binolarini qurish loyihasiga asosan “A” blok 4 pod’yezdli 9 qavat mansarda qismidan iborat, 112 ta xonadonli bo‘lishi; “B” blok 2 pod’yezdli, 9 qavat mansarda qismidan iborat, 70 xonadonli bo‘lishi; “V” blok 6 pod’yezdli, 4 qavatdan iborat, 21 xonadonli bo‘lishi belgilangan.

Shunga qaramay, “Best building company” MChJ tasdiqlangan loyihadan chetga chiqib, shaharsozlik norma va qoidalariga zid ravishda “A” blokni 11 qavat 234 ta xonadonli hamda “V” blokni 6 qavat 32 xonadonli qilib qurgan.
Sud hujjatida keltirilishicha, Shota Rustaveli ko‘chasida tegishli reglament talablariga zid ravishda, qurilish inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tmasdan qurilish ishlari olib borilgan.
Buning uchun 2024 yil 23 oktyabr kuni “Best building company” MChJ ogohlantirilgan, direktor o‘rinbosari S.Aliyev ma’muriy javobgarlikka ham tortilgan.
Binolar buziladimi?
Toshkent shahar qurilishda nazorat inspeksiyasi iqtisodiy sudga ariza kiritib, “Best building company” MChJdan nizoli manzilda qurilgan “A” va “B” bloklarda qurilish ishlarini to‘xtatish va buzishni talab qilgan.

Sud 2025 yil 9 dekabrda da’voni to‘la qanoatlantirib, obektlarni buzish to‘g‘risida qaror chiqargan.



Quruvchi kim va u hozir qayerda?
Murojaat qilgan fuqarolar “Best building company” MChJning ilk ta’sischisi Umidjon Nurullayev bo‘lganini aytadi. U ayni paytda qamoqda.
Kun.uz o‘rgangan sud hukmida aytilishicha, Umid Nurullayev jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining 2025 yil 9 apreldagi hukmi bilan 11 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. U juda ko‘p miqdordagi firibgarlik va boshqa turdagi qator jinoyatlarda ayblangan.
Sud U.Nurullayev va uning jinoiy sheriklaridan 100 dan ortiq fuqaroga yetkazilgan zararni qoplash uchun bir necha milliard so‘mlik undiruv belgilagan.
Kimlar egalik qildi?
Keyinchalik “Best building company” MChJning ta’sischilari bir necha marta o‘zgargan. Umid Nurullayev ta’sis qilgan firma 2025 yil aprel holatida Axmedov Abdurauf Negmatovichga, 2025 yil avgust holatida Xamroyev Sherali Maxmudovichga tegishli bo‘lgan.
Hozirda ta’sischilar tarkibida Z.Tolibov, O.Shamsiyev, A.Negmatov bor.
Ammo ta’sischilar harqancha o‘zgarmasin, uylar va ularning haqdorlari taqdirida o‘zgarish sezilgan emas.

Murojaat qilgan fuqarolar bilan obektning o‘zida suhbatlashgan Kun.uz muxbiri qurilish firmasi vakillaridan izoh so‘radi. Ammo “alohida gaplashib olishi”ni aytgan shaxslardan shu bo‘yi hech qanday ma’lumot olib bo‘lmadi.
Qurilish rasman to‘xtatilgan
2025 yil 26 iyul kuni Toshkent shahar hokimligi hujjatlari to‘liq bo‘lmagan 59 ta obektda qurilish ishlari to‘xtatilgani, obektlar elektr ta’minotidan uzib qo‘yilgani haqida xabar bergan edi.
O‘shanda qurilishi to‘xtatilgan firmalar orasida “Best building company” nomi ham bo‘lgan.
Tergov ketmoqda
Toshkent shahar prokuraturasining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, “Best building company”ga nisbatan JKning 192-11-moddasi (nodavlat tashkilotda mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi va 229-moddasi (o‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov xarakatlari olib borilmoqda.
Loyiha boshi berk ko‘chada qolgan
E’tiborlisi, qurilish tegishli hujjatlarsiz amalga oshirilgan bo‘lib, qurilishning borishini nazorat qilishi kerak bo‘lgan davlat tashkiloti “hujjatlari yo‘qligini” to uy qurib bo‘lingunicha kutib turgan va keyin buzish kerak deya sudga bergan.
Qurilish ustida turishi kerak bo‘lgan odam qamoqda, yaqin yillar ichida ozodlikka chiqishi ham dargumon.

O‘nlab fuqarolar bu quruvchiga ishonib, uysiz qolishgan ham.
Muammolar girdobidagi obektda senator nima qilib yuribdi?
Ushbu jurnalistik surishtiruvimiz chog‘ida e’tiborimizni tortgan bir holat sodir bo‘ldi. Ayni damda senator, Senatning Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, bir vaqtlar Navoiy viloyati hokimi bo‘lgan Qobil Tursunov 5-6 yildan beri muammolar girdobida bo‘lgan qurilish obektiga shaxsan kelib, xizmat avtomobilida ichkariga qadar kirib borgani ma’lum bo‘ldi.
Senatdagi rasmiylarning aytishicha, senatorni “ushbu qurilish kompaniyasi bilan bog‘lab turuvchi xech qanday aloqa yo‘q, u faqat singlisining o‘g‘li uchun kvartira xarid qilish maqsadida bu yerda borgan”.
Qiziq, rostdan ham shundaymikin? Toshkentda yuzlab yangi turar-joy majmualarida sotuvlar bo‘lib yotgan bir paytda, Qobul Tursunovdek siyosiy xushyor odam – sotuv ofislari ishlamaydigan, tovonidan qulog‘igacha muammoga botgan, boz ustiga buzilib ketish arafasida turgan “dom”dan kvartira qarab yurishi g‘alati emasmi?

Hokimlik tomoshabin bo‘lib qolaveradimi?
Voqealar avvaliga qaytsak, barcha ishlar hokimning qarori, hokim va investor o‘rtasidagi ijtimoiy majburiyatlarga oid shartnomadan keyin boshlangan edi. Odamlar hokimga, hokimiyatga ishongan edi. Endi-chi?
Endi odamlarga bitmas-tuganmas tashvish olib kelgan “hokim va investor kelishuvi” uchun kim javob beradi? O‘nlab odamlar qachongacha sarson bo‘lib, bexalovat yashashadi?
Hozircha bu savollarga javob yo‘q. Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Mavzuga oid
16:40 / 16.05.2026
Sergelidagi qo‘lansa hid: muammo yechimi nimaga bog‘liq?
12:22 / 16.05.2026
Mutlaq rekord: Toshkentda 912 marta qoida buzgan Matiz aniqlandi
20:31 / 13.05.2026
Toshkentda “Mingo‘rik – Chilonzor buyum bozori” metropoliten liniyasi quriladi
18:15 / 12.05.2026