Jahon | 15:08 / 20.10.2025
11253
10 daqiqa o‘qiladi

«Atigi 7 daqiqada va bezbetlarcha» – Luvr muzeyidan «bebaho» zargarlik buyumlari o‘g‘irlab ketildi

19 oktyabr kuni o‘g‘rilar Parijdagi Luvr muzeyining ikkinchi qavatiga narvon orqali chiqib, oynalarni sindirdi va kuppa-kunduz kuni dunyodagi eng mashhur muzeyga bostirib kirdi. Jinoyatchilar bir necha daqiqa ichida eng qimmat zaldagi javohirlar va olmoslar bilan bezatilgan 8 ta bebaho buyumlarni olib qochdi. Emmanuel Makron buni «tarixga qilingan hujum» deb atadi va «asarlarni qaytarish uchun hamma narsa qilinayotganini» aytdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

19 oktyabr kuni Fransiyada ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan, filmlardagi kabi o‘g‘rilik sodir bo‘ldi. Parijda joylashgan dunyoning eng mashhur va ulug‘vor muzeyi – Luvr o‘g‘rilar tomonidan kuppa-kunduz kuni tunab ketildi.

O‘g‘rilik qanday sodir bo‘ldi?

O‘sha kuni tongda Luvr eshiklari ochilganidan 30 daqiqa o‘tib – 9:30 da ikki nafar o‘g‘ri binoning janubiy tomonidan ikkinchi qavat balkoniga chiqdi. Ular yuzlarini berkitgan holda Parij ko‘chalarida ko‘p uchraydigan, odatda kvartiralarga derazadan katta mebellarni olib kirishda ishlatiladigan yuk ko‘taruvchi elektr narvondan foydalanishgan.

Foto: Reuters

New York Times’ning yozishicha, balkonga chiqqach, o‘g‘rilar tokda ishlaydigan oyna kesuvchi qurilma — grinder bilan oynani sindirib, xavfsizlik signalizatsiyasini ishga tushirgan. Shundan so‘ng, o‘g‘rilar Luvr muzeyining oltin suvi yugurtirilgan Galerie d'Apollon zaliga bostirib kirishdi.

Foto: The Guardian

Muzeyning aynan shu qismida qirollik javohirlari va toj olmoslari joylashgan qator vitrinalarda namoyish etilgan.

Foto: AFP

Ular ikki vitrinalarni sindirib, sakkizta noyob buyumni qo‘lga kiritishdi. Keyin o‘g‘rilar o‘sha narvon orqali Siyena daryosi bo‘yidagi yo‘lga qaytib tushishgan hamda ularni kutib turgan ikki sherigi bilan birga moto-skuterlarda qochib ketishdi.

Bebaho buyumlarni olib qochish uchun — jami olti-yetti daqiqa yetarli bo‘ldi. Bu — Luvrda hozirgacha sodir etilgan eng dadil va ehtimol, eng qimmat o‘g‘rilik bo‘ldi.

O‘g‘rilar nimalarni olib ketdi?

Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, yakshanba kuni sodir bo‘lgan o‘g‘rilik chog‘ida Luvr muzeyidan «hisoblab bo‘lmas» qiymatga ega sakkizta zargarlik buyumi o‘g‘irlab ketilgan.

Jinoyatchilar Luvrning Apollon galereyasini nishonga olishgan — bu yerda Fransiyaning tarixiy toj javohirlari kolleksiyasi saqlanadi.

Imperatritsa Yevgeniyaning diademasi / Foto: Steve Hamblin/Alamy

O‘g‘irlangan buyumlar qatorida imperatritsa Yevgeniyaning diademasi bor. Bu diadema 212 dona marvarid, 1 998 dona brilliant va 992 dona «gulbarg» uslubida kesilgan brilliant bilan bezatilgan.

Yevgeniyaning bezakli kamari / Foto: Imago, via Zuma Press

Imperatritsa Yevgeniyaning bezakli kamari esa – yaltirab turgan, zargarlik toshlari bilan bezatilgan buyum imperatritsaning eng mashhur aksessuarlaridan biri bo‘lgan. U 2 438 dona brilliant va 196 dona «gulbarg» kesimli brilliant bilan bezatilgan.

Malikalarga tegishli sapfir to‘plami / Foto: Stephane De Sakutin / AFP – Getty Images

O‘g‘irlangan buyumlar orasida malika Mari-Ameliya va malika Ortansga tegishli sapfir to‘plamidan diadema, sirg‘alar va marjon, shuningdek, Napoleonning ikkinchi rafiqasi – Mariya Luiza uchun tayyorlangan zumrad to‘y sovg‘asi to‘plamining ayrim qismlari mavjud.

Napoleonning to‘y sovg‘asi / Foto: Stephane De Sakutin /AFP – Getty Images

O‘g‘rilar shoshilinch qochish chog‘ida imperatritsa Yevgeniya uchun 1855 yilda yaratilgan tojni tushirib yuborgan. U sakkizta oltin burgut, 1 354 dona brilliant, 1 136 dona «gulbarg» uslubida kesilgan brilliant va 56 dona zumraddan iborat. Parij prokuraturasi yana bir zargarlik buyumi ham «jinoyatchilar qochishi chog‘ida yo‘qotilgan yoki tashlab ketilgani»ni bildirdi, ammo u qaysi buyum ekanini ochiqlamadi.

O‘g‘rilar qochayotganda tushirib yuborgan imperatritsa Yevgeniya toji / Foto: Stephane De Sakutin /AFP – Getty Images

Shuningdek, ular Sotheby’s tomonidan 60 million dollardan ortiq baholangan mashhur «Regent» olmosiga ham tegmagan.

Rasmiylar nima deydi?

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ijtimoiy tarmoqlarda bu o‘g‘irlikni «biz ardoqlaydigan meros — tariximizga qilingan hujum» deb atadi. «Biz asarlarni qaytaramiz va jinoyatchilar javobgarlikka tortiladi. Bunga erishish uchun hamma joyda, hamma narsa qilinmoqda».

«Bu film yoki serialdan olingan ssenariyga o‘xshaydi», dedi Luvr joylashgan Parij markazi meri Ariyel Veyl. «Ular eng qimmatbaho narsa — nafaqat moddiy nuqtai nazardan, balki ramziy jihatdan ham», dedi u intervyusida.

Foto: Reuters

Hokimiyat vakillarining aytishicha, tergovchilar o‘g‘rilar tashlab ketgan buyumlar va kuzatuv kameralaridagi tasvirlarni o‘rganmoqda. «Bu katta ko‘lamli o‘g‘irlik», dedi ichki ishlar vaziri Loran Nyunez.

Nyunezning aytishicha, o‘g‘irlik aniq rejalashtirilgani va tezligi bilan tajribali jinoyatchilar guruhiga xos «qo‘l yozuvi»ni ko‘rsatadi. Buzib kirilgan paytda muzey allaqachon tashrifchilarga to‘la edi. Oltin bezakli Apollon galereyasida yoki uning yaqinida besh nafar muzey xodimi bo‘lgan.

Fransiya madaniyat vazirligi bayonotiga ko‘ra, ular Luvrning xavfsizlik protokoliga muvofiq «odamlar xavfsizligini ustuvor qilgan holda» politsiyaga murojaat qilishgan. Hech kim jarohat olmadi, dedi vazirlik, biroq Parij prokuraturasi xodimlarga o‘g‘rilar tomonidan po‘pisa qilinganini bildirdi.

Parij prokurori Lor Bekkoning aytishicha, jinoyatchilar zaldagi eng qimmat — 60 million dollarlik olmoslarga tegmagan.

«Nega uni olmay ketishganini tushuntira olmayman. Ular qo‘lga olingach, kimning buyurtmasi bilan harakat qilganini bilamiz», — dedi Bekko.

Reuters’ning yozishicha, jinoyatchilardan biri sariq xavfsizlik jileti kiygan bo‘lgan — u tergovchilar tomonidan topilgan. Shuningdek, ular qochish chog‘ida kranni yoqib yuborishga uringan, biroq muvaffaqiyatsiz bo‘lgan.

Foto: Reuters

«Hozircha barcha ehtimollar o‘rganilmoqda. Jinoyat ehtimol buyurtma asosida — xususiy kolleksioner uchun amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, o‘g‘irlangan asarlar yaxlit holda qaytarilishi ehtimoli bor», — dedi prokuror. Agar o‘g‘rilar faqat qimmatbaho tosh va metallga qiziqqan bo‘lsa, buyumlar eritib yoki qora bozorda sotilishi mumkin.

Ichki ishlar vaziri Loran Nyunez voqeani tergov qilish ishi yirik o‘g‘irliklar bilan shug‘ullanuvchi maxsus politsiya bo‘limiga topshirilganini aytdi.

Madaniyat vaziri Rashida Datining aytishicha, so‘nggi 40 yil ichida yirik muzeylarni himoya qilish masalasiga e’tibor juda kam bo‘lgan. «Luvr rahbari ikki yil avval politsiyadan xavfsizlik auditi o‘tkazishni so‘ragan edi. Chunki muzeylar jinoyatchilikning yangi shakllariga moslashishi kerak. Bugungi kunda bu — tashkilotli, professionallar tomonidan amalga oshiriladigan jinoyatlar», dedi u.

Luvr va muzeylardagi o‘g‘riliklar

Sobiq qirollik saroyi bo‘lgan bino Fransuz inqilobidan keyin muzeyga aylantirilgan. Unda 33 mingdan ortiq asar saqlanadi: Qadimgi Yunoniston, Misr va Mesopotamiya haykallari, Yevropa va Osiyoning yirik san’at asarlari ham shu yerda joylashgan.

Har kuni muzeyga 30 minggacha inson muzeyga tashrif buyuradi, bu uni dunyodagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan muzeyga aylantiradi. Eng mashhur asar — Leonardo da-Vinchining «Mona Liza» asari atrofida shu qadar katta gavjumlik bo‘lishi sababli, shu yil boshida unga alohida bino qurilishi aytilgandi.

Foto: Reuters

NYT'ning yozishicha, Luvr — so‘nggi paytlarda o‘g‘irliklardan zarar ko‘rgan Fransiya muzeylarining navbatdagisi.

O‘tgan hafta Korreze shahrida sobiq prezident Jak Shirak nomidagi muzey qurollangan va niqoblangan shaxslar tomonidan talandi, oradan bir necha soat o‘tib, to‘rt kishi hibsga olindi.

Sentyabr oyida o‘g‘rilar Luvrdan bir necha metro bekati naridagi «Tabiiy tarix» milliy muzeyidan taxminan 700 ming dollarga teng xom oltin quymalarini o‘g‘irlab ketishdi. O‘sha oyda «Adrien Dubouché» muzeyidan 9,5 million yevroga baholangan ikki likopcha va bir vazona o‘g‘irlashdi.

Yakshanba kungi o‘g‘irlik Luvr tarixidagi eng mashhurlaridan biriga aylanishi mumkin, biroq u birinchisi emas. Muzey ilgari ham bir necha bor yirik o‘g‘irliklar nishoni bo‘lgan.

Foto: Roger-Viollet/Getty Images

Xususan, Luvrdagi eng mashhur o‘g‘irlik 1911 yil yozida sodir bo‘lgan. O‘shanda «Mona Liza» portreti muzey xodimi Vinchenso Perujja tomonidan o‘g‘irlangan. Ikki yillik shov-shuvli yorituvlardan so‘ng, Perujja Italiyada rasmni sotmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingan va asar qaytarilgan.

Mavzuga oid