Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Nigeriya: jangari guruh qo‘lidan 100 nafar maktab o‘quvchisi qutqarildi
Noyabr oyi oxirida jangarilar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan katolik “Sent-Meri” internat-maktabida o‘qigan 100 nafar qizning ozod etilgani va ular Niger shtati hokimiyatiga topshirilishi kutilayotgani haqida BMTdagi manba AFP agentligiga xabar berdi.
Foto: KOLA SULAIMON/AFP
Nigeriya hokimiyati noyabr oyi oxirida jangarilar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan katolik “Sent-Meri” internat-maktabining 303 nafar o‘quvchisidan 100 tasini ozod qilishga erishdi. Bu haqda yakshanba kuni, 7 dekabr kuni mahalliy Channels Television telekanali ham, AFP agentligi ham mustaqil ravishda xabar berdi. AFP bu ma’lumotni BMTdagi ismi oshkor etilmagan manba va Nigeriya prezidentining rasmiy vakili so‘zlariga tayanib tarqatdi.
Manbaning aytishicha, 100 nafar bola mamlakat poytaxti Abujaga yetkazilgan. Kutilishicha, 8 dekabr kuni ular Niger shtati hokimiyat vakillariga topshiriladi. Xabarlarda qizlar jangarilar qo‘lidan kuch ishlatish orqalimi yoki muzokaralar yo‘li bilan ozod qilinganmi, noaniqligicha qolmoqda.
“Biz duo qilib, ularning qaytishini kutdik. Agar bu rost bo‘lsa, juda xursand qiluvchi xabar”, — dedi maktabni boshqaruvchi Kontagora yeparxiyasi yepiskopi Bulus Yoxannaning matbuot kotibi Daniel Atori. “Biroq bizda hali rasmiy ma’lumot yo‘q, federal hukumatdan bu haqda hech qanday rasmiy xabar olganimiz yo‘q”, — deya qo‘shimcha qildi u.
22 noyabr kuni Nigeriya Xristianlar assotsiatsiyasi “Sent-Meri” internat-maktabidan 303 nafar o‘quvchi qiz va 12 nafar o‘qituvchi o‘g‘irlab ketilganini ma’lum qilgan edi. Maktab Niger shtatidagi Papiri aholi punktida joylashgan. Keyinchalik jangarilar asirlaridan 50 nafari qochishga muvaffaq bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Xabar e’lon qilingan vaqtga kelib, 265 nafar kishi — o‘quvchilar va maktab xodimlarining taqdiri hali ham noma’lum edi.
Nigeriyada qurollangan guruhlar ko‘p yillardan beri mamlakatning shimoliy-g‘arbiy va markaziy hududlaridagi qishloq joylardan odam o‘g‘irlab, ularni tovon puli evaziga qaytarish bilan shug‘ullanib keladi. Bunday hujumlar natijasida minglab insonlar halok bo‘lgan. Jangarilar bir necha shtat hududini qamrab olgan katta o‘rmonli hududlarda yashirinib yuradi.
Eng ko‘p shov-shuvga sabab bo‘lgan hodisalardan biri 2014 yil aprelida sodir bo‘lgan edi. O‘shanda “Boko Haram” guruhi jangchilari Chibok shahridagi litseydan 276 nafar o‘quvchi qizni o‘g‘irlab ketgan. Keyinchalik ularning ko‘p qismi terroristlar qo‘lidan qochdi yoki muzokaralar natijasida ozod qilindi. Amnesty International huquqni himoya qilish tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilga kelib o‘sha o‘g‘irlangan qizlardan 82 nafari hali ham bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qolmoqda.
Mavzuga oid
07:36 / 04.12.2025
Beninning qadimgi devorlari: kosmosdan ham ko‘rinadigan ulkan inshootlar
12:00 / 26.11.2025
Yakka tartibda o‘qitiladigan o‘quvchilarga dars berganlik uchun yo‘l kompensatsiyasi to‘lanadi
09:55 / 23.11.2025
Nigeriyada jangarilar 300 dan ortiq bolani o‘g‘irlab ketdi
16:17 / 18.11.2025