Jamiyat | 22:37 / 08.08.2025
70704
7 daqiqa o‘qiladi

«To‘yga tayyorlagan qizim edi» – Ohangaron suv omborida yuz bergan fojia haqida reportaj

Ikki dugona suratga tushish va cho‘milish uchun Ohangaron suv ombori chekkasiga tushib, qaytib chiqmagan. Uchinchi qizni qutqarib qolgan o‘tkinchi yigit voqea tafsilotlarini aytib berdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

28 iyul kuni Ohangaron suv omborida ikki qiz cho‘kib ketdi, ularni qutqarishga uringan yana uchinchi qiz ham halok bo‘lishiga oz qolgan. Kun.uz muxbiri voqea joyiga borib, fojia tafsilotlarini o‘rgandi.

Qizlardan birini qutqarib qolgan yigit agar bir necha daqiqa oldin ko‘rishganida, qolganlarni ham qutqarib qolish mumkin bo‘lgani haqida gapirdi.

«Qizlar ancha vaqt yordam so‘rab baqirgan. Lekin na qorovul, na boshqasi eshitgan», – deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu fojia soat 12:40 larda ro‘y bergan.

«Mana shu joyga tomosha qilgani kelgandik, bir qiz suvda baqirayotganini eshitib qoldik. Keyin men u yoqdan yugurib suvga tushdim-da, qizni olib chiqdim. Yarim soatdan keyin tez yordam mashinalari keldi, xizmatlarini ko‘rsatishdi. Agar 3-4 daqiqa oldin kelganimizda, qolganlarini ham qutqarib qolish mumkin edi. Afsus, u qizning opasi va dugonasi suvga g‘arq bo‘lgan ekan. Agar bu yerda qorovullar bo‘lganida, qizlar bu ahvolga tushmas edi. Biz kelganimizda hech qanaqa qorovul ham, qutqaruv xizmati xodimlari ham yo‘q edi», – deydi suhbatdosh.

Uning so‘zlariga ko‘ra, suv tubi botqoqlik bo‘lgan.

«Men ham birinchi qadamni bosganimda tizzadan balandroq joyga kirib ketdim. O‘zimni o‘nglab oldim. Shundan keyin u qizga qarab suzib borib, olib chiqdim.

Osti 4-5 metr botqoqlik bo‘lgan. Bu qizlar o‘sha botqoqqa kirib ketavergan menimcha. Bularni botqoq tortib ketgan. Suv o‘zan hosil qilgan. Shunda qizlarni tortib ketgan.

U qiz ham opalarini qutqaraman deb suvga tushgan. Biz kelgan mahal u ham suvda edi. Qutqarish uchun o‘zini tashlagan. Oqim qizni qirg‘oqdan 20-25 metr ichkariga olib ketgan», – deydi u.

Holat yuzasidan mazkur gidrotexnik inshootlarga mas’ul bo‘lgan «Suvxo‘jaliknazorat» inspeksiyasi vakili izoh berdi. U qizlar suv omborining nazorat qilinmaydigan qismidan suvga tushganini aytadi.

«Suv omborining damba tomonlarini Milliy gvardiya qo‘riqlaydi, kameralar qo‘yilgan. U qizlar qirdan tushib kelgan. U joylarni biz nazorat qila olmaymiz», deydi inspeksiya vakili.

Inspeksiya xodimi xavfsizlik choralari bilan bog‘liq boshqa savollarga Ohangaron suv ombori boshlig‘i Botir Turdiyev javob berishini bildirdi.

Ohangaron suv ombori boshlig‘i Botir Turdiyev

Turdiyev hodisaga munosabat bildirarkan, ombor qirg‘og‘ida bunday tuproqli to‘g‘onlar bo‘lishi noqonuniy ekanini ma’lum qildi.

«Bu voqeani o‘sha kuni taxminan soat 15:00 larda eshitdim. Ayanchli voqea bo‘libdi. Aslida bu yerda cho‘milish mumkin emas. Oxirgi 2-3 yilda tadbirkorlik faoliyati boshlanib, bu yerga odamlar cho‘milish uchun kelyapti. Ular tadbirkorlar tomonidan qayiqda suzish, sayr qilishga jalb etilyapti. Shuning uchun odamlar bu yerga keladigan bo‘lib qoldi.

Oldin bu yerga hech kim cho‘milishga kelmasdi. Hozir bu joylar tadbirkorlarga o‘tib ketdi. Men ularni ayblamayman, lekin hozir cho‘milishga odamlar kelyapti»,– deydi suv ombori boshlig‘i.

U suv omborining muhofaza zonasi borligi, bu qirg‘oqdan 150 metrgacha bo‘lgan hudud ekanini aytadi. Lekin shunga qaramay, tadbirkorlar faoliyatini amalga oshirmoqda.

«Men ularga ishlama deya olmayman. Lekin baribir shu yerda tadbirkorlik faoliyatini yuritgandan keyin qandaydir nazorat bo‘lishi kerak-da. Men shunday deb o‘ylayman.

Bizda o‘zimizning qo‘riqlanadigan hududlarimiz bor. Masalan, to‘g‘ondan 400 metrgacha bo‘lgan hudud qo‘riqlanadi. Qolganlariga biz javob bermaymiz. Bu hudud juda katta. Qo‘riqlashga jismonan qurbimiz yetmaydi», – deydi u.

Botir Turdiyev fojia sodir bo‘lgan joylarga cho‘milishni taqiqlovchi belgilar o‘rnatilishi, lekin nazorat qilishga vaqt yo‘qligini ta’kidlaydi.

«Biz tadbirkorlarga kelib aytganmiz. Masalan, mana bu to‘g‘oncha bor-ku, aslida, suv omborining muhofaza zonasida bunaqa ishlar qilinishi mumkin emas. O‘zboshimchalik bilan qilingan ishlar hammasi. Bu yerda umuman qazish ishlari mumkin emas», – deydi u.

Noqonuniy qurilmalarni buzish masalasi haqidagi savolga javoban u tadbirkorlarga biror nima deyishga ilojsiz ekanini tan oldi. Shu bilan birga, yuqori turuvchi tashkilotlarga murojaat qilishini aytdi.

Shundan keyin qutqarib qolingan qizning xonadoniga bordik. Ma’lum bo‘lishicha, angrenlik qiz marhuma opasi bilan birga Ohangaronga mehmonga borgan.

«19 yosh edi, to‘yga tayyorgarlik ko‘rayotgandik. Uyda nevaram kechki ovqatga harakat qilib turgan edi. Dugonasi bilan yonimizdagi do‘konda ishlardi. Keyin dugonasi “biznikiga toqqa jo‘nating, xolajon, ertaga ertalab 10 gacha yetib kelamiz” dedi. Men bormasin, kech bo‘lib qoldi dedim. Lekin keyin qanday jo‘natganimni bilmayman.

Endi kuni bitib turgan ekan. Ko‘chaga chiqmagan qizlar edi, besh vaqt namozi bor edi. Tikuvchilik kollejini bitirib, arab tili kurslariga borardi.

Shundan keyin ertalab 06:00 da telefon qildim, javob bermadi. Keyin bilsam, rasmga tushamiz deb borib cho‘kib ketibdi. 16 yoshli qizimni qutqarishdi, rahmat. Lekin 19 yoshli qizim qaytib chiqmadi, murdasi chiqdi. Bir-birini yetaklab ketdi...», – deydi qizlarning buvisi.

Jurnalist: Shahzod O‘roqboyev
Videotasvirchi: Boymirza Halilov

Mavzuga oid