Tumanning 35-bog‘cha mudirasi Husniya Abdusamatova Kun.uz’ga janjal sababini tushuntirarkan, MMTB rahbari Sahobiddin Mirzamatov uning lavozimini boshqa shaxsga olib berish istagida turli bosimlar qilganini aytmoqda. U voqea ortidan nohaq ishdan bo‘shatilgani, 1 yildan beri mudiralik maoshini ololmayotgani hamda rasmiylar ayni vaziyatni chuqurroq o‘rganmaganidan norozi.

Noyabr boshida tarmoqlarda Ohangaron tumanidagi bog‘cha mudirasi va tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbari janjallashgani aks etgan videolar tarqaldi.

Toshkent viloyati MMT boshqarmasi rasmiy munosabat bildirib, holat nazoratga olingani hamda ishchi guruh tomonidan o‘rganilganini ma’lum qilgan.

Aytilishicha, holat shu yilning iyul oyida sodir bo‘lgan. Bog‘cha mudirasi Husniya Abdusamatova ish faoliyati davomida turli qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ygan. Sahobiddin Mirzamatov tomonidan ogohlantirishlar berilganida kamchiliklarni tan olmay, janjalli vaziyatni keltirib chiqargan.

Holat viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ullari tomonidan atroflicha o‘rganilib, qonunda belgilangan tartibda ta’sir choralari ko‘rildi. Jumladan, bog‘cha direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi”, – deyiladi izohda.

Bog‘cha mudirasi va bo‘lim boshlig‘i o‘rtasidagi nizoning sababi nima?

Kun.uz’ga murojaat qilgan Abdusamatova hech qanday ishchi guruh tuzilmagani, vaziyat o‘rganilmagani va asl holat boshqacha ekanini aytmoqda. 2024 yil mart oyidan beri shu bog‘chada ishlab kelayotgan Abdusamatova tahririyatga vaziyatni tushuntirishga urindi.

Men Ohangaron tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi tasarrufidagi 35-bog‘chaga safarbarlik buyrug‘i bilan rahbarlikka tayinlanganman. O‘zi men tadbirkor edim. Oilaviy bog‘cha ishlatar edim. O‘sha mahallada bittagina oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yganman. U mahallada bog‘cha yo‘q edi.

Yaxshi ishlab yurgan paytimda o‘zlari bir kun chaqirtirdi. “Mahallangda bog‘cha ochilyapti, o‘sha yerga nomzod yo‘q, sening nomzodingni qo‘yyapmiz”, dedi. “Ha, mayli”, dedim. “Men hali bitirmaganman o‘qishni, diplom olmaganman hali, bitiruvchi kursman. Hali davlat imtihonidan o‘tmadim” desam, “Mayli, bitirguningcha v.b. bo‘lib turasan, keyin o‘tkazamiz direktorlikka”, dedi. Keyin mayli, dedim.