Yevro-2024 chempionlari va «Barsa»dan 3 futbolchi. O‘zbekiston Olimpiadadagi debyut o‘yinida kimlarga qarshi o‘ynaydi?
O‘zbekiston olimpiya jamoasi Olimpiadada o‘z tarixidagi ilk uchrashuvini o‘tkazishiga bir haftadan kam vaqt qoldi. Temur Kapadze shogirdlari Parij-2024 startini 24 iyul kuni «PSJ» klubi uy arenasi sanalmish «Park de Prens» stadionida Ispaniyaga qarshi o‘tkazadi. «Qizil furiya» Yevropada tengsiz bo‘lgach, La Liga o‘yinchilaridan tashkil topgan olimpiya jamoasi ham Olimpiadada g‘oliblikka asosiy da’vogarlardan sanalmoqda.
Tribuna.uz sayti Parij-2024 startidan avval O‘zbekiston olimpiya jamoasi joy olgan «S» guruhidagi Ispaniya, Misr va Dominikan jamoalari tarkibiga nazar tashlab, vakillarimiz qay darajadagi raqiblarga duch kelishini baholadi. Dastlabki raqib – Ispaniya.
Ispaniya olimpiya jamoasi – Yevropa vitse-chempioni
O‘zbekiston guruh bosqichini 24 iyul kuni Parijda Ispaniyaga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. O‘tgan haftada ushbu mamlakat milliy jamoasi Yevro-2024 finalida Angliyani mag‘lub etib, qit’a chempioniga aylangan bo‘lsa, Ispaniya olimpiya jamoasi 2023 yilda Yevropa chempionati U21 turniri finalida Koul Palmer yetakchiligidagi Angliyaga mag‘lub (0:1) bo‘lib, Olimpiada-2024ga ko‘hna qit’aning vitse-chempioni sifatida yetib keldi.
Olimpiada finalchisi yoxud de la Fuentening yordamchisi boshqaruvidagi jamoa
Santyago Deniya Sanches yoxud Santi nomi bilan tanilgan ispaniyalik sobiq futbolchi Ispaniya olimpiya jamoasining bosh murabbiyi sanaladi. 50 yoshli mutaxassis Tokio-2020 Olimpiadasida ham Luis de la Fuentening yordamchisi sifatida qatnashgan va Ispaniya olimpiya jamoasi finalda Braziliyaga yutqazib (1:2), kumush medali bilan cheklangandi.
Luis de la Fuente aynan Olimpiadada Dani Olmo, Mikel Oyarsabal, Mikel Merino, Kukurelya, Unai Simon singari o‘yinchilar bilan muvaffaqiyat qozongan va bir yil o‘tib, Luis Enrike o‘rniga Ispaniya milliy jamoasi bosh murabbiyiga aylangandi. De la Fuentening o‘rnini esa Santi egallagan.
Yevro-2024 g‘oliblari ham tarkibda
Ispaniyaning Parij-2024 turniriga boradigan 22 futbolchidan iborat tarkibi e’lon qilindi. 18 futbolchi o‘yin qaydnomasidan joy olsa, 4 futbolchi zaxira varianti sifatida qoladi. Bular – Kristian Moskera, Xuanlu Sanches, Serxio Kamelo va Alexandro Iturbe. De la Fuente qo‘l ostida Yevro chempioniga aylangan ikki futbolchi – Fermin Lopes (Barselona) va Aleks Baena (Vilyarreal) ham Olimpiadaga boradigan ro‘yxatdan joy olgan.
Murabbiylar shtabi Yevro-2024 qahramoniga aylangan Lamin Yamalni ham Parijga olib borishni istagan, ammo «Barsa» mavsum oldi yig‘inlar sabab bunga ruxsat bermagan. Shunga qaramay, tarkibda Kataloniya klubidan 3 futbolchi bor – Fermin Lopes, Pau Kubarsi va o‘tgan mavsum «Jirona»da ijarada bo‘lgan Erik Garsiya.
Ispaniyaning Olimpiada uchun yakuniy tarkibi:
Parij Olimpiadasining eng qimmatbaho 2-jamoasi
Ispaniya olimpiya jamoasi tarkibi bo‘yicha Parij-2024 Olimpiadasining eng qimmat 2-jamoasi sanaladi. Transfermarkt talqiniga ko‘ra, ispanlarning 22 o‘yinchidan iborat umumiy tarkibi 370 million yevroga baholangan. Bu borada faqat Tiyerri Anri murabbiyligidagi Fransiyaning (411 mln yevro) tarkibi ispanlardan qimmatroq.
Ispaniyaning eng qimmatbaho 5 futbolchisi:
1. Aleks Baena – 40 mln yevro
2. Samu Omorodion – 35 mln yevro
3. Fermin Lopes – 30 mln yevro
4. Kristian Moskera – 30 mln yevro
5. Pau Kubarsi – 30 mln yevro.
Ispaniyaning o‘yinlari taqvimi bilan tanishing:
1-tur. 24 iyul
18:00. O‘zbekiston – Ispaniya
2-tur. 27 iyul
18:00. Dominikan – Ispaniya
3-tur. 30 iyul
20:00. Ispaniya – Misr.
O‘yinlar Toshkent vaqti bilan ko‘rsatilgan.
Usmon Ibodov
Mavzuga oid
21:05 / 26.07.2024
Ularga bozorda talab yuqori. Yevro-2024’da narxi oshgan 10 futbolchi
10:45 / 25.07.2024
«Yevro-2024» futbol musobaqalari yozuvidan ruxsatsiz foydalangan shaxs jarimaga tortildi
11:42 / 21.07.2024
Italiyalik himoyachi, «MYu»ning porlagan yulduzi va Ispaniyadagi iste’dodlar. Yevro-2024’ning asosiy kashfiyotlari
15:50 / 18.07.2024