Jahon | 20:01 / 01.03.2026
14084
3 daqiqa o‘qiladi

Axloqqa zid va noqonuniy. Rossiya, Shimoliy Koreya va Xitoy Xominaiyning o‘ldirilishini qoraladi

Rossiya, Shimoliy Koreya va Xitoy AQSh va Isroilning Eron oliy rahnamosi Ali Xominaiyning o‘limiga sabab bo‘lgan zarbasini qoraladi. Eronning antiamerika koalitsiyasi, qurol va sanksiyalar ostidagi neft savdosi bo‘yicha hamkorlari bir-biriga o‘xshash bayonotlar berishdi.

Foto: Reuters

Rossiya rahbari Vladimir Putin Xominaiyning «barcha insoniy axloq me’yorlari va xalqaro huquqning buzilishi oqibatida» vafot etishi munosabati bilan ta’ziya bildirdi, deb xabar qildi Kreml.

Rossiya Ukrainaga qarshi urushda Eron qurollari, birinchi navbatda, dronlaridan foydalanadi. Bir yil avval Putin Tehronni «strategik hamkor» deb e’lon qilgandi, ammo 2025 yil iyunida Isroil Eronga hujum qilganidan so‘ng Rossiya Kaspiy tomondan janubdagi qo‘shnisiga hech qanday harbiy yordam bermadi. O‘shanda Putin eronliklar yordam so‘ramaganini aytgan, Kreml esa tajovuzni qoralash bilan cheklangandi.

Rossiyani Ukraina bilan urushda Eron bilan birga G‘arb bilan aloqalar uzilganidan so‘ng Rossiyaga texnologiyalar yetkazib beruvchi va xomashyosining asosiy xaridoriga aylangan Xitoy hamda o‘q-dori va askarlar jo‘natayotgan Shimoliy Koreya qo‘llab-quvvatlamoqda. Xitoy shuningdek, Eronning yadroviy dasturi va Livan, Iroq, Yamandagi jangarilarni qo‘llab-quvvatlashidan norozi G‘arbning sanksiyalari ostiga tushgan Eron neftining asosiy xaridori hamdir.

«Eron oliy rahnamosiga hujum qilinishi va o‘ldirilishi Eron suvereniteti va xavfsizligining qo‘pol tarzda buzilishi hisoblanadi. Bu BMT nizomining maqsad va tamoyillari hamda xalqaro munosabatlarning asosiy normalarini poymol qiladi», — deb bayonot berdi Xitoy TIV.

«Xitoy bunga qat’iyan qarshi chiqadi va qoralaydi. Biz harbiy amaliyotni darhol to‘xtatish, keskin vaziyatning yanada avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda birgalikda Yaqin Sharq va butun dunyoda tinchlik va barqarorlikni qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz».

Shimoliy Koreya — Eronning yana bir ittifoqchisi. Oxirgi o‘n yilliklar davomida har ikki mamlakat AQShning asosiy dushmanlari hisoblanadi — Vashington jahon “yovuzlik o‘qi” ular orqali o‘tadi deb hisoblaydi. Oyatulloh Xominaiy oxirgi bor xorijga rasmiy tashrifini uzoq 1989 yilda Kim Ir Sen bilan uchrashish uchun aynan Shimoliy Koreyaga uyushtirgandi. O‘shandan buyon u Eronda yashirin hayot kechirib kelayotgandi.

Shimoliy Koreya TIV amerikaliklarni «gangsterlar», ularning Isroil bilan birgalikdagi Eronga qarshi urushini esa «o‘z xudbin va gegemonistik niyatlariga erishish uchun harbiy kuchni behayolarcha va banditlarcha suiiste’mol qilish» deb atadi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid