Rossiya Ukraina shaharlariga zarba bermoqda, Ukraina ham shunday javob qaytara oladimi?
Ukraina shaharlariga ommaviy raketa zarbalari berishning yangi to‘lqini boshlanishi ortidan Rossiyaning chegaraga yaqin hududlarida favqulodda vaziyatlar muntazam ravishda sodir bo‘lmoqda: portlashlar, yong‘inlar... havo mudofaasi faol ishlamoqda. Mahalliy hokimiyat Ukraina qurolli kuchlari tomonidan o‘qqa tutilayotganini aytadi, Ukraina hukumati aksariyat hollarda mojaroda Rossiyaning o‘zi aybdorligini ta’kidlaydi.
Ukraina Rossiya hududiga muntazam zarba berish uchun qanday texnik imkoniyatlarga ega? Ukraina bunday hujumlarni amalga oshirishga qay darajada tayyor? Va umuman olganda, Rossiyaning xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari doirasida juda faol harbiy harakatlarni o‘tkazish Kiyevning manfaatlariga qanchalik mos keladi?
***
10 oktyabrdan beri Rossiya tomonidan Ukraina hududiga uyushtirilgan ommaviy raketa hujumlari haqidagi xabarlar bilan bir qatorda Rossiyaning chegaradosh hududlari ham tobora faol o‘qqa tutilayotgani haqidagi xabarlar ko‘paydi. Ba’zi hollarda gap havo hujumidan mudofaa tizimi faoliyati haqida ketadi, tizim nimanidir urib tushirgan bo‘ladi. Ukraina rasmiylari ko‘pincha o‘z hududiga, masalan Xarkivga otilgan Rossiya raketalarini urib tushirganini da’vo qiladi.
Xususan, Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak Rossiyaning Belgorod shahridagi turar joy binosiga raketa urilganini quyidagicha izohladi:
«Rossiya Xarkiv tomon raketa uchirdi, biroq nimadir noto‘g‘ri bajarildi va u Belgoroddagi turar joy binosiga tegdi. Tergov bo‘ladimi? Yoki kimdir jazolanadimi? Yo‘q. Putinga kimni o‘ldirishning farqi yo‘q: ukrainlarni yoki ruslarni. Targ‘ibotchilar tezda soxta sabablarni topishadi».
Rossiya rasmiylarining ta’kidlashicha, bu Ukraina qurolli kuchlari tomonidan o‘qqa tutishning oqibatlari.
13 oktyabr kuni Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov shahardagi ko‘p qavatli uy raketa urilishi oqibatida vayron bo‘lgani haqida yozdi. Shuningdek, Shebekino shahridagi bojxona posti o‘qqa tutilishi va o‘q-dorilar ombori portlashi haqida xabar berdi.
14 oktyabr kuni oblast rahbari Rossiya havo mudofaa kuchlari tomonidan Belgorodning Novooskolskiy rayonida raketalar urib tushirilganini yozdi. Bo‘laklar temiryo‘l yaqiniga qulab tushgan. Xuddi shu kuni, Belgorod o‘qqa tutilganidan so‘ng, elektr podstansiyasi, ertasi kuni esa neft ombori yonib ketdi.
19 oktyabr kuni gubernator Gladkov Ukraina qurolli kuchlari tomonidan Shebekino qishlog‘i kuchli o‘qqa tutilgani haqida xabar berdi. Uch kishi jarohatlangan. Gubernator o‘qqa tutilgan hududda yashovchi aholidan «hududni vaqtincha tark etish»ni so‘radi.
O‘sha kuni Rossiya tomonidan annexia qilingan Sevastopol gubernatori Mixail Razvojayev shahar uzra (Belbek aerodromi yaqinida) havo mudofaasi tomonidan dron urib tushirilganini yozdi. Uning bo‘laklari xususiy turar joy binosiga qulagan. Razvojayevning so‘zlariga ko‘ra, hech kim jabrlanmagan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 19 oktyabr kuni Ukrainaning annexia qilingan hududlarida harbiy holat joriy etilganini e’lon qilar ekan, «O‘qqa tutishlar davom etmoqda. Hududimizga qo‘poruvchilar guruhi yuborilmoqda» dedi. Shuningdek, Ukraina go‘yo Rossiya mintaqalaridagi energetika va transport obektlariga, jumladan, «atom energiyasi obektlari»ga hujum tayyorlayotganini aytdi.
Putinning farmoniga ko‘ra, Rossiyaning qator hududlarida «to‘rt darajali cheklovlar» joriy etildi. Masalan, annexia qilingan Qrim va Sevastopol, Krasnodar o‘lkasi, Belgorod, Bryansk, Voronej, Kursk va Rostov oblastida «o‘rta darajadagi cheklovlar» joriy etildi. Chora-tadbirlar qatorida aholini xavfsiz hududlarga vaqtincha ko‘chirish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.
Rasmiy Kiyev hech qachon Rossiya hududidagi hujumlar uchun javobgarlikni tan olmagan.
Aprel oyida Belgorodda birinchi «g‘alati» portlashlar sodir bo‘lganidan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda go‘yo Ukraina harbiy vertolyotlarning shahar uzra uchib o‘tgani tasvirlari paydo bo‘ldi. Ukraina Xavfsizlik kengashi kotibi Oleksiy Danilov bu haqda shunday degandi: «Bizning bunga nima aloqamiz bor?... Bu kimlar ekanini bilmayman. Vaqt o‘tadi va hamma narsa o‘z joyiga tushadi. Balki bular Rossiya harbiylaridan ikkita vertolyotni ijaraga olib, shahar uzra sayr qilmoqchi bo‘lgan odamlardir?».
Rossiya shaharlari tahdid ostidami?
Harbiy sharhlovchi Yuriy Fyodorovning so‘zlariga ko‘ra, agar ishning texnik tomoni haqida gapiriladigan bo‘lsa, Ukraina zarur qurollarga, jumladan, HIMARS va shunga o‘xshash raketa tizimlariga ega. Ular 80 km masofaga zarba bera oladi.
Nazariy jihatdan, ularning nishonlari chegara chizig‘idan 50-60-70 km masofadagi Rossiya harbiylari yoki infratuzilma obektlari bo‘lishi mumkin.
Anonim qolishni istagan rossiyalik ekspert so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning qisqa masofalarga zarba beruvchi qurollar bilan chegara hududlariga, perimetr bo‘ylab, ya’ni annexia qilingan Qrimdan Bryanskgacha bo‘lgan joylarga zarba berish, yoki hudud ichkarisida qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirish ehtimoli katta.
«Bryansk, Kursk, Belgorod va Qrimga zarba berish ehtimoli katta, chunki ular juda yaqin. Krasnodar o‘lkasi ham xavfli zonada», dedi ekspert.
Boshqa tomondan, iyul oyida Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov HIMARS tizimlari Ukrainaga jo‘natilayotganda g‘arbiy hamkorlar Kiyev oldiga shart qo‘yganini aytdi: bu qurollardan Rossiya hududidagi obektlarga zarba berishdan tiyilish.
«Bu haqda hamma joyda aytilgan, hatto shaxsan o‘zim Pentagon rahbariga xat yo‘llaganman. Amerika qurollaridan faqat dushmanni tiyib turish va ishg‘ol qilingan hududlarni ozod qilish maqsadida foydalanishni va’da berganmiz», dedi Oleksiy Reznikov.
Qrim va sentabr oyida annexia qilingan hududlarni Kiyev albatta Rossiya Federatsiyasi hududi deb hisoblamaydi.
Ukraina zarba berish uchun qanday texnik imkoniyatlarga ega?
Hozir Ukraina qurolli kuchlarida Amerikaning Lockheed Martin kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan yuqori aniqlikdagi GMLRS raketalari bor.
Shuningdek, Ukrainada modernizatsiya qilingan «Smerch» raketa tizimi uchun mo‘ljallangan o‘zining «Olxa-M» taktik raketalari ham bor. Ular 100 km masofaga zarba bera oladi. Bu ma’lumotni tasdiqlashning iloji yo‘q, «Olxa-M» raketalari haqidagi barcha ma’lumotlar sir saqlanmoqda.
Rossiya Mudofaa vazirligi «Olxa-M» raketalari urib tushirilayotgani haqida muntazam xabar beradi. So‘nggi bunday hisobot 14 oktyabrda e’lon qilindi. Bu xabarlarning haqiqiyligini tasdiqlashning iloji yo‘q.
Bundan tashqari, Ukraina qurolli kuchlarida sovetlar davrida ishlab chiqilgan «Tochka U» operativ-taktik komplekslari ham bor. Bu ancha eski qurol – asosiy versiyadagi kompleks 1975 yildan beri, modernizatsiya qilingani esa 1989 yildan beri xizmat qilmoqda. «Tochka U» raketalarining maksimal parvoz masofasi 120 kilometrni tashkil etadi.
Ammo, ukrainalik harbiy ekspert Mixaylo Jiroxovning so‘zlariga ko‘ra, haqiqiy ma’lumotlar boshqacha.
«Bu zavod raqamlari, aslida raketa ancha qisqa masofalarga uchadi. Ushbu raketalar ayniqsa aniqligi bilan ajralib turmaydi. 70 kilometrdan ortiq masofaga uchirilganda ularning nishondan og‘ib ketish ehtimoli 200 metrni tashkil qiladi. Ba’zi sinovlar orqali bu ko‘rsatkichni 50 metrgacha kamaytirishga erishildi. Aniqlikning pastligi qisman zaryad kuchi bilan qoplanadi – raketa kallagi og‘irligi deyarli yarim tonnani tashkil qiladi».
Ukraina bir necha oydan beri Qo‘shma Shtatlardan MGM-140 ATACMS raketalarini yetkazib berishni so‘ramoqda. Bu yuqori aniqlikdagi raketa bo‘lib, 300 kilometr masofaga harakatlana oladi va jangovar kallak og‘irligi 220 kilogrammdan ortiq. U nishonni aniqlashda GPS navigatsiyasidan foydalanadi. Shu paytgacha Ukrainaga bunday raketalar yetkazib berilgani haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.
Shunday bo‘lsa-da, bunday raketalarni yetkazib berish imkoniyati Ukraina harbiy-siyosiy doiralarida anchadan beri muhokama qilinmoqda. Ammo nima uchun bu hali ham amalga oshirilmagani haqidagi taxminlardan biri shuki, Qo‘shma Shtatlar Kiyev raketalarni Rossiyadagi nishonlarga qarshi qo‘llashidan qo‘rqadi va bu ziddiyatning Vashington istamaydigan darajada avj olishiga sabab bo‘ladi.
Mutaxassis Mixail Jiroxov Ukrainaga bunday raketalarni yetkazib berish bilan bog‘liq muammolarning sababi haqida boshqacha fikrda.
«Menimcha, bu muammo emas. Amerikaliklar ularning har bir uchirilishini nazorat qilish sharti bilan yetkazib berishi mumkin va buning imkoni bor. Menimcha, AQSh arsenalida bunday raketalar unchalik ko‘p emas. Va Xitoy bilan bog‘liq muammolar zamirida omborlarni bo‘shatish ham maqsadga muvofiq emas. Axir Ukrainaga 10 yoki 20 ta raketa emas, ancha ko‘prog‘i kerak», deydi u.
Shu bilan birga, Ukrainaning ma’lum doiralarida hatto ATACMS raketalari yetkazib berilishi ham yetarli bo‘lmaydi degan tasavvur borligiga asoslar yetarli. Bu haqda Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni, general Valeriy Zalujniy aytib o‘tgan.
Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi harbiy qarama-qarshilikning asosiy xususiyati, ularning arsenalida bo‘lgan qurollar imkoniyati orasidagi keskin farqni aks ettiradi. Masalan, Rossiya qanotli raketalari taxminan 2 ming km masofaga uchadi, Ukrainaniki atigi 100 km.
«Vaziyat shunday bo‘lib qolsa, bu urush ko‘p yillar davom etishi mumkin... Albatta, dushmanni bir zumda bunday muhim ustunlikdan mahrum qilib bo‘lmaydi. Ammo dushmanga shu tarzda va shunday masofaga qarshilik ko‘rsatish qobiliyatimizni namoyish qilish imkoni bor», deb yozdi Zalujniy.
Uning fikricha, Ukraina o‘z hamkorlaridan uzoq masofaga zarba beruvchi qurollar yetkazib berilishiga erishish uchun «to‘g‘ri ish» olib borishi kerak. Chunki «Ukraina qurolli kuchlari tomonidan bunday qurollardan foydalanish ehtimoli mavjudligi Rossiyani urush tabiati, yo‘nalishi va natijasiga o‘zgacha nuqtadan nazar solishga majburlaydi».
Biroq hozircha Kiyev va uni bunday qurollar bilan ta’minlashga qodir davlatlar o‘rtasida ushbu masala bo‘yicha ehtimoliy muzokaralar qachon boshlanishi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.
Kiyevda yana qanday texnik vositalar bor?
Anneksiya qilingan Qrim hududida 17 avgust kuni qator portlashlar sodir bo‘ldi. Ulardan biri – Belbek harbiy aerodromida. Mahalliy rus ma’muriyati xabariga ko‘ra, hujum dron yordamida amalga oshirilgan. Dronning Ukraina hududidan kelgani haqida hech qanday dalil yo‘q.
Kiyev Belbek aerodromi va boshqa hududlardagi hodisalar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi. AQSh Harbiy-dengiz tahlili markazining Rossiya dasturi direktori Maykl Kofmanning so‘zlariga ko‘ra, bundan qo‘shimcha ma’no izlamaslik kerak.
«Ukraina bu zarbalardan qaysi biri uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi yoki olmasligiga e’tibor bermagan bo‘lardim. Shubhasiz, bu zarbalar havo hujumlari, uchuvchisiz samolyotlar, vertolyotlar va hokazolar yordamida aynan Ukraina tomonidan berilmoqda», dedi u.
Rossiya so‘nggi paytlarda Ukrainada nisbatan arzon kichik dronlardan tobora ko‘proq foydalanmoqda. Xususan, gap Eronda ishlab chiqarilgan «Geran-2» («Shahed-136») dronlari haqida bormoqda – ular Ukraina infratuzilma obektlariga va Rossiya tomonidan harbiy deb atalgan boshqa nishonlarga zarba beryapti.
17 oktyabr kuni Kiyevga qilingan navbatdagi hujumdan so‘ng, shahar meri Vitaliy Klichko hujumda foydalanilgan dronlar suratini e’lon qildi – ular orasida «Geran-2» ham bor edi.
Ukrainada ham shunga o‘xshash tizimlar ishlab chiqilgan bo‘lishi mumkin. Ular dastlab o‘z-o‘zini portlatish uchun mo‘ljallangan bo‘lishi shart emas, lekin biroz takomillashtirilgandan keyin shunday turdagi qurolga aylanishi mumkin.
Bunday qurollarni ommaviy ravishda ishlatish mumkin, bu havo mudofaasi ishini sezilarli darajada murakkablashtiradi. Ular orqali dushman mudofaasining ancha orqa qismiga zarba berish mumkin.
Ukraina Rossiya obektlariga boshqa yo‘llar bilan zarar yetkazishi mumkinmi?
Rossiya hududida qo‘poruvchilik harakatlari salmog‘i qanday bo‘lishi mumkinligi haqidagi savolni ko‘taradigan shov-shuvli voqea 8 oktyabr kuni sodir bo‘ldi – Qrim (Kerch) ko‘prigining bir qismi vayron qilindi. Shundan so‘ng, rus harbiylari Ukraina shaharlarini urush boshidan beri kuzatilmagan shiddat bilan ommaviy o‘qqa tuta boshladi.
Qrim ko‘prigidagi portlashni kim uyushtirgani haqida hozircha aniq javob yo‘q.
Rossiya FXX ko‘prikning vayron qilinishini terrorchilik harakati deb atadi va uning tashkilotchisi – Ukraina Mudofaa vazirligi razvedka bosh boshqarmasi deb hisoblaydi. Rossiya razvedka xizmati ko‘prikdagi portlashga aloqador kamida 12 kishining shaxsi aniqlaganini da’vo qilmoqda.
Ukraina portlashga aloqadorligini rad etadi. Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak portlashdan keyin ijtimoiy tarmoqlarda «o‘g‘irlangan hamma narsaning qaytarilishi» va «noqonuniy qurilgan hamma narsaning yo‘q qilinishi» haqida falsafiy fikrlarini yozdi. Ammo keyinchalik javobgarlikni ichki ziddiyatlarda «nazoratdan chiqib ketgan» Rossiya xavfsizlik kuchlariga yukladi.
Shunga o‘xshash fikrni prezident Volodimir Zelenskiy ham bildirdi. Kanadaning CTV News telekanaliga bergan intervyusida u ko‘prikdagi portlash Rossiya harbiylari va maxsus xizmat kuchlari o‘rtasidagi ichki kurash natijasi bo‘lishi mumkinligini aytdi.
«Bilishimcha, biz bunday buyruqni bermaganimiz aniq. U yerda hokimiyatning ko‘plab bo‘g‘inlari bor. Bu katta tizim. Sovetlar ittifoqida bu KGB edi. Bugungi kunda bir necha bo‘limlarga ajralgan va ular kim asosiy kuch ekani bo‘yicha doim raqobatlashib kelishadi», dedi Zelenskiy.
Yana bir voqea «Rus dunyosi» mafkurasi asoschisi, kremlparast faylasuf Aleksandr Dugin qizi Daryaning o‘ldirilishi bilan bog‘liq. Aynan shundan so‘ng Rossiya hududida qo‘poruvchi guruhlar harakat qilayotgani haqida gapirila boshlandi. FXX bu voqeaga Ukraina maxsus xizmatlari aralashganini ma’lum qildi.
Oktyabr oyi boshida New York Times gazetasi AQSh razvedka xizmatidagi anonim manbalarga tayanib, Darya Duginaning mashinasini portlatishga Ukraina hukumati vakillari sanksiya bergani haqida yozdi.
Urush boshlanganidan beri Rossiya maxsus xizmatlari muntazam ravishda «Ukraina qo‘poruvchi guruhlari» yoki Ukrainadan boshqariladigan guruhlar haqida muntazam bayonot bera boshladilar.
Masalan, FXX avgust oyida «Ukraina qo‘poruvchi guruhlari» Kursk oblastidagi oltita elektr uzatish liniyasi ustunini portlatganini ma’lum qildi.
Vladimir Putin esa 10 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida mamlakatda elektr energiyasi va gaz transporti infratuzilmasi obektlarida «qator teraktlar» sodir etilgani va sodir etishga urinish bo‘layotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Turk oqimi» gaz quvuri qismlaridan birini ham portlatishga urinishgan.
Putin Ukrainani qo‘poruvchilik harakatlarini sodir etishga urinishda aybladi va «bularning barchasi obektiv ma’lumotlar, jumladan, ushbu terrorchilik harakatlari ijrochilarining ko‘rsatmalari bilan isbotlangan»ini aytdi. Shuningdek, u «Shimoliy oqim» suv osti gaz quvurlari ishdan chiqqanini ham eslatib o‘tdi.
«Ma’lumki, Rossiya vakillariga Boltiq dengizi tubi bo‘ylab o‘tgan xalqaro gaz uzatish tizimlarining portlatilishi va vayron qilinishi sabablarini o‘rganishga ruxsat berilmayapti. Lekin bu jinoyatdan eng ko‘p foyda olgan tomon kim ekani hammamizga ma’lum», dedi Putin.
Quvurdagi portlashga Ukraina maxsus xizmatlari aloqadorligi haqida hech qanday dalil yo‘q. Mixaylo Podolyak 27 sentabr kuni «Shimoliy oqim»dan gaz sizib chiqishini «Rossiya tomonidan rejalashtirilgan terakt va Yevropa Ittifoqiga qarshi tajovuzkorlik harakati» deb atagandi. «Rossiya Yevropadagi iqtisodiy vaziyatni beqarorlashtirib, qish oldidan vahima qo‘zg‘atmoqchi», dedi u.
«Rossiyada Moskvadan to Vladivostokkacha bo‘lgan istalgan obektda terrorchilik yoki qo‘poruvchilik harakati amalga oshirilishini texnik jihatdan tasavvur qilish mumkin», deydi ismi sir qolishini so‘ragan rossiyalik harbiy ekspert.
Shu bilan birga, u bir martalik bunday harakatlar muvaffaqiyat keltirmasligini aytadi. «Agar to‘satdan infratuzilmaga bir qator terrorchilik hujumlari, diversiyalar uyushtirilsa, hech bo‘lmaganda urush davom etar ekan, bundan foyda ko‘radigan tomon aniq», deb qo‘shimcha qildi u.
Harbiy ekspert Yuriy Fyodorovning so‘zlariga ko‘ra, agar Qrim ko‘prigidagi portlash Ukraina xavfsizlik xizmati yoki harbiy razvedkasi ishi bo‘lgan deb taxmin qilinsa, demak Ukraina Rossiya hududida yetarlicha keng va samarali razvedka tarmog‘iga ega.
Ukraina agar shunday imkoniyatga ega bo‘lsa, nega ommaviy zarbalar bermayapti?
Ukraina hukumati 1991 yil holatiga o‘z tarkibida bo‘lgan Qrimga va boshqa hududlarga o‘zi bergan zarbalarni qonuniy deb hisoblaydi, deb eslatadi Yuriy Fyodorov.
«Bosib olingan yoki annexia qilingan hududlar qonuniy nishon hisoblanadi, bu hududlardagi obektlar Ukraina qurolli kuchlari tomonidan beriladigan zarbalar uchun qonuniy nishon hisoblanadi. Va buni Ukrainaning Yevropadagi ittifoqchilari tan oladi va umuman olganda, Rossiyadan boshqa hech kim e’tiroz bildirmaydi», deydi Fyodorov.
Ko‘rinishidan, Qo‘shma Shtatlar ham xuddi shunday pozitsiyaga ega. Qrim ko‘prigidagi portlashdan so‘ng, Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti mutaxassislari «Ukraina tomonidan Qrimdagi logistika obektlariga berilgan zarba yetkazib berilgan qurollardan foydalanish bo‘yicha G‘arb hamkorlari oldidagi majburiyatlarini buzmaydi. Chunki Qrim 2014 yilda Rossiya tomonidan ishg‘ol qilingan hudud hisoblanadi», deb ta’kidlashdi.
«Ukraina kuchlari Qrimdagi so‘nggi zarbalarda AQSh yetkazib bergan qurollardan foydalangani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q va ular buni qilgan bo‘lishi ehtimoldan yiroq, chunki nishonlar AQSh tomonidan taqdim etilgan tizimlarning foydalanish chegarasidan ancha uzoqda», deyiladi institut hisobotida.
Ittifoqchilar, xususan, qurol yetkazib beruvchi davlatlar fikri Ukraina uchun jiddiy siyosiy omil hisoblanadi. Ammo bu muayyan mamlakatga bog‘liq – bunday ittifoqchilar soni 30 dan ortiq.
Kiyevdan yangrayotgan ayrim bayonotlarni tinch shaharlarga berilgan zarbalar uchun Rossiyadan qasos olish istagi sifatida talqin etish mumkin.
«Zarbalaringiz bizda faqat g‘azab va nafrat uyg‘otadi! Qo‘rquv emas, sulh tuzish istagi ham emas. Bizda sizlarni, terrorchilarni, qayerda bo‘lsangiz ham, ko‘chalarda, bunkerlarda, quruqlikda yoki dengizda bo‘lsangiz ham yo‘q qilish istagini uyg‘otasiz», deb yozdi Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilov 10 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqda.
Ammo Ukrainada hamma ham Rossiya agressiyasiga simmetrik javob berishdan amaliy foyda ko‘rmaydi.
«Ukraina bunday hujumlarga (Rossiyaning raketa zarbalariga) javob qaytaradimi degan savol, menimcha, noto‘g‘ri. Agar shunday nuqtayi nazardan gapirsak, dushman jazolanishi kerakligi haqidagi rus paradigmasiga tushib qolamiz. Ukraina harbiy qo‘mondonligi qasos olish uchun qandaydir chora ko‘radi deb o‘ylamayman», deydi Kiyevdagi Razumkov markazining tashqi siyosat va xalqaro xavfsizlik dasturlari hamraisi Oleksiy Melnik.
Ukrainalik harbiy ekspert Mixaylo Jiroxov ham uning fikriga qo‘shiladi.
«Ukraina mudofaa urushini olib borayotgani sababli, Rossiya fuqarolik infratuzilmasiga zarbalar hech qanday harbiy ahamiyatga ega emas. Faqat harbiy infratuzilmaga zarba berish, jumladan, dronlarni boshqarish punktlariga, qo‘shinlar to‘plangan joylarga zarba berish ahamiyatli. Bundan tashqari, bunday zarbalar G‘arb ittifoqchilarimiz tomonidan qoralanishi va bu Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib berish yoki moliyaviy yordamni qisqartirishi yoki butunlay bekor qilishi mumkin. G‘arb jamiyati Ukrainani o‘z hududlarini Rossiya bosqinidan ozod qilish uchun kurashayotgan davlat sifatida qabul qiladi. Fuqarolik obektlarini yo‘q qilish esa – o‘z hududlarini ozod qilish uchun kurash emas», deydi u.
Anonimlikni so‘ragan rossiyalik harbiy ekspert fikriga ko‘ra, Ukrainaning qo‘poruvchilik-razvedka usullariga murojaat qilishi mamlakat obro‘siga putur yetkazishi mumkin.
«Menimcha, Ukraina bunday hujumlardan foydalanish orqali G‘arbda va boshqa mamlakatlarda o‘ziga nisbatan munosabatni sezilarli darajada yomonlashishi mumkinligini hisobga olishga majbur. Bu Rossiyaning ehtimoliy javobi xavfidan tashqari jiddiy cheklov», dedi u.
Shunga qaramay, tayyorgarlik choralariga qaraganda, Rossiya hukumati Ukraina bilan chegaradosh bo‘lmagan hududlar ham ma’lum zarbalardan aziyat chekishi mumkin bo‘lgan ssenariyni ham ko‘rib chiqmoqda.
Masalan, Qrim ko‘prigiga qilingan hujumlardan so‘ng, Rossiya hukumati Davlat dumasiga aholini hujum haqida ogohlantirish uchun yagona va doimiy ishlaydigan tizimni yaratish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etdi.
Tushuntirish xatida aytilishicha, «qonun loyihasi qabul qilinishi aholini harbiy mojarolardan kelib chiqadigan xavf-xatarlar to‘g‘risida xabardor qilishni ta’minlaydi».
«Vajnyye istorii» nashri Moskvadagi bir necha uylar yerto‘lasi bombapana joylarga aylantirilishi rejalashtirilgani haqida xabar berdi. Biroq, Rossiyada bombalardan saqlovchi boshpanalarni tayyorlash ishlari bahordayoq boshlangan.
Vladimir Putin 19 oktyabrda mintaqalarda, jumladan, Ukraina bilan chegaradosh bo‘lmagan hududlarda ham «to‘rt darajali cheklovlar»ni e’lon qildi. Bu esa Rossiya rasmiylarining Ukrainaning javob zarbalaridan cho‘chishini tasdiqlaydi.
AQSh Fletcher maktabi ilmiy xodimi Pavel Luzinning fikriga ko‘ra, Rossiyada, xususan, Belgorod oblastida portlashlar davom etishi mumkin: «Agar Rossiya eskalatsiyani davom ettirsa, Ukraina javob zarbasi hududini kengaytirish imkoniyatiga ega va bu imkoniyatlar oshib boradi».
Mavzuga oid
07:56
Pentagon Ukrainaga yordam uchun qolgan pul miqdorini e’lon qildi
21:13 / 12.11.2024
Sudjaliklar yana bir bor o‘z yaqinlari evakuatsiyasi uchun gumanitar yo‘lak so‘radi
20:43 / 12.11.2024
NATO bosh kotibi Ukrainadagi mojaro «trayektoriyasini» o‘zgartirishga chaqirdi
14:56 / 12.11.2024