Jahon | 02:36
413
2 daqiqa o‘qiladi

Dronlar Chechenistondagi «Grozniy-Siti» kompleksiga hujum qildi

Binolardan birida yong‘in yuzaga kelgan.

Foto: Videodan kadr

Ukrainlar droni 5 dekabr tongida Checheniston poytaxtidagi «Grozniy-Siti» kompleksi minoralaridan biriga hujum qilgan. Bu haqda birinchi bo‘lim chechen muxolifatining NYISO telegram-kanali xabar tarqatdi, keyinroq bu ma’lumotni RT davlat kanalining huquq-tartibot organlaridagi manbasi tasdiqladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan foto va videolarga ko‘ra, zarba binoning taxminan 28 qavatiga to‘g‘ri kelgan. Portlash to‘lqini bir necha qavatlar fasadini vayron qilgan, binoda yong‘in boshlangan.

Rasmiylar hodisa yuzasidan izoh bermadi. Jabrlanganlar haqida ham ma’lumot yo‘q.

Zarbaga uchragan osmono‘par binoda Checheniston xavfsizlik xizmati, hududiy turizm vazirligi, Adliya vazirligi, Hisob palatasi hamda «Yedinaya Rossiya» partiyasining saylov komissiyasi va qabulxonasi joylashgan.

«Grozniy-Siti»ga zarba oqibatlari

Shuningdek, ushbu binodan bir necha o‘n metr masofada Federal xavfsizlik xizmatining hududiy boshqarmasi ofisi bor. Ukrainadagi monitoring kanallar aynan shu boshqarma dron nishoni bo‘lganini, ammo u radioelektron kurash vositalari ta’sirida nishondan og‘ib ketganini taxmin qilishgan.

«Grozniy-siti» kompleksi 2011 yilda ochilgan. Hozirda u jami yettita osmono‘par binodan iborat. Oktyabr oyida kompleks 500 rubllik yangi banknot uchun ramz tanlash masalasida yuzaga kelgan mojaro markazida qolgandi. «Grozniy-Siti» Elbrus cho‘qqisi bilan birgalikda ovoz berish jarayonida yetakchilik qilgan, Checheniston rasmiylari kupyurada osmono‘par binolar kompleksi tasviri tushirilishi uchun qattiq uringandi. Yakunda Rossiya Markaziy banki katta miqdordagi soxtagarchiliklarni sabab qilib, ovoz berish jarayonini bekor qilgandi.

Mavzuga oid