O‘zbekiston | 12:06 / 21.07.2023
16949
6 daqiqa o‘qiladi

Yo‘lsiz yo‘lovchilar - trotuarni ham egallayotgan quruvchilar qachon standartlarga amal qiladi?

Shaharlarimiz ko‘chalari bo‘ylab piyodalar yo‘lagida harakatlanarkansiz, kutilmaganda peshonangiz yo‘lto‘sar devorlarga borib uriladi. Trotuarlar unga aloqasi bo‘lmagan yondosh hududdagi qurilish kompaniyalari tomonidan hech qanday izohsiz, uzr-ma’zursiz, bexijolat egallab olinadi. Hokimiyatga arz qilsangizgina yo‘lni ochib berishlari mumkin. Maxsus belgilangan standartlar esa faqat qog‘ozda. Kun.uz shunday o‘zboshimchalik holatlarini o‘rganib, surishtiruv o‘tkazdi.

Qurshab olingan trotuarlar sabab piyodalar o‘z yo‘llari qolib, ilojsizlikdan yo‘lning avtomobillar bilan to‘la qatnov qismiga chiqib yurishga majbur bo‘lmoqda.

Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Chilonzor ko‘chasidagi qurshab olingan trotuar
Toshkent shahri, Mirobod tumani, Sodiq Azimov ko‘chasidagi qurilish sabab changga botgan aholi punkti

Ular orasida keksalar, yosh bolali onalar ham bor. Bu yo‘llarda imkoniyati cheklangan va nogironlar qanday harakatlanishini esa o‘zingiz tasavvur qilavering. Shu o‘rinda mana shunday o‘zboshimcha qurilish kompaniyalari rahbarlariga bir savol: Siz o‘z yaqinlaringizni trotuarlari egallangan shunday hududlarda jonlarini xatarga qo‘yib harakatlanishlariga rozi bo‘larmidingiz?

Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Chilonzor ko‘chasining avtomobil qatnov qismida harakatlanayotgan piyodalar
Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Chilonzor ko‘chasining avtomobil qatnov qismida harakatlanayotgan piyodalar

Davom etamiz. Chilonzor tumanining birgina Chilonzor ko‘chasi. 1 km ham chiqmaydigan oraliqda 10ga yaqin qurilishlar sabab piyodalar o‘z yo‘laklaridan mahrum qilingan, hatto ko‘chada yo‘lning ikki tarafidagi trotuarlar ham birvarakayiga to‘sib olingan holat ham bor edi.

 Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Chilonzor ko‘chasidagi bekatda avtobus kutayotgan yo‘lovchilar
 Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Chilonzor ko‘chasining ikki tarafida ham piyodalar uchun yo‘l yo‘q edi

Izoh so‘rab Chilonzor tumani hokimligiga murojaat qilganimizda, hokimlik mutasaddilari 2-3 kun ichida yo‘lning yo‘lovchilar uchun ajratilgan qismi ochib berilishini ma’lum qildi va va’daga vafo qilinib, ayni paytda trotuarlar qurilish qurshovidan chiqarilmoqda. Bo‘lar ekan-ku?

Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Chilonzor ko‘chasidagi trotuarlarning bo‘shatilishi
Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Chilonzor ko‘chasidagi trotuarlarning bo‘shatilishi

Ammo bu o‘zboshimchaliklar faqat Chilonzorda va faqat shu ko‘chada bo‘lsagina qaniydi? Mamlakatning istalgan hududida bunday holatga duch kelishingiz mumkin.

Biz poytaxtning Shota Rustaveli va Qushbegi ko‘chalari kesishmasida joylashgan va trotuarni berkitib olgan yana bir qurilish kompaniyasi mas’ullari bilan gaplashdik, bu noqulayliklar sabab piyodalar hayotiga qanchalik xavf tug‘ilayotganini o‘zlariga ham tushuntirib, shunday lavhalarni ko‘rsatdik. Agar hamshaharlarga hozirdan shunchalik befarq munosabat bo‘ladigan bo‘lsa, bu kompaniyaga ham ishonch so‘nib, imijga ta’sir qilishi mumkinligini ham eslatdik.

Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Qushbegi ko‘chasida harakatlanayotgan piyodalar
Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Qushbegi ko‘chasida harakatlanayotgan piyodalar

Qurilish mas’ulining aytishicha, ular kadastr hujjatlarida chizib berilgan qizil chiziqlar bo‘ylab hududni o‘rashgan. Shuningdek, hatto kompaniya tomonidan Yakkasaroy tuman hokimligiga qurilish atrofini obodonlashtirish va trotuar tashkil qilishga ko‘maklashish bo‘yicha uch marta tashabbus bilan ham chiqilganini, lekin hokimlikdan bu borada yordam bo‘lmaganini keltirib o‘tishdi. Kuzatuvimiz asosida aytishimiz mumkinki, bu sansalorlik oqibatida mana yillarki, shu bino atrofida yurgan odamlar trotuarlarsiz qiynalib kelishmoqda.

 Navoiy viloyati, Navoiy shahrida trotuar ustiga qurib yuborilgan bino

Respublika bo‘ylab vaziyat shunchalik jiddiy tus olganki, yuqoridagi rasmda hatto quruvchilar trotuarlarga ham ko‘ndalang poydevor tashlab, binoni ham ko‘tarib bo‘lishgan. Qani endi bu vaziyatda qurilishni chetga ko‘chirib, piyodalar yo‘lagini ochib bera oladigan bir azamat topilsa. Mana sizlarga insonlarga, qonunlarga, me’yorlarga munosabat. Bu bino ko‘tarilguncha bu mavzu umuman ko‘tarilmagan. Natijada esa yo‘l yo‘q!

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mas’ullariga ko‘ra, qurilish obekti trotuarlardan maxsus himoya to‘siqlari bilan ajratilgan va piyodalar yo‘lagi ustida himoya yopmasi bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak. Qiziq-a, norma bo‘yicha trotuarlar maxsus himoyalangan bo‘lishi kerak, lekin aksariyat qurilishlar bunga amal qilmay, hatto odamlarning yo‘liga ham “ega” chiqishyapti. Me’yorlar esa faqat qog‘ozlarda qolib ketayotgandek…

Biz bugun bir nechta misollar orqali quruvchilar faoliyatiga oyna tutdik. Bunga kim mas’ul bo‘lsa, vaziyat haqida ogoh qildik. Zora qolganlar ham sergak tortishsa. Chunki o‘rganishlarimiz davom etadi va biz bu mavzuga yana qaytamiz.

Sardorbek Usmoniy

Mavzuga oid