O‘zbekiston | 17:45 / 13.06.2024
7874
4 daqiqa o‘qiladi

“Ma’lumotlar berilmagan” – Aksilkorrupsiya agentligi “GASN”ning korrupsiyaga qarshi reytingdagi qoniqarsiz o‘rni haqida

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi (xalq tilida “GASN”) 2023 yilda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha samaradorligi past tashkilotlardan biri bo‘lgan. Inspeksiya rahbari Kozim To‘laganov Aksilkorrupsiya agentligidan nima sababdan uning rahbarligidagi idoraga salbiy natija yozilgani haqidagi savoliga javob olmaganini aytgandi. Agentlik bunga javob qaytardi. 

Foto: RBK

12 iyun kuni Kun.uzʼda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023 yilning eng qoniqarsiz tashkilotlaridan biri bo‘lgani hamda inspeksiya rahbariyatining bunga izohi e’lon qilingandi

Inspeksiya boshlig‘i Kozim To‘laganov Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligdan uning rahbarligidagi idoraga nima sababdan bunday salbiy natija qayd etilgani haqidagi savolga javob ololmaganini aytgandi. Qurilish vazirligining yana bir vakili, Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sherzod Sodiqov esa Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi reytingni tuzish metodikasini taqdim etmaganini ma’lum qilgandi. 

Agentlik bunga rasmiy munosabat bildirib, inspeksiyaning bunday vaj keltirgani noo‘rin ekaniga ishora qildi. Ta’kidlanishicha, inspeksiyaning 2023 yildagi korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligi prezidentning tegishli qarorida belgilangan 5 ta yo‘nalish doirasida 29 ta indikatorga asosan e-anticor.uz maxsus elektron platformasi orqali baholangan. 

Uning natijalariga ko‘ra, platformaga bir qator ma’lumotlar joylashtirilmagani sababli inspeksiyaning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi samaradorligi 100 balldan 46 ball bilan “qoniqarsiz” deb qayd etilgan. 

“Jumladan, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va ularni kamaytirish bo‘yicha tadbirlarning amalga oshirilgani, Inspeksiya markaziy apparatida xodimlari tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiya to‘ldirilgani, aniqlangan manfaatlar to‘qnashuvi holatlari va uni tartibga solish bo‘yicha qabul qilingan choralar, ishga qabul qilinuvchi nomzodlar hamda kontragentlar ustidan o‘tkazilgan tekshiruvlar, xodimlarni korrupsiyaga qarshi o‘qitilganlik holatlari yuzasidan qarorda belgilangan ma’lumotlar taqdim qilinmagan. 

Bundan tashqari, inspeksiya rahbarining xodimlar va jamoatchilik uchun korrupsiyaga qarshi kurashishga oid murojaati mavjudligi, uning xodimlar e’tiboriga yetkazilgani, hay’at yig‘ilishlari va boshqa yig‘ilishlarda korrupsiyaga qarshi kurashish holatlarining ko‘rib chiqilgani hamda Inspeksiya rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari tomonidan OAV va tadbirlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chiqishlari bo‘yicha ma’lumotlar ham taqdim qilinmagan”, – deyiladi rasmiy xabarda. 

Ma’lum qilinishicha, platformaga kiritilgan ma’lumotlar dastlab agentlik mutaxassislari, keyinchalik korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligi reytingini baholashni mustaqil amalga oshiruvchi ekspertlar guruhi tomonidan baholab chiqilgan. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan e’tirozlar platforma orqali har bir davlat idorasiga yuborilgan. 

Xususan, inspeksiyaga bu borada tegishli aloqa xati yuborilgan. Bunga javoban esa inspeksiya baholash natijalari yuzasidan e’tirozlar mavjud emasligi va ko‘rsatib o‘tilgan xato hamda kamchiliklar kelgusi ish faoliyatida inobatga olinishi yuzasidan xat yuborgani ko‘rsatilgan.

Agentlik izoh so‘ngida korrupsiyaga qarshi kurashishdagi har bir davlat organi va tashkilotining sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlab, kelgusida ham uslubiy ko‘mak berishga tayyorligini qayd etgan.

Mavzuga oid